Katena,* bir kun kelib sizga ichimda borini to‘kib solaman, deb
ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim. Bundan meni nima to‘xtatib turgan, neni kutganman – ayni dam bu savolga javob topolmayapman. Balki ko‘nglingizni og‘ritishdan andisha qilgandirman; harholda, men Sizni tik qarashga majbur etmoqchi bo‘lganim – bir qizaloqni erta ulg‘aytirgan haqiqatlar... Katena, Siz endi yo‘qsiz. Avvallari qachondir kelib bu hayotda bo‘lmasligingiz mumkinligi haqida hech o‘ylamaganman. Bugun tong saharda yana qattiq baqirib uyg‘onib ketdim (bu kasallik Siz va ayamgagina ma’lum o‘sha falokatdan beri menga hamroh). Tushimni eslayolmayman, nega baqirganimni ham. Keyin esa doimgidek ertalabgacha mijja qoqmay chiqdim... Marhumlar bilan so‘zlashib bo‘lmas, ammo ularga istagancha gapirish mumkin. Ular – javob qaytarmaydigan tinglovchi. Ilgari aytmoqqa jur’at etmagan bo‘lsam, demak, ojiz bo‘lganman. Ojizlar esa borib-borib alamzadaga aylanadi. Ayni daqiqada qog‘oz qoralayotgan ekanman, bunga o‘sha – uyqusizlik kasalim sabab, maqsad esa ko‘ngildagi tugunni yechmoqdir. Maktubim sizga yetib borishiga javobi kelmasligiga ishonganim kabi ishonaman, katena! Bugun haqiqatni yozmoqchiman (axir, hammaning o‘z haqiqati bo‘ladi-ku!). Ko‘nglimdagilarni hech bo‘lmasa bir marta oq qog‘ozda oshkor etay. So‘zdan – his qilayotganlarimizni, o‘ylarimizni yashirish uchun foydalanamiz aslida. Biz, insonlar shunchalik xudparastmizki, hatto kimdir-birov kuzatib turmagan qog‘oz qarshisida ham qalbimiz darchasini oxirigacha ochmaymiz…
Katena, Siz meni o‘zingiz to‘g‘ri deb bilgan qolip ichida katta qildingiz. Ammo mening o‘y-xayollarimu fikrlarim qolipingizga sira-sira tushmadi. Xayriyatki, hayot o‘zi va boshqa Odam bolalari kabi meni ham ikkiyuzlamachilikka o‘rgatgan. Shu munofiqliklar ichida kamyob bo‘lgani – haqiqatni Sizga atadim. Katena, yaxshiyamki... o‘lgansiz. Aks holda, men Sizni yaxshi ko‘rishimni, yaxshi ko‘rgandayam qo‘rquv, mutelik bilan yaxshi ko‘rishimni anglab yetmasdim. Xuddi bandilikda tug‘ilgan qush o‘z qafasini sevgani kabi...Afsuski, odamlar bizni tark etgachgina hayotimizdagi o‘rni qay darajada muhim bo‘lganini anglaymiz. Katena, sizga maktubim yetib bormog‘i uchun uni yoqib yubormoqchiman. Bu dunyoda avval bor, so‘ng yo‘q bo‘lgan narsalarning hammasi u dunyoga yo‘l olishiga inonaman. Zero, bu hayotda ishonchu umiddan boshqa bisotim yo‘q. Mening ismimni siz qo‘ygansiz. Nega aynan shu ism – buni bilmayman. Hech so‘ramaganman. Va tug‘ilish guvohnomasiga dadamning emas, ayamning familiyasini yozdirganingiz sababini ham surishtirmaganman. Nega? Chunki Sizdan qo‘rqardim. Ha, katena, men Sizdan QO‘R-QAR-DIM! Buning ham boisini bilmayman. Balki, oilamizdagi hamma Sizdan qo‘rqqani yoki hurmat qilgani uchundir. Hamma nabiralaringiz bobomning nomini olgan, nega menga buni ravo
ko‘rmagansiz? Ehtimol, ayam bilan tez orada ketishimizni bilgandirsiz? Qaydam...
Ha, men esimni ota uyimda emas, ona tomondan bobomnikida tanidim. U yerda hamma menga mehribon edi, oilaning erkayu
arzandasi edim. Biroq doim dadamga ketgim kelardi. Kinolarda ko‘rganman: qizcha otasi tomon yuguradi, ota esa qizalog‘ini quchog‘iga olib, keyin osmonga otadi. “Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari yodimga tushadi”, deb yozgan edi bir adib. Men esa bolaligimni eslasam, Siz yodimga kelasiz. Olam haqidagi ilk tasavvurim qachon uyg‘onganini bilmayman, lekin eng birinchi eslaydiganim – Siz.
Esingizdami, och yashil, yengi kalta, maydaqaviq choponingiz bor edi. O‘shani mening ustimga yopib, oyog‘ingizda allalab uxlatardingiz. Oyoq uchida yostiq, ko‘rpacham – oyog‘ingiz, ko‘rpam – o‘sha chopon… bu mening ilk xotiram. Beshik emas, onamning ko‘kragi emas, uyi mizning yog‘och shifti emas, sizning oyoqda allalayotganingiz! Shu manzarani eslasam, qulog‘im ostida allangiz jaranglaydi: “Allooo, allooo,
alla, hey, Talqooon, talqooon, talqon tuy...” Bu so‘zlarning ma’nosini nabirangiz ancha keyin anglab yetdi, katena. Eslolmayman-u, ammo ayam aytgan edi: kichkinaligimda og‘zi yopilmaydigan qiz bo‘lgan ekanman. Jim bo‘lmaganim uchun “talqon tuy” degan ekansiz. Talqonni og‘ziga olgan odam jim bo‘larkan. Ammo hozir ham o‘shandayman, men og‘zimda talqon tuya olmay o‘tib ketsam kerak, katena!__
Ayam bilan dadamni ajrashib ketishdan men saqlab qolganman
o‘zingiz shunday degan edingiz. O‘sha voqealar kechagidek yodimda, lekin hozir yozgim yo‘q. Chunki yozish – u kunlarni qaytadan yashash, hammasini, o‘zingnikiga qo‘shib ayangning ham iztiroblarini his etish degani. Siz buni qayerdan ham bilardingiz?! Ayam – epsiz kelin, uning bundan-da katta “gunoh”i – o‘g‘lingiz uni sevgani edi. Siz o‘zingiz tanlagan oilalar bilan quda bo‘lib kelgansiz, hamma farzandingiz taqdiri shunday hal etilgan. Birgina dadam “muqaddas” an’anani buzmoqqa jur’at qilgan. Va butun hayoti davomida uning tovonini to‘lab yashadi. Nailoj, kemaga tushganning joni bir deganlaridek, bu badalni oilaviy, birga to‘ladik. Siz na ayamni va na meni xushladingiz. Hali tiliyam chiqmagan go‘dak – meni boshqa nabiralar qatorida ko‘rmasligingizni ich-ichimdan sezar edim. Ayamning boshidan ko‘p og‘ir kunlar o‘tganini sochlariga erta qo‘ngan qirovlar so‘ylab turadi. Siz o‘shanda kun kelib birovning eshigida sag‘ira bo‘lmasligim uchun onamni qaytarib kelishlariga ko‘ngansiz. Bu menga qilgan eng katta yaxshiligingiz bo‘lgandir, ehtimol. Esingizdami, katena, kichkinaligimdan televizor jinnisi edim. Bitta sizning dahlizli xonangizda televizor bo‘lardi. Men ertadan-kechgacha o‘sha oq-qora quti tagida yotardim. Bu Sizga yoqmasdi. Biron yoqqa ketsangiz, televizor “qulog‘i”ni berkitib ketardingiz.
Uyni ag‘dar-to‘ntar qilib bo‘lsa ham uni topardim. Siz buni payqamasdingiz. Kechalari kino ko‘rib uxlab qolsam, soat necha bo‘lishidan qat’i nazar, yelkangizga opichib, dadam-ayamning yotog‘i ostonasida qoldirardingiz. Ko‘zimni ochmasdim-u, ammo yuragingizning duk-dukini his etardim. Va qulog‘im ostida qolgan kavushingizning taq-tuqi... Kavush! Sizning kavushingiz ko‘p edi-a, katena? Qayerga borsangiz, mosini oyog‘ingizga ilardingiz. Men esa ularni kiyishni yaxshi ko‘rar, kavush sudrab katta bo‘lgan edim... (Ammo menga sizning kavushingiz tegmadi.) Ishonasizmi, tushlarimga kiradi kavushning bir me’yordagi taq-tuq ovozi. Taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq... Tizza bukmay qadam bosishingiz, gavdani tik tutishingiz, qo‘lingizni orqada chalmashtirib yurishlaringiz ko‘z oldimga keladi... Ooo, kimlar havas qilmasdi sizga! “Qarisam, Salomat momodek bo‘laman” deganlar ham bor edi. Men esa sizni yomon ko‘rardim... Hovlimizdagi anorzor esingizdami? Ta’rifi yetti mahallaga ketgan edi u anorlarning. Har turidan bor edi o‘ziyam. Suv emas,_anor sharbati ichib katta bo‘ldim desam ham bo‘ladi. Anorlarning eng sarasini omborxona shiftiga ilib chiqardik. Bu yumushni erinmay qilar edi yangalarim. Urilgan, “tirjaygan”, mayda – bir so‘z bilan aytganda, o‘zimiz yeydiganni yog‘och chorpoya ustida qoldirardik. Men hech qachon ularni yemasdim, katena! Benzindan bo‘shagan “bak”ni dumalatib kelib, ustiga chiqardim; ayri cho‘pda shiftdan anorlarning eng sarasini olib yerdim. Qo‘lim yetadigan joyda ham bor edi, lekin men bo‘yim yetmaydiganiga osilardim. Katena, siz buni bilmasdingiz, bilsangiz xivich bilan quvardingiz! Ammo men o‘sha kezlardayoq qiyin yo‘ldan yurishni ma’qul ko‘rgan ekanman. Bo‘ydan baland dorga osilish qo‘ndoqda tekkan ekan. Agar o‘shanda ko‘rib qolib, tayoqlaganingizda, balki bu odatimni tashlarmidim?.. Yangi yil bayramida butun oila xonangizda yig‘ilardik. Siz vafot etgan yilning bayram kechasida men bolaligim o‘tgan uyga kirib bordim. Boringizda bazo‘r kelgan meni yo‘g‘ingizda nimadir sudrab keldi, katena. Xonaga kirishga shoshmadim. Hovlini, tandirxonani, omborxona tomonlarni, chorpoyani, daraxtlarni tomosha qilib tashqarida qoldim. Havo sovuq, osmon qop-qora. Shunda bir manzara – avval sira bu haqida o‘ylamagan ekanman – e’tiborimni tortdi: ko‘mib qo‘yilgan anor daraxtlari qabrlarga o‘xsharkan, katena! Sizsiz hovli-joy qabristonga aylanarkan. Men esa… men esa Sizni yomon ko‘rardim! Bunga sabablar bor edi, albatta. Necha yoshda ekanim esimda yo‘q (Siz meni o‘zingiz bilan hech qayerga olib bormasdingiz, ammo nabirangiz ham o‘ziga yetgancha qaysar:ortingizdan qolmasdi), harqalay, tug‘ilgan kunim edi. Kuz. Oktyabr.
Havo ajoyib. Ota yurtingizda to‘y. Qarindosh-urug‘ mashinalarga o‘tirib to‘yxonaga otlandik. Men yo‘lni yaxshi ko‘raman. Qancha uzun bo‘lsa, qancha notanish bo‘lsa, shuncha soz. Sizlar bilan birga to‘yga ketayotganimdan shunchalar xursand edimki, buni tug‘ilgan kunimga Siz tomoningizdan berilgan sovg‘a deb qabul qildim. Mashinada yosh bolalardan men va ammamning qizi Rayhon bor edi, xolos. Hali yoqimli ifori ketmagan yangi “Damas”damiz. Ammam “Rayhon orqada o‘tirolmaydi, ko‘ngli aynishi mumkin”, deb qoldi. Men bayramona kayfiyatdan mast edim, “Mayli, mening o‘rnimga
o‘taqolsin, mening ko‘nglim aynimaydi”, dedim. Rayhon bilan o‘rin almashdik. Buni ammam tabiiy qabul qildi. Siz esa:
– Ha, endi sen ikki uy arasida enang bilan borovrib-kelovrib yo‘lga ko‘nikib ketgansan-da... – dedingiz.
* K a t a t a – bobo
Hamma sharaqlab kulib yubordi. Nazarimda, hatto mashina ham
mening ustimdan kulayotgandek bo‘ldi... Sizlar maza qilib kulardingiz, men esa yolg‘izligimdan, himoyasizligimdan, boshqalarga o‘xshamasligimdan, nabiralaringiz ichida faqat meni yomon ko‘rishingizu kamsitishingizdan xo‘rligim kelib yig‘lar edim... Katena, o‘shanda men bora-borguncha yig‘lab ketganman. Ammo buni hech kim, hatto o‘ta sinchkov bo‘lgan Siz ham sezmadingiz. Men ovoz chiqarmay, yurak-yuragimdan yig‘lardim... To‘y ham, tug‘ilgan kun ham, yuragimda olov bo‘lib yongan bayramona kayfiyat ham uchdi-ketdi. Hatto oktyabrning maftunkor manzaralari endi ko‘zimga televizoringiz kabi oq-qora ko‘rinardi. Sizni shunchalar yomon ko‘rib ketdimki!..
Navoiy shahrida – o‘qishda edim. Zinadan yiqilib, yurolmay
qolganingizni eshitdim. Sakson besh yoshda o‘jarlik qilib, uzun zinadan o‘zingiz tushmoqchi bo‘libsiz. Siz doim hamma narsa mening nazoratimda bo‘ladi, deb yashab keldingiz. Holbuki, vaqt va keksalik mutlaqo bo‘ysunmaydi. Buni tan olmadingiz. Toki yiqilib tushguningizga qadar...
Sizni ko‘rgani bordim. Pastak eshikli, kichik dahlizli xonangizga bosh egib kirdim. Vassajuft shift pechkadan chiqqan tutundan qoraygan. Uy devorlari tutun izini yashirish uchun oqlangani bilinib turibdi. Kirarkanman, ko‘zim dastlab ro‘paradagi devorga didsizlarcha osib qo‘yilgan uchta rasmga tushdi. Ularning biri katatam* bo‘lsa, qolganlari Sizning ota-onangizning suratlari edi. (Ular hozir ham o‘sha joyda, faqat hozir ramkalar bog‘langan iplarga vaqt o‘z hukmini o‘tkazgan – ular asta-sekin chirib borayotir.)
Xona to‘rida ikki sandiq bor. Bolaligimizdan buyumlaringizga
qo‘l tekkizmaslikka o‘rganganmiz – qo‘rqarmidik... Ammo qo‘sh sandiq meni hamisha sirli tarzda o‘ziga tortib turgan. Bolaligimda ularning birini Zumradning, ikkinchisini esa Qimmatning sandig‘iga o‘xshatardim. Kalit buralsa, qopqalari yoqimli kuy chalib ochilardi. Ularning ichida nima bor, buni hech-hech bilmaganman. O‘sha kuni esa, ustiga ko‘rpa-ko‘rpacha yig‘ilganiga qaramay, sandiqlardan birining og‘zi qiya ochiq, chamamda, ichidagi narsalarning ko‘pligidan yopilmagan edi.
Karavotda yotgan ekansiz, eshikdan kirishim bilan ko‘zlaringizni qisib, menga uzoq tikildingiz. Salom berganimdan keyingina tanidingiz, yuzingiz quvonchdan porlab ketdi. Xira tortgan nigohlaringizda ham tabassum jilva qildi. Meni ko‘rganingiz-
__
* J i l o p – paypoq
dan xursand edingiz o‘shanda, katena! Har doimgidek uydagilar,
qo‘ni-qo‘shni, kursdoshlarimu ustozlarimgacha – hamma-hammani so‘radingiz. Xotirangizga havas qilsa arziydi: hech kimni, hech nimani yoddan chiqarmaysiz. Men bir oz pastroqqa, ko‘rpachaga o‘tirdim.
“Mana munda kel” deb yoningizga chaqirib, o‘zingiz o‘tirishga
urindingiz. Orqangizga eski, og‘ir paryostiq qo‘ydim. Ko‘rpacha chetini ko‘tarib ostidan nimanidir qidirayotganingizni ko‘rib:
– Nimeydi, katena? – deb so‘radim.
– Jilopimni* yechib shu yerlarga qo‘ygandim, qara, seni ko‘zing
ko‘ryaptimi? – dedingiz.
Bir-biriga kiydirib, koptokcha qilingan paypog‘ingizni topib,
kiydirmoqchi bo‘lsam, qo‘ymadingiz...
Ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgan edi. Keksalik belgilari ayon
bo‘la boshlaganini sezdim. Nazarimda, Siz o‘lim bilan yuzlashib, u haqda o‘ylay boshlaganingizdan so‘nggina qarilik o‘z hukmini o‘tkazishga tushgan. Hol-ahvol so‘radim, Siz esa doimgi tabassum bilan “Yaxshiman, mana, Xudo deb o‘tiribman”, deya javob berdingiz. Ko‘nglim bir oz joyiga tushdi, ammo ko‘zingizni yupqa, siyrak tumandek parda qoplaganini ko‘rib turardim. Cho‘kib qolgan edingiz. O‘sha kuni Siz bilan birinchi marta chin dildan suhbatlashayotganimdan o‘zgacha bir rohat, xotirjamlik tuyganman, katena! Orzumdagi mehribon, muloyim, samimiy, hazilkash buviga aylanib qolgandingiz. Ayol kishi uchun oila birinchi o‘rinda ekani, qolgan yumushlar, o‘qish, ish, karyera (bu so‘zni aytolmay meni rosa kuldirdingiz) – hammasi mavridi bilan bo‘laverishini uqtirdingiz. “Hayotim ayamnikidek bo‘lmasin deyman, shuning uchun turmushga chiqishga shoshmayman”, dedim. Ayricha munosabatingizdan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim shekilli, ko‘nglimdagini Sizga, umuman aytmasligim kerak bo‘lgan insonga aytib yubordim. Ikki kuchli ayol ziddiyatidan jabr ko‘rgan uchinchi ayol... buni Sizdan yashirishda hech bir ma’ni ko‘rmadim. O‘shanda ko‘zlaringiz boshqacha – huv avvallari menga tanbeh bergan kezlardagidek yondi.
– Enang yoshlik qilgan. Tezob edi. Men uni odam qilmoqchi bo‘ldim. Hammasi bekor, agar o‘zingda, qoningda bo‘lmasa... Lekin tomiringda bizning qon oqyapti. Sen ayangga o‘xshamaysan, bizlarga tortgansan. Eh-he, ota-bobong qanday boy, qanday o‘qimishli odamlar o‘tgan! Moziydan gap ochib boshingni shishirmoqchimasman. Lekin
bilishing kerak...
O‘sha kuni menga goh o‘zingizdan, goh boshqalardan eshitgan shonli o‘tmishimizni aytib berdingiz. Ammo negadir men ulardan faxr hissini tuymaganman. Harholda sizchalik.
– To‘yingni ko‘rgim kelyapti, – dedingiz allatavr mung bilan. Butkul boshqa mavzuda gapirayotgandingiz, bu gap ham, ohang ham menga g‘alati tuyuldi. Uy to‘ridagi sandiqlarga ishora qildingiz:
– Mening sepimdagi sandiq, ichidagilarni senga atab yiqqan-
man. Qara, ana, og‘zi ham yopilmay qoldi. Bu seni sotadigan payt keldi degani!
Yoyilib kuldingiz. Shunday dildan suhbat qurishimizni qanchalik orzu qilganman, katena!
Odam odamga berishi kerak bo‘lgan eng oson, eng arzon ne’mat –mehrni nega buncha kech topdim Sizdan? Nega buncha erta yo‘qotdim? O‘sha suhbat meni qattiq larzaga soldi. Daf’atan Siz ham omonat bo‘lib qolganingiz, oldingi ginalarni unutib, yoningizga tez-tez kelib turishim kerakligini his etdim. O‘sha lahzada menga yana bir narsa ayon bo‘ldi: nimaiki xayolimga kelsa, u hayotimga ham kirib keladi!
Omonat ekan, katena, hamma narsa omonat ekan!
Omonatim! Rosti, shu gaplarni o‘ylayotganda, roppa-rosa bir haftadan so‘ng – juma kuni ertalab joningiz uzilishi xayolimning
ko‘chasidan ham o‘tmagan. Hammamiz g‘amga botdik. Hatto qora sandiqni ham qayg‘uning qora harir pardasi o‘ragandek edi. U yarim ochiq og‘zi bilan girya aytardi go‘yo. Unsiz yig‘lardim. Azada aytib-aytib yig‘lamoq rasm ekan, men – ko‘zyoshlarini ichiga oqizib, jim yashagan qiz esa unday qilolmadim...
O‘limni ko‘p o‘ylayman... Biz albatta yuzma-yuz ko‘rishamiz. Sizga oldin aytolmagan, maktubimga ham sig‘magan bir dunyo gaplarim bor, katena! Ungacha esa menga tuhfa etilgan hayotni munosib yashab o‘tishim kerak. Xuddi siz kabi!.
Izohlar