Kutilmaganda uning qarshisida devor paydo boʻldi.
Devorning gʻishtlari koʻchaga yotqizilganlari bilan bir xil, shuning uchun yoʻl boshidan koʻrinmasdi, goʻyo yoʻl tikka koʻtarilib, uning oldini toʻsib chiqqanday edi. Devor ancha baland, undan oshib, boshi berk koʻchaning narigi tarafiga oʻtib boʻlmasdi. U devorning mahobatidan hayratlanib, ogʻzi ochilgancha ancha payt joyida turib qoldi. Ortga qaytish haqida oʻyladi, ammo unday qilib boʻlmasdi. Chunki uzoq yoʻlni bosib oʻtib qoʻygan. Buning ustiga, koʻchaga aniq maqsad bilan kirgan, agar unga erisholmasdan ortga qaytib ketadigan boʻlsa, odamlar nima deyishi mumkin? Yoʻlning oxirigacha borishga kuchi yetmabdi demaydimi? Deydi! Yoʻq, shu devor ostida oʻlsa oʻladiki, ortga qaytib ketmaydi. Qatʼiy qaror qildi u. Keyin esa bundan bu yogʻiga nima qilish haqida oʻylay boshladi. Bir kun oʻyladi, bir hafta oʻyladi, ehtimol, bir oylar chamasi vaqtini oʻylab sovurgandir. Buni aniq aytib boʻlmasdi, zero, u uchun biz oʻlchaydigan vaqt tushunchasi oʻz maʼnisini yoʻqotib, cheksizlikka singib ketgan edi. Endi vaqt haqida oʻylashning hojati yoʻq edi. Axir bir oʻzingga tegishli boʻlgan narsani hisoblashdan maʼni yoʻq-ku! U kimdir shu koʻchaga kirishini, ulkan devor ostida yolgʻiz oʻzi oʻtirganini koʻrib, yupatishini, quchoqlab, koʻzyoshlarini artishini, qoʻrquvlarini gapirib berganda, tinglashini istadi. Oʻsha kimnidir uzoq kutdi. Ammo hech kim kelmadi. U oʻylash, siqilish, kutish bilan birga oʻziga ermak ham topdi. Kichkina bir choʻpni olib, devor gʻishtlari orasini chuqulay boshladi. Biroz vaqt oʻtgach gʻishtlarning orasidan bir uyum tuproq toʻkilib tushdi.
U tushundiki, gʻishtlar orasi moʻrt, buzishning iloji bor. U choʻpni kaftida mahkam siqqancha katta kuch, ishtiyoq bilan oʻz ishida davom etdi. Bir necha soatlik astoydil urinishlardan soʻng birinchi gʻishtni joyidan ajratib oldi. Uning oʻsha paytdagi holatini soʻz bilan ifodalab boʻlmasdi, telbaga oʻxshardi, changga belangan qoʻlida gʻishtni boshi uzra azot koʻtargancha qiyqirib kulardi. Atrofida uning ishiga qoyil qoladigan odam yoʻq, shunga qaramay, goʻyo olqish qabul qilayotganday vazmin tutardi oʻzini, ikki yoniga biroz egilib taʼzim ham qilardi. Bir payt eʼtirof etadigan odam yoʻqligi esiga tushib, shashti soʻndi, alam qildi, eyforiyasi tarqab ketib, ranjidi. Shunday birda umidsiz, birda xursand – quroq kayfiyatda devordan gʻishtlarni ajratib ola boshladi. Sekin-asta ikkinchisi, uchinchisi joyidan siljidi, soʻng ularni ham devordan sugʻurib oldi. U shu ish ustida oʻzidan mamnunlikni tuyar, ichki qoniqish his qilar edi. Devor oralaridan mitti, chiroyli gullar unib chiqqan, u devorni buzayotib gullarni tomiri bilan uzib oldi. Jarroh bemorining ichak-chovogʻini qornidan chiqarib, sinchiklab qaraganiga oʻxshab u ham tomirlarini diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Soʻng yoʻl chetiga ekib qoʻydi. Bir kuni yangi oʻtqazilgan gullarning joniga ora kirib yomgʻir yogʻdi. U yomgʻirga yuzini tutgancha devor ostida uzala tushib yotdi. Oʻsha paytda oʻzini juda baxtli his qildi. Yozning quyoshli kunlarida devor soyasida oʻtirar, soya surilgan sari, u ham soyaga qarab siljir, shunday jaziramada jon saqlardi. U fasllar almashayotganini havo harorati, devorda gullar, oʻtlar unishi, qurishiga, devor soyasining uzundan ingichkaga tomon qisqarib borishiga qarab belgilardi. Uning urinishlari devordan bir gʻishtning koʻchishiga olib keldi. Gʻishtning yerga tushgandagi ovozi jaranglab eshitildi, bu juda uzoq kutilgan tovush edi. Qalin devordan teshik ochilib, koʻchaning narigi tarafini koʻrish mumkin boʻldi. Uning butun vujudi koʻzga aylanib toʻrtburchak teshikdan qaradi. Narigi tomonda nima bor? Nima?! U tomonda devorning oʻzi yashayotgan tarafidagiga ayni bir xil koʻchani, osmonni, u yoqdan bu yoqqa tinmay oʻtayotgan mashinalar va odamlarni koʻrdi. Shu paytgacha nimalarni koʻrib, bilib yashagan boʻlsa, ulardan ayricha hech nimaga koʻzi tushmadi.
Avvaliga gʻishtlarni birin-ketin olib tashlashga, oʻzi sigʻadigan teshik ochishga pala-partish harakatlar bilan joni boricha urindi. Gʻishtlarni olib tashladi, koʻz oʻngida kichkina toʻrtburchak olam kengayib bordi. Endi narigi tarafni aniq-tiniq koʻrsa boʻlardi. Ana, koʻchaning ikki tarafida qad kergan baland binolar, huv ana koʻchaning oxiri, chiroqlari va ular osilib turgan ingichka ustunlar, hamma narsa – binolarning qurilish uslubi, odamlarning kiyinish uslubi, reklama bannerlarigacha bu taraf bilan aynan bir xil edi. Bularni koʻrib, boʻshashib, toʻxtab qoldi. Bir odam sigʻadigan teshik ochib boʻlingan, u esa bir koʻchaning narigi tarafiga, bir oʻzi kelgan tomonga qarab ikkilanib, oʻylanib qoldi. Oʻtmadi. Qoʻllarini boricha yoyib, hayotidagi eng muhim, qadrli narsaga aylanib qolgan devorga yopishdi, uni quchoqlamoqchi boʻldi. Quchogʻiga sigʻishi uchun qoʻli kaltalik qildi, devor esa kattalik. Va u devorning mahobatini ich-ichidan his qildi, negadir oʻsha lahza unga singib ketishni, bitta gʻishtga aylanib ichida abadiyga qolishni istadi. Xayolan erib loyga aylanayotganini, toʻrtburchak qolipga oqib tushayotganini, shu devorning bir parchasi boʻlib terilayotganini tasavvur qildi.
U koʻzini chirt yumib olgan, uni ochishdan, xayollari haqiqat bilan yuzlashganda chil-chil sinishidan qoʻrqdi. Oʻsha yerda, devor ichida hech qachon topmagani rohat-farogʻat, maqsad, maʼnini koʻrdi. Ammo buning mutlaqo iloji yoʻqligini aqlan bilib turardi ham. Devorga qattiq yopishganidan uning qingʻir-qiyshiq yuzasi yuzida iz qoldirgan, qizarib ketgan edi. Koʻzlarida yosh, devordan najot kutganday unga javdirab qarardi. U devorning boshqa tomoniga borib turdi. Xuddi joniga xavf solayotgan maxluqqa qaraganday oʻzi ochgan teshikka ham qoʻrquv, ham nafrat bilan tikildi. Tizzalarini quchoqlagancha oʻtirib olib, boshini ularning orasiga yashirdi. Uning butun aʼzoyi badani qaltirardi. Oʻsha teshikning mavjudligi miyasiga chidab boʻlmas ogʻriq berayotgan edi. U yerda tartibsiz dumalab yotgan gʻishtlardan qoʻliga ilashganlarini olib, “ogʻriqlarining markazi”ga otdi. Bu bilan yengil tortmasligini tushungach, gʻishtlarni oyoqlari bilan tepib-surib kelib, teshikni qayta yopib qoʻydi. Va boyagi joyiga qaytib oʻsha-oʻshanday oʻtirdi. Oʻtish yoʻli boʻlgan, oʻyilgan, pala-partish gʻisht terilgan sobiq teshikka qarashni istamasdi. Qancha paytgacha shu holatda oʻtirganini bilmaydi, boshini koʻtarganda koʻzlari jiqqa yosh edi. U oʻzini butkul yolgʻiz his etar, na taskini, na quvonchi, na bundan chiqib ketadigan yoʻli bor edi.
U oʻzi ishongan yoʻlning najot emasligini bilish dahshati bilan yolgʻiz qolgan edi. Eng achinarlisi, endi uning koʻngli oʻsha chiqish yoʻlini ham istamasdi. Bundan bu yogʻiga nima qilishga hayron edi. Yerda esa qadrdon ish quroli – choʻpi yotardi. Shunda u miyigʻida kulgancha choʻpni qoʻliga oldi va devorning oʻzi oʻtirgan tomonini kavlay boshladi.
Izohlar