Gulkeldi har kuni tong-sahar uygʻonadi va yelkasiga Bekasining eski koʻzasini qoʻyib uch koʻcha naridagi ariqqa suv keltirish uchun boradi. Aslida, bunchalik erta turib suv uchun borishga zarurat yoʻq. U uyqusizlikdan qiynalgani sababli oʻziga ovunchoq topishga urinardi. Tunda uyqu yoʻq, kunduzi esa bir lohaslik bosib kelaveradi. Buning ustiga, Bekasi uxlashi uchun toʻshak deb bergan qamish toʻshamchiga sira ham koʻnikolmasdi, uning ustida uxlolmas, undan koʻra bir qadam yaqindagi dengiz sohilida, qumloqda uxlashni afzal bilardi. Qoʻshnilarning iti endi unga hurmas, u oʻtayotganda yotgan joyidan bir bosh koʻtarib qarab qoʻyishardi va “Endi oʻzimiznikisan” degandek yana uxlayverishardi. Hatto itlar tunda bu goʻzal, tinch, sohil boʻyidagi qishloqda uxlashardi, Gulkeldi esa hech qayerga sigʻmasdi. U tunda bedor yurishga oʻrgangan, har kech ichidan bir nima vulqon kabi toshib kelar, uning otashidan oʻzini qayerga qoʻyishni bilmay qolardi. Qishloq yonidagi tepalik toshlariga sakrab-sakrab chiqqisi, ichidagi vulqon otilib chiqib ketguncha baqirgisi kelardi…
Hozir ham shu bezovtalik bilan qoʻshnisining kattagina, yerrang iti yonidan oʻtib borardi. U itga mehr bilan qarab turdi va yerga tizzalab choʻkib uning boshini, quloqlarini siladi. Gulkeldi bu notanish qishloq sohilida koʻz ochganda tepasida shu itni koʻrgandi. It tili bilan uning loy yuzini, koʻziga toʻlgan qumni yalab artib tashladi. Tanasi muzlay boshlagan qiz issiqlikni sezib oʻziga keldi. U shu sohilda ikkinchi bor dunyoga keldi va koʻz ochib shu itni koʻrdi. It uning tirikligini bilgach, vovullab odamlarni chaqirdi. Shu yaqin atrofda yashaydigan Beka esa darrov yetib keldi. Kunlardan birida Sohil qishloqda begona bir qiz shunday paydo boʻlgandi.
U oʻsha kungacha boʻlgan hech nimani eslolmas, hatto ismini ham bilmasdi. Beka uning boshqalardan koʻra goʻzalroq, oqroq, nozikroqligini koʻrib oʻziga mos ism qoʻydi – Gulkeldi. Oʻshandan buyon qiz shu ism bilan Bekasining uyida yashab kelar, uy ishlarida yordam berar, qamishdan sholchalar toʻqirdi. Bekasining eri baliqchi edi, u tutib kelgan baliqlarni tozalashda ham yordam berar, umuman, Gulkeldining qoʻli bunday ishlarga ancha kelishib qolgandi. Ammo u boʻsh qoldi deguncha kunbotar tarafga qarab, sohil boʻyida xomush oʻy surib oʻtiraverardi-oʻtiraverardi. Chamasi, suv oqizib kelgan tomonlarga tikilib oʻtmishni, kimligini eslashga urinardi. Biroq bari befoyda edi. U hech nimani eslolmasdi. Gulkeldi keltiradigan tonggi buloq suviga yangi uzilgan gullarning barglari solinar va uning ustiga kattaligi odamning boshidek keladigan mevani qoʻyib oilaviy ibodat qilishardi. Baʼzan bu meva oʻrniga boshqa mevadan foydalanishar, qishloq odamlari oʻzi xohlagan yoʻsinda ibodat qilishardi. Gulkeldi bir qariyaning yerga choʻp suqib unga qarab duo oʻqigani, ibodat qilganiga ham guvohi boʻlgandi. Ular uchun Xudo va Odam oʻrtasidagi moddiy vositalar, udumlar muhim sanalmas, ammo oʻqiydigan duolari bir xil edi. Bu yerda uy Bekasi ovoz chiqarib duo oʻqir, qolganlar bosh chayqab uni takrorlashardi. Har tong shunday qilinar, baʼzan baliqchi dengizga uzoq muddatga ketadigan boʻlsa, xuddi shu tartibdagi ibodat kunning istalgan paytida oʻtkazilardi. Tonggi ibodatdan soʻng Beka Gulkeldiga tabassum bilan: “Bugun qishloqda katta bayram boʻladi. Bu yigʻin biz uchun juda muhim, sevimli. Iltimos, tayyorgarlik koʻr”, ‒ dedi.
Bu bayram yilda bir marta oʻtkaziladigan “Hosil bayrami” edi. Beka oʻzining faqat bayramga kiyiladigan, qolgan vaqt avaylab savatga solinib uyning tepasiga ilib qoʻyiladigan koʻylaklaridan birini Gulkeldiga berdi. Uning sochlarini oʻzi tarab, maxsus yogʻ surdi. Boshiga gulchambar taqdi. Gulkeldi juda maftunkor edi, boshqalardan farq qilmaydigan kiyimda, soch turmagida boʻlsa ham, u mahalliy ayollardan ajralib, koʻzga tashlanib turardi. Oʻsha kuni hamma faqat bayramga tayyorgarlik koʻrdi. Qishloq oʻrtasidagi maxsus maydonga katta gulxan yoqishdi. Uning olovi butun orolni yoritib turar, hammani oʻziga chorlardi. Haqiqatan ham butun qishloq shu gulxan atrofiga yigʻilgan edi. Qishloq Oqsoqolining buyrugʻi bilan eng yuqoridan joy olgan bir guruh rango-rang kiyingan, sochlariga turli rangdagi qush patlarini taqib olgan erkaklar qoʻlidagi gʻalati koʻrinishdagi katta-kichik musiqa sozlari bilan kuy boshlashdi. Avval baland ovozda, hammaning eʼtiborini torta olgach esa maʼlum bir ritmga solingan, shoʻx kuylarni chalishdi. Kuyga mos odamlar bir doiraga zanjirdek tizilib, raqs tusha boshlashdi. Bularning hammasini hayrat bilan kuzatib turgan Gulkeldi nimalarnidir eslagandek boʻldi. Bekasining yonidan turib davra oʻrtasiga kirdi, gulxan atrofini bir aylanib chiqdi va qoʻllarini sekin osmonga koʻtardi. Buni u gʻayriixtiyoriy tarzda bajarar, oʻzini kuy ixtiyoriga topshirib qoʻygandi. Gulkeldi gulxan yonida juda chiroyli raqsga tushdi, olov yorugʻida uning raqs tushayotgan soyasi ilondek toʻlgʻanib, eshilib akslanardi. Uning va gurullab yonayotgan olovning soyasi oʻzaro chirmashib ketgandi. Goʻyo Gulkeldining raqsi olovni ham maftun etgandek, uning yanada aniqroq koʻrinishi uchun gurullab yonayotgandek. Gulkeldi hech kimga maʼlum boʻlmagan nafis raqsi bilan hammani maftun etgandi. Oʻsha tunda to gulxan oʻchguniga qadar raqs tushildi, qoʻshiq aytildi, yeyildi, ichildi, oʻyin-kulgi qilindi, ammo hammasidan ham yoddan chiqmas boʻlib Gulkeldining raqsi bayramga koʻrk berdi.
– Sen kelgan joylarda shunday raqs tushishadimi? – dedi Beka u bilan uyga qaytisharkan.
– Bilmayman. Hech nimani eslolmayapman, biroq kuy meni biladigandek, taniydigandek.
– Nimalar deyapsan, Gulkeldi? Kuy qanday qilib seni tanisin, axir uning joni yoʻq, u odam emas.
– Men uni eshitdim. U meni chaqirdi, oʻrnimdan turishga, unga boʻysunishga majbur etdi. Men faqat unga oʻzimni topshirdim, xolos. Men uni bilaman, Bekam, u menga tanish. Raqs tushayotib his etdim, men oʻynashim kerak ekan.
Beka uning soʻzlaridan hayron qolgan boʻlsa ham, indamadi, shu bilan sekin-asta xotirasi qaytishidan umid qildi.
Gulkeldi oʻsha kundan boshlab tunda, hamma uxlaganda, sohil boʻyidagi harsang tosh ustiga chiqib, dengiz shovqinini kuy deb tasavvur etib, raqs tushadigan boʻldi. Shunday kezlarda bu goʻzallikning tomoshabinlari osmondagi oy va yerrang it boʻlardi. Gulkeldi raqs tushayotib oʻzini juda baxtli his etar, bu uzuq-yuluq voqealarni eslashiga yordam berardi. U goʻyo olov osmonga oʻrlagani kabi qoʻllari, tanasi bilan nafis raqs tushar, unda suyakdek harakatlarni cheklaydigan narsa yoʻqdek edi. U qalban his etardiki, raqs uning yagona najoti edi.
Gulkeldi nimalarnidir eslay boshladi: musiqachilar, har xil kuylar, uzoq raqs tushgani, tanasi charchab, tovonlari shilinib ketgani, orqasini oʻynatolmagani uchun kafti taxtadek qattiq bir ayolning qator-qator bilaguzuk taqilgan qoʻllaridan kaltak yegani, yigʻlagani, yigʻlasa ham, raqs tushishga majburlangani… U raqs tushishni oʻrgangan toshmaydon baland-baland devorlar bilan oʻralgan edi. Unga oʻxshagan raqs oʻrganayotgan yosh qizchalar maydonda koʻp edi. Qizchalar bir-birining tilini tushunmaslik darajasida begona yurtlardan yigʻilgan edilar. Gʻira-shira yodiga tushgani: tun, toʻkin dasturxonlar, yoqilgan shamlar koʻpligidan kunduzgidek yorugʻ katta saroy zali. Atrof erkaklar bilan toʻla, hammasi chiroyli kiyingan, oltin-u durlarga toʻla yaltiroq kiyimlar kiyishgan – hammadan tepada kimdir ularni tomosha qilib turardi. Kim edi u, qayer edi u joylar? Aslida, kimsan, Gulkeldi? Sen Gulkeldi boʻlgunga qadar kim eding, Gulkeldi? Shu kabi savollar bilan xuddi kichik qoshiqcha bilan yer kavlaganday miyasini agʻdar-toʻntar qilardi qiz. Shunday oʻtayotgan kunlarning birida Gulkeldi Bekasi bilan birga toʻqilgan toʻshamchilarini sotish uchun qayiqda bozorga bordi. Uning ochiq dengizga birinchi marta chiqishi edi, shuning uchunmi yo boshqa sababdanmi juda ham qoʻrqdi. Oʻzini yomon his etdi. Bozor odam bilan toʻla, u umrida bunchalik koʻp odamni koʻrmagan edi. Bir sotuvchining atrofini oʻnlab odamlar oʻrab olishgan, baqirib-chaqirib savdolashishar, u olomon ichida oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Bir burchakka borib oʻtirib oʻzini qoʻlga olishga urindi. Shunda oʻzidan sal narida bir ayol odamlarni chorlab taqinchoqlar sotayotganini koʻrdi. Gulkeldi uning yoniga borib narsalarini tomosha qildi.
– Kel, goʻzal qiz, nima beray? Menda senbop tumorlar, bilaguzuklar bor. Yo uzuk xohlaysanmi? – dedi shoshib-pishib narsasini sotish ilinjida.
Gulkeldi yaltirayotgan taqinchoqlarni birma-bir tomosha qildi. Qachonlardir oʻzida bu kabi narsalar koʻp boʻlganini esladi. Taqinchoqlar orasidan ayollar oyoqlariga taqadigan, yurganda jaranglab ovoz chiqaradigan qoʻngʻiroqchali zanjir uning eʼtiborini tortdi. Buni payqagan kampir taqinchoqni maqtay ketdi, qizning qulogʻi ostiga olib kelib jaranglatdi.
– Buning ovozini qara, shoʻx qizlarning kulgisiga oʻxshaydi! Uni oyoqchalaringga ilib koʻchalardan oʻtsang, qaramagan ham qaraydi.
– Ha, haqsiz. Juda ajoyib taqinchoq, ammo undan menda bor, rahmat, – dedi-yu sotuvchidan uzoqlashib ketdi. Sotuvchining hafsalasi pir boʻlib, shuncha gapi havoga oʻchganiga alam qilib qolaverdi.
Gulkeldi bozor koʻchalarida odamlarni turtib-surib oʻtib borar, tezroq ochiq joyga, kengliklarga chiqib olishni istar edi. Gulkeldining qulogʻi ostidan qoʻngʻiroqchalar jarangi ketmas, u shu jarang-jurung tovushlar bilan birga kimligini eslagandi. U raqqosa edi! Saroyda, yuzlab kanizaklar, sanogʻi yoʻq raqqosalar ichida eng suyukli hukmdorning raqqosasi edi. Har kech ziyofatlar, tonggacha davom etadigan raqslar, hukmdorning bir bor nazari oʻziga tushishini orzu qiluvchi ayollar ichida yashardi. Raqqosalarning oyogʻida oltin qoʻngʻiroqchali zanjir boʻlar, bu ularni saroydagi boshqa ayollardan alohida ajratib turuvchi belgi edi. Gulkeldi esini saroyda tanib, oʻlimini ham shu yerda kutib, taqdiriga tan berib yashab kelayotgan edi. Ammo bir kuni hammasini oʻzgartirib yuboradigan voqea sodir boʻldi. Hukmdor saroydan tashqaridagi ziyofatlarni sevardi, shunday ziyofatlardan birini ovga ulab yubordi. Oʻzi bilan eng sevimli xotinlarini va raqqosalardan uni tanlab olib ketdi. Hukmdorning va oddiy xizmatchilarning kemasi oldinma-ketin yoʻlga chiqdi. Tunda kutilmaganda boʻron quturib, kemalarni oʻz izmiga solib olib ketdi. Qolgani Gulkeldining esida yoʻq. U faqat tun qorongʻiligidagi dahshatli zarbni eslardi, xolos.
* * *
Gulkeldi mavhum oʻtmishini eslagach, bezovtaligi battar ortdi. Qani edi hammasini qaytadan unuta olsa! Biroq buning iloji yoʻq edi. Gulkeldi xotirasi tiklanganini birovga aytmadi, kunbotar tarafga tikilib oʻy surishni endi bas qildi. Vaqt oʻtib hammasi oʻz joyiga tushayotgandek edi. U qishloqqa, kundalik ishlariga ham koʻnikib qolgandi. Gulkeldi qishloqning urf-odatlarini yaxshiroq oʻrganib bu yerga, odamlariga mehr qoʻydi. Bolalarni yigʻib tillarda doston boʻlgan raqsini oʻrgata boshladi. U oʻz hayotidan mamnun tarzda yangitdan hayot boshlagan kunlarning birida tanish bayroqli kema sohilga yaqinlashib keldi. Gulkeldini qoʻrquv bosdi, bir xayolda qochib ketib yashirinishni ham oʻyladi. Chunki bu odamlardan unga yaxshilik kelishi dargumon edi. U xonasiga yashirinib tashqariga chiqmay, kutilmagan mehmonlarning ketishini kutib oʻtirdi. Lekin ular ketishmadi. Toʻppa-toʻgʻri Bekaning uyiga kirib kelishdi. Ularning boshligʻi Beka bilan tashqarida uzoq gaplashdi, uni ovozidan tanigan Gulkeldi xavotiri yoʻqolib oʻz xonasidan otilib uning qarshisiga chiqqanini ham bilmay qoldi. U bolalikdan birga oʻsgan doʻsti, hukmdorning sodiq qoʻriqchisi, asli qul boʻlgan jangchi yigit edi. Oʻsha kuni kemada u ham bor edi, demak, toʻfondan tirik qolgan yolgʻiz oʻzi emas ekan.
– Aida! Nahot bu sen?!
– Jangchim…
– Seni tirik koʻrib turganimdan shunchalar xursandmanki…
– Men ham. Juda ham… qayerda boʻlsang ham, tirik ekanliging qanday yaxshi!
– Seni koʻp izladik, saroy yulduzi! Endi hamma mashaqqatlaring, azoblaring tugadi. Seni olib ketaman.
– Qayerga?
– Saroyga.
– Yoʻq-yoʻq, jangchi, sen bilgan raqqosa qiz oʻlgan. Men bir baliqchining xizmatkori – Gulkeldi boʻlaman. Senga nima kerak? Bizda sen uchun zarur baliq, toʻr, qamish gilamlar bor, – dedi unga tikilgan koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkib qiz.
– Menga sendan boʻlak hech nima kerak emas, Aida!
– Kechirasan, mard jangchi, endi men qul emasman. Qayerga xohlasang olib ketolmaysan.
– Nimalar deyapsan? Sen qanday qilib qul boʻlarkansan? Axir sen saroyning koʻrki, hukmdorning suyukli raqqosasisan! Butun dunyo boyligi oyogʻi ostida boʻlgan goʻzalsan!
– Mard jangchi, qoʻy, yolgʻon ertak soʻzlama. Men endi u goʻzallikka, maishatga qul emasman. Ortga qaytishni, hammasini boshidan boshlashni istamayman. Shamolni qafasga qamab boʻlmaydi-ku, qullikdatiriklik boʻlar, ammo sen bilan men bir paytlar orzu qilgan baxt boʻlmaydi-ku!
– Aida!
– U oʻlgan mard jangchi, hamma uchun. Agar shubhang boʻlsa, qilichingni qoʻlga ol va chala qolgan ishni yakuniga yetkaz. Biroq mendan u zindonga qaytishni soʻrama, yolvoraman, unday qilma!
Jangchining qilich tutgan qoʻli birinchi marta qaltiradi, boshi yerga egildi, qalin lablarini qattiq tishladi.
Biroz oʻtgach Gulkeldi qiz uni sohil boʻyidagi xarsangtosh ustiga chiqib yerrang iti bilan birga kuzatib qoʻydi. Raqqosa Aida jangchisi uchun koʻylaklari shamolda uchgancha soʻngi raqsini ijro etdi. Undan koʻz uzmasdan, bagʻri tilka-pora boʻlib ketayotgan jangchi bilan bir umrga mana shunday tarzda xayrlashdi.
Izohlar