Kun yoyilib ketganiga qaramay, Nozima erta turish odatiga xilof tarzda shifoxonaning oʻzi uchun ajratilgan, derazasi kunchiqishga qaragan xonasida bir oʻzi yolgʻiz, tashqi dunyo bilan yolgʻiz bogʻlab turgan vosita – deraza tomonga yonboshlagancha koʻzlarini yumib yotardi. Uning xonasi keng, yorugʻ va barcha qulayliklari bor edi. Devorlari-yu butun jihozlari, pardalaridan tortib choyshablarigacha boʻlgan hamma narsasi moviy rangda edi. Bir qarashda u uxlayotgandek tasavvur uygʻotar, uzun qora sochlari parishon, tartibsiz yoyilgancha butun yostigʻini qoplagandi. Qoʻsh qanotlarining biri keng yotoqdan pastga tushib, polga tegay-tegay deb turar, ikkinchisi esa xuddi chopon tashlab qoʻyilganga oʻxshab uning ustini tizzasigacha yopib turardi. Nozimaga ajratilgan xona katta bir binoning yettinchi qavatida boʻlib, ayvondan butun atrofni tomosha qilish mumkin edi. Ammo Nozima bu ishni har kuni bir necha martalab bajargani uchun qizigʻi ham qolmagandi. Xonasidagi butun jihozlar uni zeriktirgan, faqat boʻyi barobar keladigan katta koʻzgugina uning yolgʻiz ovunchogʻi edi. U har kuni oʻzini koʻzguga solib qarab oʻtirar, baʼzan bu ish soatlab davom etardi. U muolajalar qanday ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini bilish uchun shunday qilardi. Otasining yelib-yugurishi bilan shifoxonaga keltirilganining dastlabki haftasi tuzalib ketish umidida oʻzida yoʻq xursand yashadi va shu kunlarda bu koʻzgu xonasida paydo boʻldi. Oradan yana ancha kunlar oʻtib, oʻzida hech qanday ijobiy oʻzgarishlarni koʻrmagach, umidlari shubha, gumon, ikkilanishlarga aylandi. Keyin zerikdi, soʻng hammasiga koʻnikdi. Ayni damda uning ruhida koʻnikishdan keyingi befarqlik hukmron edi. Jimgina yotgan Nozimaning qulogʻiga avvaliga yaqinlashib kelayotgan tanish qadam tovushlari, keyin xonasining doim qulf turadigan eshigining shiqirlab ochilgan eshitildi. U beixtiyor koʻzlarini ochdi.
– Xayrli tong, qizim, mening farishtacham, yaxshi dam oldingmi? ‒ dedi Nozimaga qarab turuvchi hamshira Munira opa.
Mehr bilan aytilgan bu soʻzlar Nozimaning ensasini qotirdi. U avvaliga bu ayolni yaxshi koʻrib qolgan boʻlsa, keyinchalik uning soʻzi va amali boshqa-boshqa ekanligini payqadi. Umuman, keyingi paytlarda Nozima avval unchalik eʼtibor bermagani – oʻzida ichki sezgilari bilan odamlarning oʻylarini bilib olish qobiliyati borligini sezdi. U odamlarning soʻzlarini tinglab, koʻzlariga diqqat bilan tikilib xayolidan nimalar kechayotganini, ayni paytda nimalarni oʻylayotganini bilib olayotgandi. Munira opaning Nozima bilan tengdosh qizi boʻlib, uni sogʻingan koʻnglini yupatish uchungina Nozimani qizim-qizim der, uni erkalagandek erkalardi. Chunki Munira opa ham boshqa shifokorlar kabi bu yerdan hech qayerga chiqmayotgandi. Ayni mana shu joyiga Nozima tushunolmay hayron boʻlardi. Munira opa shartnomadagi ish kuni tugashi bilan bu yerdan uchib ketishga shay turar, keyin qayerdadir Nozimani koʻrsa yo kimdandir eshitsa, bilib bilmaganga olib ketishi ham hech gap emasdi.
–Oʻzingni qanday his qilyapsan? – dedi Munira opa xushmuomalalik bilan katta bir daftarining yangi varogʻini ochib.
–Oʻzingiz-chi? – Nozima oʻrniga joylashib oʻtirib olarkan, sovuqqonlik bilan javob qaytardi.
–Iltimos, Nozima, bu tahlillar uchun zarur, beradigan barcha savollarimga toʻgʻri va aniq javob ber.
–Har kuni bir xil savollar, – dedi u hafsalasi pir boʻlib.
–Ammo javoblari har kuni oʻzgarishi mumkin.
Nozima indamasdan koʻzgu tomonga yuzini burdi.
–Savolni yana qaytaraymi?
–Yoʻq, shartmas. Bilasizmi, Munira opa, oʻzimni, – biroz oʻylanib qoldi Nozima. Soʻng oʻzi talab qilib xonasiga oʻrnattirgan oʻsha koʻzguga qarab gapini davom ettirdi, – oʻzimni xuddi oppoq, hashamdor, etaklari juda uzun toʻy koʻylagida botqoqqa qulagan kelindek his qilyapman. Avvaliga koʻylaging uchun iching achiydi, loy oʻz domiga tortavergach esa joning koʻzingga shirin tuyulib uni unutasan. Sevikli libosing esa seni botqoqqa qoʻshilib yer qaʼriga tortaveradi, tortaveradi…
Hamshira Nozimaning bunday gaplariga eʼtibor bermasdi, unga qayeridir ogʻriq berayotgani muhim edi. Ogʻriq tananing kasalliklarga birinchi isyoni derdi u. Shunday boʻlsa-da, Nozimaning injiqliklarini koʻtarishga harakat qilar, baʼzida haddidan oshsa, uni koyib ham turardi.
–Senga yana nima yoqmayapti, qizim?
“Yana qizim deysiz-a? Shu soʻzingiz onamni sogʻingan yuragimga xanjardek botishini bilsangiz edi”, ‒ xayolidan oʻtkazdi Nozima.
–Mana shu daftaringiz, savollaringiz gʻashimga tega boshladi, opa.
–Yaxshi. Unda daftarni olib qoʻyaman. Sen esa nimalar boʻlayotganini toʻgʻrisini aytasan, kelishdikmi? – murosaga kelishga urindi hamshira.
– Menga nima boʻlayotganini sizlar mendan koʻra yaxshiroq bilasizlar. Axir 24 soat nazorat ostidaman. Meni asabiylashtirayotgani ‒ sizlar berayotgan dorilar meni tuzatmayapti, aksincha, battar oʻsib boryapti bular, – Nozima kiyimining chap yelkasini jahl bilan tushirib tashladi. Uning oppoq nozik yelkasiga sochlari toʻkildi. U orqasini oʻgirib Munira opaga yelkalaridek oq, nozikkina qanotlarini koʻrsatdi. Qanotlar koʻkrak qafasi umurtqasining taxminan beshinchisidan oʻsib chiqqan boʻlib, ularni kesib tashlash Nozimaning hayoti uchun xavfli edi. Ammo u qanotlarini oʻzining bir tana aʼzosidek qabul qilolmayotgandi. Garchi ular issiq-sovuqni sezar, begona qoʻl u yoqda tursin, oʻzi beixtiyor tegib ketsa ham, darrov butun aʼzoyi badani boshqacha junjikib ketardi. His qilardi, sezardi, biroq boshqa tana aʼzolari kabi qabul qilolmasdi. Qanotlariga xuddi birovning erta-indin olib ketadigan omonatidek, bu meniki emas degandek qarardi. Shunday tong otib, kun botayotgan, qanotlar oʻsa boshlagan, otasining taʼbiri bilan aytganda, “kasallikka chalingan”ining oʻn uchinchi kunida uni shu yerga joylashtirishdi. Umuman, Nozimaga qayerda ekanligining farqi qolmagandi. Chunki hech qayerga chiqmay, toʻrt devor ichida yashayotgan kunlarida bu devorlar uyinikimi yo kasalxonanikimi farqi yoʻq edi…
– Bu yerga kelganimga bugun 28 kun toʻldi. Shu holga tushib qolganimga esa 40 kun. Bu nima degani, bilasizmi, opa? Men kun sanayapman. Mana shu palakat bilan yashayotgan, – qanotlariga ishora qildi u, – oilamdan uzoqda, zerikarli kunlarimni alam bilan sanayapman. Tuzalishga umid qilib kun sanayapman! – asabiylashib ketdi Nozima oʻzi xohlamagan bir tarzda.
Munira opa biroz naridagi stulni olib Nozimaning yotogʻiga yaqinroq surdi. Joylashib oʻtirib olib soʻradi:
– Kim senga kasalsan deb aytdi?
– Koʻrmayapsizmi? Bu shundoq koʻz oʻngingizda turibdi.
– Menga qara, qizim, istalgan butkul sogʻlomman deydigan odamni olib kelib tirnogʻidan sochining uchigacha tekshirsang – eng kamida ikkita kasallikni topasan. Eng kamida! Sendan esa bir oydan beri har kuni tekshirib bitta ham kasallik topa olishmayapti. Professor ham, boshqa shifokorlar ham hayron. Sen mutlaqo sogʻlomsan.
– Rostmi gaplaringiz? – hayratlanib, allaqanday umidlanib soʻradi Nozima.
– Albatta.
– Bu nimadan dalolat unda? – dedi Nozima orqasiga ishora qilib.
– Qanotchalaringni aytyapsanmi? – kulib qoʻydi Munira opa eh seni qara-yu degandek.
– Qizalogʻim, odamlarga oʻxshamaslik, hammadan boshqacha boʻlish kasalsan degani emas. Boshqalardan farq qilish, yoʻlini qilsang, ustunlik ham boʻlishi mumkin.
– Nimani nazarda tutyapsiz?
– Bu chiroying, kelishgan qomating, eng asosiysi, insoniyat tarixida hali koʻz koʻrib quloq eshitmagan mana bu haqiqiy qanotlaring bilan (garchi ular hech bir ish bajarmasa-da) butun dunyoni zabt etishing mumkin. Pulning oʻzi daryo-daryo boʻlib sening yoningga oqib kela boshlaydi. Sen esa unda qanotlaringni rostdan ham yelkan qilib suzib yurishing mumkin va yana…
– Menga bu narsalar kerak boʻlmasa-chi? – deb hamshiraning toʻlib-toshib aytayotgan gaplarini boʻldi Nozima.
– Hozir dunyo eʼtibor markazida boʻlishni istaydiganlarga toʻlib-toshgan. Ular buning uchun shunchalik ahmoqona telbaliklar qilishyaptiki, koʻrib beixtiyor astagʻfirulloh deysan.
– Muhimi ‒ Ollohning nazaridan qolmaslik, bandasiniki oʻtkinchi.
– Albatta, qizim, shunday.
– Opa, men nima gunoh qildimki, Xudoyim meni bunday jazoladi? Oxirgi paytlar ota-onamni koʻp ranjitdim, shungamikin-a? Koʻp yolgʻon gapirardim, boshqalarga qoʻshilib gʻiybat ham qilardim, dilozor edim, koʻcha-koʻyda tilanib yuruvchi beva-bechoralarga rahmim kelmasdi, aksincha, jirkanardim, na insoniyatga, na hayvonotga sira foydam tegmagan. Balki, shunga men jazolangandirman? – javdiragan koʻzlarini Munira opaga tikib, allaqanday oʻkinch bilan gapirdi Nozima.
– Qoʻy, qizim, unday dema. Hammamiz ham shundaymiz. Sanasam, aytsam, hozir qilayotgan har bir ishimiz gunoh, yurgan yoʻlimiz gunoh. Sen bunday bemaʼni narsalarni oʻylab boshingni qotirma. Boʻlayotgan har bitta ish behikmat emas. Mana, sen hech kimga foydam tegmagan deysan, axir sen sabab nechta professor-shifokorlar ilmiy ish boshlab olamshumul yangilik qilish arafasida turishibdi. Ular sen sabab butun dunyoga mashhur boʻlishadi axir. Sen Odam evolyutsiyasida yangi bosqichni boshlab berayotgan boʻlishing mumkin. Buning nima ekanligini tasavvur qilyapsanmi?
– Shoshmang, shoshmang! Qanaqa ilmiy ish, qanaqa olamshumul yangilik? Axir ular dadamga meni bu ahvolim haqida hech kimga aytmaslikka vaʼda berishgan edi-ku, – hayron-u lol boʻlib qoldi u.
Munira opa suhbat qizib ketganidan aytishi mumkin boʻlmagan gaplar ogʻzidan chiqib ketgani uchun labini tishlab qoldi.
– Demak, men sogʻlom boʻlsam, ular meni… shuncha kundan beri fanga hali nomaʼlum boʻlgan bu tezoʻsar qanotchalardan davolayapmiz deb aldab, ilmiy ishi uchun tajriba quyonchasidek qamab oʻtirishgan ekan-da? – koʻzlaridan oʻt chaqnab Munira opaga tikildi Nozima.
– Yoʻq-yoʻq, qizim, unday emas. Sen notoʻgʻri tushunding.
“Yoʻq, endi hammasini tushundim, hammangizni endi tushundim. Meni bu yerda butun dunyodan uzib, ota-onam bilan ham uchrashtirmay, mahbusdek tutib turishning boisi meni birinchi boʻlib kashf qilish ekan. Aniqrogʻi, na odam, na qush boʻlgan arosatdagi mavjudotni olamga “Odam evolyutsiyasining yangi bosqichini boshlab beryapti” deb jar solib oʻziga obroʻ, menga esa mashhurlik deb atayotganlari – sharmandalik keltirishmoqchi! Siz aytgan “mashhurlik” menga kerakmasligini koshki tushuna olsangizlar edi. Men el qatori yashashni istayman. Birov bilib, bilmay, birov tanib-tanimay. Tushunasizmi shuni, oddiy odamdek yashashni istayman!” Munira opa jon kuydirib nimalarnidir tushuntirishga urinar, Nozimaning quloqlari ortiq hech narsani eshitmayotgandi. Toʻgʻrirogʻi, ortiq yolgʻonlarni tinglashni istamasdi. Munira opa Nozimaning indamay qolganini oʻzicha tushunib, har kungi dorilarini berdi. Nozima hech bir qarshiliksiz ularni ichdi. Bundan hamshiraning koʻngli joyiga tushib, xavotirlarini oʻrinsiz deb topib xonadan chiqib ketdi. Nozima anchagacha bundan keyin nima qilishni oʻylab boshi qotib oʻtirdi. Derazaning moviy pardalari yengil shamolda oʻynar, nimasi bilandir u Nozimani oʻziga tortardi. U deraza yoniga yaqinlashdi. Pardalarning shamol bilan “raqs tushishi”ga koʻzlarini yumib yuzini tutib berdi. Tashqaridan u juda xotirjam koʻrinsa-da, qimtilgan labidan, yumuq koʻzlarining pir-pir uchishidan, chuqur-chuqur nafas olishidan ichida boʻron quturayotganini sezish mumkin edi. Biroz shu holicha turgach, derazani yopib qoʻyib, oʻz “qafas”iga yana bir bor koʻz yugurtirdi. Hamma narsa meʼdaga tegmaydigan moviy rangda! “Jin ursin bu rangni”, – birinchi marta oʻzining sevimli rangiga nisbatan nafrat bilan qaradi u.
– Shu paytgacha yolgʻonni sevib, ardoqlab kelgan ekanman-ku. Suvni moviy rangda ifodalaysan. Qoʻlingga olib qarasang, unda bu rangdan asar ham yoʻq. Osmonni moviy deysan, aslida esa u shunchaki rangsiz. Olis yoʻqliklar koʻzingga shunday koʻrinadi. Moviy togʻlar ham yoʻq, hammasi yolgʻon, soxta, aldamchi! Men shu xonada, shu paytgacha yolgʻon ichida yashab kelgan ekanman.
Nozima alamli oʻylar iskanjasida derazani qayta ochdi. Avvalda xonasi uchun zeb deb bilgani, ayni paytda koʻziga balodek koʻrinayotgan, “musaffo osmon imiji”ga hech qachon yopishmagan koʻzguni bor kuchi bilan koʻtardi-da, derazadan pastga tashlab yubordi. Yettinchi qavatga uning qarsillab yerga tushgani eshitildi. Birozdan soʻng uning xonasi nima boʻlayotganini tushunolmay qoʻrqib ketgan “mehribonlari” bilan toʻldi.
***
Nozima mingan, oynalari qoraytirilgan mashina oʻz uyining oldiga kelib toʻxtaganda vaqt tushlikka yaqinlashib qolgandi. U qafasdan qutulayotgan qushdek mashinadan tushishga shoshilayotgan bir paytda, ming bir vazifa olgan Munira opa uni toʻxtatdi va Nozimani davolayotgan, ayni paytda, uning ustida ilmiy ish olib borayotgan professorning gaplarini yana bir bor eslatmoqchi boʻldi.
– Munira opa, hammasi esimda. Aqlli qiz boʻlib uydan chiqmaslikka vaʼda beraman, – dedi u qatʼiy ishonch bilan.
Bir necha soat oldin sodir boʻlgan oʻsha koʻzguning sinishi voqeasidan soʻng uning ruhiy ahvolini yaxshi emas deb topgan shifokorlar bir kechaga uyiga borishiga ruxsat berishdi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa Nozimaning koʻnglida tugʻilgan shubhalarni yoʻqqa chiqarish va sodir boʻlishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish edi. Nozima koʻchada odam yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, yopinchigʻini ustiga tashlab uyiga kirib keldi. Ularning darvozasi doimgidek qulflanmagan, dadasi ishda, uyda esa onasidan boshqa hech kim yoʻq edi. Bu kutilmagan tashrifdan Sharofat opa juda xursand boʻldi, xuddi uzoq kutgan aziz mehmoni kelgandek oʻtqazgani joy topolmay qoldi. Qizi uchun tikib, avaylab olib qoʻygan yangi koʻylagini koʻzkoʻzladi. Nozima avvalgidek kiyim-kechakka oʻch emasdi, u onasining istagi uchungina koʻylakni egniga ilib chiqdi. Sharofat opa tikuvchi boʻlib koʻpchilikka kiyim tikkan, qizi uchun ham shu jumladan. Ammo birinchi marta hozir Nozimaning egnidagidek etak va yenglari uzun, orqa yelkasi yoʻq koʻylak tikishi edi. Bu koʻylak Nozimaning hozirgi holatiga mos va unga juda ham yarashgandi. U shu turishida ertaklardagi farishtalarni eslatardi. Nozima koʻngli allanechuk boʻlib oʻzini onasining bagʻriga otdi. Bir soʻzsiz onasini quchib yigʻladi. Baʼzan qilmoqchi boʻlayotgan ishingning oxiri koʻngilsizlik bilan tugashini sezib tursang-da, oʻsha ishni katta tavakkal bilan qilasan. Azbaroyi qiziquvchanligingdan emas, notinch oʻylar ichidagi arosatdan qutulish uchun qilasan. Nozima ham biroz kech tushishini kutib, soʻng qalb amri bilan uydan chiqdi. Anchadan beri kelmagan joyi – bogʻga kirib keldi. Oʻziga yaxshi tanish va qadrli boʻlgan keksa oq teraklar ostidagi oʻtirgʻichda notinch oʻylarining sababchisi – Asqar uni besabrlik bilan kutib oʻtirardi. Nozima uni uzoqdan koʻrib tanidi, yuragi qattiq-qattiq ura boshladi. U yogʻiga borishni ham, bormaslikni ham bilmay toʻxtadi. “Meni koʻrib qay ahvolga tushadi? Qanday qabul qiladi? Qani unga qoʻngʻiroq qilganimdagi jasoratim, u birdan qayerga yoʻqoldi?” ‒ deb xayolidan oʻtkazdi u. Nozima ortga qaytmoqchi ham boʻldi, ammo kechikkandi. Asqar uni uzoqdan, yopinchigʻi-yu yoqaqalpoq kiyganiga qaramay, tanidi. Va ildam yurib unga yaqinlashib kela boshladi. Nozima shoshib qoldi. Yuragi battar bezovta ura ketdi. Miyasida esa faqat birgina savol charx urib aylanardi: “Meni koʻrib qay ahvolga tushadi?” Oʻz taxminidan oʻzi qoʻrqib ketardi shuni oʻylasa.
– Nozima! – oʻsha sogʻinib ketgan odamining ovozini eshitdi u.
– Asqar, – jilmayishga urinib koʻrdi Nozima ham.
– Qayerlarga ketding, Nozima? Shunchalik ham boʻladimi odam? – dedi Asqar unga yaqinlasharkan.
– Toʻxtang, – qatʼiy gapirdi Nozima – Menga… yaqin kelmang.
– Tinchlikmi oʻzi? Menga tushuntirib berasanmi? – hayron boʻlgancha turgan joyida qotdi Asqar.
– Ha, tushuntiraman. Men… kasal boʻlib qoldim!
– Buni eshitdim. Seni chet elga ketib davolanyapti deyishdi. Uyingga necha marta borib bir soʻz aytolmay qaytdim. Telefon qilaverib charchadim. Sendan qanchalar xavotir olganimni bilasanmi?
– Har qancha gina qilishga haqqingiz bor, – koʻzlarini yerga qadab gapirdi u.
– Nahot bir ogʻiz telefon qilish, “Yaxshiman” deb qoʻyishning iloji boʻlmagan boʻlsa? – kuyunib gapirardi Asqar.
– Mendan xavotir oldingizmi? – dedi Nozima koʻzlarini yerdan uzib Asqarga mehr bilan tikilarkan.
– Xavotir olish ham gapmi? Aqldan ozishimga sal qoldi.
– Asqar, esingizdami, bir paytlar menga: “Qoʻllarimdan tutsang bas, men ularni har qanday vaziyatda ham qoʻyib yubormayman”, ‒ degandingiz.
– Degandim, jonim, degandim. Sen bilan birga oʻsib, birga katta boʻldik. Hayotimizning qolgan qismini ham birga oʻtkazishga vaʼdalashganmiz. Har ne boʻlsa ham, men sendan voz kechmayman, Nozijon. U qanday kasallik boʻlsa ham, birga yengamiz, ishon, – Asqar bu gaplarni chin dildan, bir-bir qadam bosib yaqinlashib kelib aytdi. Va sekingina Nozimaning titroq qoʻllarini kaftiga olib ehtiyotlab oʻpdi. U hatto lablari bilan ham ozor yetkazib qoʻyishdan qoʻrqdi. Qoʻllarini yuziga surdi. Uning gaplari samimiy ekanligini sezib turgan Nozima qoʻllarini tortib olmadi, aksincha, mahkam tutdi va … yopinchigʻini yechib yubordi. Atrofga kech tushgan, bogʻning xira, koʻkish chiroqlari Nozimaning ortidan nur sochib turardi. Shuning uchun Asqar dastlab hech nimani payqamadi. Ammo keyin yerga tushgan qora yopinchiq ustiga nimadir tushib turganini va u sekin-sekin harakatlanayotganini koʻrdi. Nozima Asqardan koʻz uzmay qarab turdi va boyadan beri yashirishga urinayotgan qanotlarini qoqdi. Asqar hayratda edi. U koʻzlariga ishonmayotgandi.
– Asqar, bu men sizga aytolmagan “kasalligim”, – dedi u chuqur qaygʻu bilan.
Asqar beixtiyor qoʻllarini kuch bilan tortib oldi. U bu ishi bilan shunday boʻlishi mumkinligini kutgan, biroq ayni paytda kutmagan Nozimani siltab yuborgandi.
– B..bu b...boʻlishi mumkinmas. Hazillashyapsan-a men bilan, Nozima? – dedi ovozi qaltirab Asqar. Uning harakatlari Nozimaning koʻnglini chilparchin qildi. Javob kutib turgan Asqarga “Yoʻq” degandek bosh chayqadi va qanotlarini boricha yozdi. Asqar tirik murdani koʻrgandek orqaga tisarildi. Orqasiga ishonchsiz, paydar-pay qadam bosib Nozimadan uzoqlashdi.
– Boʻlishi mumkin emas, – derdi u hayrat-u qoʻrquvini ifodalashga boshqa soʻz topolmasdan.
Shunday tuygʻular boʻladi, soʻzlar ifodalashga ojiz. Yoki inson tuygʻulari zalvoridan uni tiliga chiqarishga irodasi yetmay qoladi. Bular sevgi, nafrat va yoki sogʻinch boʻlishi mumkin. Asqar ham ayni damda his qilayotganlarini tiliga chiqarolmayotgan boʻlsa-da, u hammasi haqida oʻylardi. Shuning oʻzi Nozima uchun yetarli boʻldi. Nozima avvaldan koʻp izohlarni diliga tugib kelgan, ammo Asqarning koʻzlarida koʻrgan sovuq ifoda va xayolidan oʻtkazganlaridan soʻng tilini tishladi. Keyin izzat-nafsi kabi yer boʻlgan yopinchigʻini tezda olib, oʻziga qoʻrquv, achinish, hatto jirkanish bilan qarayotgan yigitdan uzoqlashib qorongʻilikda koʻzdan yoʻqoldi. Asqar goʻyo sehrlangandek turgan joyida qotib turaverdi. Faqat Nozima uzoqlashib ketganidan soʻnggina oʻzidan boshqa hech kim eshitmaydigan, ojiz tovushda: “Nozimaaa”, ‒ deb chaqirdi. Oqshom choʻkkan koʻchalarni chiroqlar yoritib turar, qiz tez-tez qadam bosib ketib borardi-yu, qayergaligini oʻz ham bilmasdi. “Ehh, nimaga ham keldim, nimaga tinchgina shifoxonamda qolavermadim? Endi koʻngling taskin topdimi? Asqarning yuragini yorib, oʻz-oʻzingni sharmanda qilib nimaga erishding, Nozima? Nimaga, nimaga?!” Nozimaning ichi oʻt boʻlib yonar, dardi-dunyosi qop-qorongʻi edi uning. Asqar shu bugungi kungacha hayotining ajralmas bir boʻlagi edi. Usiz kelajagini, hayotini tasavvur qilolmasdi. Endi uni bir umrga yoʻqotdi. Ha, endi u yoʻq edi Nozima uchun. Ertaga u izlab kelsa ham, hech nimaga qaramay, hammasi avvalgidek qolishini aytsa ham, Nozima uni qabul qilolmasdi. Chunki u buni oʻzi istab emas, achinganidan qilardi. Nozima uchun esa bundan ortiq xoʻrlik yoʻq edi. Bu tanish koʻchalar uni oʻz uyiga olib kelganida, darvoza qarshisida biroz toʻxtadi. Koʻzyoshlarini tiyib turolmagani uchun uyga kirishga shoshilmadi. Lekin ichkaridan otasining qattiq-qattiq ovozi eshitilgach, xavotir olib ichkari kirdi.
– Kalta oʻylaysan-da doim. Men nima uchun oʻsha shifoxonaga qizingni joylashtirib keldim-a? Savolimga javob ber-chi, – otasi odatda sekin, vazmin gapirardi. Ayni paytda esa juda jahli chiqib ketgan, bunday vaziyatlarda onasi, kim haqligidan qatʼi nazar, jim turardi. Nozima sekin kelib ayvon derazasidan moʻraladi. U otasini sogʻingandi, borib quchoqlab koʻrishgisi keldi, ammo unday qilolmadi.
– Oʻsha yerda qolib davolansa tezroq tuzaladi dedim. Odamlar koʻzidan, ortiqcha gap-soʻzlardan nariroq boʻlsin dedim. Sen nimani oʻylaysan oʻzi? Xoʻp, sogʻinib kelibdi, nega koʻchaga chiqarvording? Kimdir koʻrib, tanib qolsa, nima boʻladi? Kimsan, Falonchiyevichning qizi shunaqa boʻlib qolibdi deb gap tarqasinmi endi?
Nozimaning nafasi boʻgʻziga tiqildi. Boshi aylanib, oyoqlaridan mador ketib, devorga suyandi.
– Nega unaqa yomon niyat qilasiz? Axir qachondan beri bir xonadan tashqari chiqmaydi. Biroz toza havoda aylanib kelsa, buning nimasi yomon? – siniq ovozi eshitildi onasining.
– Yomon! – qatʼiy javob qaytardi otasi. – Juda ham yomon. Nozima endi avvalgidek emas. U endi avvalgidek odamlar orasida bemalol yurolmaydi, bemalol yasholmaydi, hatto biz bilan ham. Sen onasisan, buni koʻngliga tegmaydigan qilib tushuntirishing kerak edi.
Nozima ortiq otasining gaplarini eshitishga kuchi yetmadi. Qanday bildirmasdan kirib kelgan boʻlsa, shunday chiqib ketdi. U ortiqcha tushuntirishlarsiz hammasini tushungan edi. U yana tanish koʻchalaridan yurib ketaverdi…
Nozima koʻp qavatli uylardan birining tomida, pastga qarasang koʻz tinadigan darajadagi balandlikdan yerga tikilgancha xomush turardi. U avvallari balandlikdan qoʻrqardi. Endi esa bu qoʻrquvdan ham kuchlilarini boshidan kechirgach, u arzimasdek boʻlib qolgani uchunmi yo yettinchi qavatdan yerga tikilaverib-tikilaverib koʻnikib ketgani uchunmi, har holda, qoʻrquvdan asar ham qolmagandi. Nozima anchadan beri bir joydan koʻz uzmay qarab turar, bu joy oʻzini shu yerdan tashlasa, borib tushadigani asfalt yoʻlakcha edi. U koʻp oʻylab shunday qarorga kelgan, bundan zarracha qoʻrqmayotgandi. Axir tirik qolishga kodlangan tana oʻlimdan qoʻrqishi kerak emasmidi? Nozima nafaqat qoʻrquvni, balki shunchaki hech nimani his etmayotgandi. Uning hozirgi kayfiyati dunyodan yuz burgan odamning ichki xotirjamlikni topgandagi holatiga oʻxshardi. Vaqt yarim tundan ogʻib, Oy tikkaga kelib qotib qolgandi. Shu payt tungi shamol Nozimaning yuziga kelib urila boshladi. U charchagan koʻzlarini yumib oʻzini shamolga topshirdi. Atrof dunyoni unutib, ikki qoʻlini keng yozdi. Shu holda uzoq turib qoldi. Shamol, toza havo, osmon-u undagi jimir-jimir yulduzlarni his qildi. Oʻzini ularning bir parchasidek, bir butundek his etdi. Shunda butun tanasi yengillashganini, allaqanday bir yoqimli tuygʻu iliq qondek vujudi boʻylab aylanayotganini sezdi. Qanotlari esa yanada oʻsib, oʻz-oʻzidan pastga tushdi. Uning nozik uchi yerga tegay-tegay deb turar, koʻrinishidan doiraga qoplangan terini eslatuvchi, biroq undan oq va shaffof, tom maʼnodagi afsonalardagi farishtalarnikiga oʻxshagan qanotlari bilinar-bilinmas silkinar, chamasi… uchishga shaylanardi. Nozima esa buni sezmas, bir maromda nafas olardi. Oʻzini odamlar orasiga begona va tabiatning bir parchasidek his etdi. Ilk bor oʻz-oʻzini boricha qabul etdi va qanot qoqdi. Uning shu turishini kuzatishga musharraf boʻlgan odam goʻzallikdan, moʻjizadan koʻz uzolmay qolardi. Nozima goʻyo qanot qoqishni doim bilgandek taassurot uygʻotardi. U bir meʼyorda, shoshmasdan, nihoyatda bir nafislik bilan qanot qoqar, u bagʻoyatda goʻzal edi. Avvaliga Nozimaning oyoqlari yerdan ohista koʻtarildi, keyin kimdir tutib qolishini astoydil istab oʻzini pastga tashladi. Ammo u pastga qulash oʻrniga havoda muallaq qoldi.
Izohlar