Oʻqishimni tamomlab uyga qaytayotgandim. Men oʻtirgan mashina toʻppa-toʻgʻri bozor ostonasiga kelib toʻxtadi. Haydovchi odamlar va koʻchadagi savdo rastalarini bahona qilib biroz masofa qolgan uyimgacha eltib qoʻyishdan bosh tortdi. Men shunisiga ham rahmat aytib, garchi norozi boʻlsam-da, u bilan yumshoq ohangda xayrlashdim. Har chorshanba kuni qishlogʻimizda bozor boʻlardi, men buni unutib ham qoʻygan ekanman. Dafʼatan bozor shovqini koʻp narsalarni eslatdi.
Odamlar orasidan hech kimni turtib yubormaslikka urinib oʻtib borarkanman, juda tanish, jarangdor, biroz asabiy ovozni eshitdim. Shundoq yonginamga oʻgirildim: tovush egasi traktor tirkamasi ustida qovun-tarvuz sotayotgan, oddiy kiyingan, yuzini oq roʻmol bilan toʻsgan, chaqqon harakatli bir qiz edi. Men joyimda qoqqan qoziqdek tik qotdim. Nahotki u?! Oʻz-oʻzimga savol bergancha uning koʻzlariga tikildim. U oʻz ishiga butun oʻy-fikri bilan shoʻngʻib ketgan, oʻzini kuzatayotgan odamni payqamasdi. Tarvuz-qovunlarini jarangdor, shirali ovozi bilan baqirib maqtar, qoʻli-qoʻliga tegmasdan savdo qilardi… Oʻshami? Boʻlishi mumkin! Chunki otasining lalmikor katta yerlari bor edi, oʻzi ham bolaligidan bu erkak ishi, bu ayol ishi deb ajratib oʻtirmasdi. Har qanday sabablardan avval koʻnglim sezib turardi, bu – oʻsha qiz. Men uning ovozini hech qachon unutmaganman. Sepkilli, quyoshda qoraygan, shamolda kuzgi qovunlardek taram-taram boʻlib yorilib ketgan yuzlarini, qovjiragan maysalar singari sariq, patila sochlarini unutishim mumkindir, biroq uning ovozini unutolmayman. U bilan bogʻliq xotiralarim xuddi yoqimli tushga oʻxshaydi. Tongda nimani koʻrganingni aniq aytib berolmaysan, nimalar sodir boʻlganini eslolmaysan ham, lekin uning yoqimli hislari tanangni hali tark etmagan boʻladi. Men ham uni nimaga unutolmasligimni bilmayman, axir u bilan yaqin boʻlmaganmiz. Shunchaki, bolaligimni eslasam, dastavval uning ovozi yodimga tushadi… Yoz, saraton, uzumzor bogʻlar-u boquvdagi qoʻylarimiz va… u – Zarnigor koʻz oldimga keladi. Uning otasi bilan mening otam doʻst boʻlgan. Yerlarimiz bir joyda – chegarasini ikkala taraf ham bilmaydigan va aniqlash shart ham boʻlmagan darajada yaqin edik. Men unga nisbatan nimani his qilganimni aniq bilmayman. Hatto hozir – odamlar bilan gavjum bozorda uning qarshisida turib ham nimani his etayotganimni taʼriflab berolmayman. U men uchun sir edi. Sirliligi shunda ediki, kichik jussasiga mos boʻlmagan baland va joʻshqin ovozi bor edi. Shu bilan birga, bu ovoz men umrimda eshitgan eng yoqimli, jozibali, agar taʼrifim mos tushsa, allalaguvchi ovoz edi. Alla – uxlatadigan bir xil ohangdagi qoʻshiq. Insonning ilk qoʻshigʻi. Mening ilk qoshigʻimni Zarnigorgacha aʼlo darajada kuylab boʻlishgan edi. Zarnigor esa inja, hammadan yashirgan nafis hislarimni ilk bora allalab uygʻotgan edi. U juda chiroyli kuylardi. Aqlim hamon bovar qilmaydi: u singari musiqa maktabi nimaligini bilmay oʻtgan, ota-bobosi baxshi boʻlmagan choʻpon qizda bu qadar isteʼdod qayerdan paydo boʻldi ekan?! Men uning qoʻshiqlarini eshitish uchungina u qoʻy haydagan tomonga ortidan qoʻylarimni haydab ketaverardim. Uning kuylashiga xalal berib qoʻymaslikka urinib, koʻzga tashlanmaslikka tirishardim. Chunki u faqat odamlar yoʻq joyda, keng dala-dashtda kuylardi. Oʻsha paytda uning qoʻshiqlari sarkash shamollar, qoʻylarning baland-past ovozi bilan aralashib oʻzgacha bir hissiyot paydo qilardi va dunyoda shu ovozlardan boʻlak hech nima qolmasdi men uchun. Hozir ham qulogʻim uning ovozidan boʻlak hamma narsani rad etib turar, ammo endi uning zabonidan hayot, tirikchilik qoʻshiqlari boshqacha ohanglarda yangramoqda edi… U yerda qancha turib qolganimni bilmayman. Bir payt qarasam, Zarnigorning roʻparasida ekanman. Xaridorlar kamaygani bois endi u eʼtiborini menga qaratdi:
– Keling, aka, tarvuz beraymi yo qovun? Keling, kelishtirib, arzongina qilib beraman. Nechta olasiz oʻzi? – dedi u xaridorlarga takror va takror aytayotgan gapining bir soʻz-u ohangini oʻzgartirmasdan. U mendan ancha balandda edi, xuddi tomoshabinidan yuqorida turguvchi teatr aktrisalari yoki sanʼatkorlar kabi. “U sahnalarga qanchalik yarashgan boʻlardi-ya…” ‒ oʻylayman shu tobda. Axir uni odamlar eshitishganida edi, hozirgi uncha-muncha qoʻshiqchilarni tan olishmasdi. Mana, oʻzim qancha kuy-qoʻshiqlarni tingladim, “manaman” deganlarining jonli konsyertlarida ham boʻldim, axir meni hech biri lol qoldirolmadi-ku… Axir men Zarnigor aytgan asl qoʻshiqlarni tinglagan kamsonli odamlardan biri edim. Zarnigor endi menga eʼtibor bermay oʻz ishida davom etardi. Men esa uning harakatlarini kuzatib, odamlar bilan tarvuz narxi ustida ming soʻm uchun talashayotganini eshitib, aytgan narxiga sotolsa, quvonib ketishini, xaridor soʻragan narxga koʻnsa, qandaydir gʻamgin tortib qolishini koʻrib, xoʻrligim kelardi. U uchunmi yo istamagan sohasida majburlikdan oʻqiyotgan, isteʼdodsiz, behafsala, umrining eng gullagan davrlarini yelga sovurayotgan oʻzim uchunmidi bu xoʻrlik, bilmadim… Tarqoq xayollarimni qovun-tarvuzlariga xaridor chaqirayotgan Zarnigorning baland ovozi oʻziga keltirdi:
– Kelinglar, arrrzongina, shirringina tarvuzlargaaa!
Izohlar