Mart oyining erinchoq quyoshi ufqqa bosh qoʻyayotgandi. Kasalxona derazasidan unga tikilib yotgan Bashorat chuqur uh tortdi. “Hozirgina tong otgandi, endi botyapti. Yana tong otadi, yana botadi. Takrorlanaveradi, bu hol iliqliksiz, umidsiz”, ‒ deya xayolidan oʻtkazdi u. Oxirgi oylar Bashorat tundan juda qoʻrqadigan boʻlib qolgan, yolgʻiz oʻtayotgan kechalar faqat bir narsani oʻylardi – oʻlimni. U hech qachon oʻz joni uchun qaygʻurmasdi, bu xislat onasidan meros oʻtgan boʻlsa ajab emas. Bashorat faqat qornida kunma-kun rivojlanayotgan, dunyoga eson-omon kelishini necha yildan beri orziqib kutayotgan jigargoʻshasini oʻylardi. “Hech boʻlmasa shunisi yashasin, boshqa farzand dogʻiga chidolmayman”, ‒ derdi u. Bashoratning oy kuni yaqin edi. Uzoq kutilgan kun yaqinlashgani sari uning sogʻligʻi yomonlashib borardi. Chunki unga farzand koʻrish mumkin emasdi. Undan xavotirlangan singlisi Yorqinoy roʻzgʻoridan qoʻli boʻshashi bilan shifoxonaga yugurardi. U opasini yosh boladay avaylab parvarishlar, ammo hammasidan muhim boʻlgan ogʻriqlari va ichki qoʻrquviga malham boʻlolmay ezilardi. Ota uyida “yaqindagi tepishar” boʻlib ulgʻaygan qizlarni “uzoqdagi dunyo” yaqinlashtirgandi. Koʻplab opa-singillar qatori ular ham turmushga chiqqachgina qalinlashgan edilar.
– Ukollaringizni olish vaqti boʻldi, – dedi hamshira kirib. Bashorat derazadan koʻz uzib, uning charchagan koʻzlariga tikildi.
– Yanami? – yuzini shu achchiq dorining ogʻrigʻini eslab bujmaytirgancha soʻradi u.
– Yanami deganingiz nimasi? Oʻzi endi boshladingiz-ku. Bundan to tugʻruqqacha har kuni uch mahal olishingiz kerak.
– Hmm, – dedi yonboshiga bazoʻr agʻdarilarkan. – Mayli, nima boʻlsa ham, chidayman hammasiga. Bolamni eson-omon qoʻlimga olsam boʻldi.
– Oʻylamang, opajon, hammasi yaxshi boʻladi, – dedi hamshira bamaylixotir.
– Ilohim, shunday boʻlsin, – deydi u ojizgina ovozda. Bashorat bu kabi taskin va maslahatlarni koʻp eshitgan. Umid degan narsa ojiz qolganingda kelarkan-u, ammo oʻzi juda kuchli va joni qattiq boʻlarkan, xuddi yantoqqa oʻxshagan. Bashorat hammasi yaxshi boʻlishiga yana umid qildi.
– Singlingiz bugun koʻrinmadi, – dedi hamshira shpris ignasidan dorini osmonga otib.
– Kelib qolar, uniyam roʻzgʻori, yosh bolalari bor.
Dori sekin-asta joʻnatilar, Bashorat bazoʻr boshini yostiqqa burkab, jim chidab turardi. “Bu ogʻriqlar nima boʻpti hali, Bashorat, bundan battari oldinda”, ‒ deb xayolidan oʻtkazdi u tugʻuruq amaliyotini eslab…
Tun choʻka boshladi, Yorqinoy shoshib-pishib kirib keldi, doimgidek hol-ahvol soʻradi, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildi. U yoq-bu yoqdan topib kelgan yangiliklarini aytdi. Singlisining koʻngli uchun Bashorat bir nechta savol va tabassum bilan gapirayotgan gaplari oʻzini qiziqtirgandek koʻrsatdi.
– Koʻnglim gʻash, singlim, tushimga ota-onamiz va akam kiribdi.
– Nima boʻldi, nega gʻash boʻladi? – degan bemaʼnidan bemaʼni savol berdi Yorqinoy, hammasi oyday ravshan koʻrinib turgan boʻlsa ham.
– Akamning ishlari yaxshimikin? Ancha bezovta koʻrindi. Bilmadim, yaqinda oldingga boraman degani uchunmi, koʻp tushlarimga kiryapti.
– Ha, kelmoqchi edi. Bilasan-ku, ishi koʻp, yoʻl olis. Kelib qoladi.
– Kelib qoladi… Ungacha men ketib qolmasam… – dedi Bashorat siniq ovozda.
– Ogʻzingdan bunaqa gaplar umuman chiqmasin. Eshityapsanmi? – qoʻrqib ketdi Yorqinoy.– Mutlaqo! Hammasi yaxshi boʻladi, Xudo xohlasa, sen tuzalasan, bolangni ham eson-omon qoʻlingga olasan. Faqat, iltimos, meni qoʻrqitib bunaqa gaplarni gapirma.
– Xudo xohlasa… – derazadan koʻkka koʻz tikdi Bashorat. – Demak, sen aytmoqchisanki, uch bolamning dunyo yuzini koʻrmay nobud boʻlishini xudo xohlagan ekan-da, a, shunaqami? Axir U mehribon emasmi? Dunyodagi eng ogʻir dard – farzand dogʻi, nega menga bu koʻrgilik bot-bot berilyapti? – Bashorat toʻlib-toshib gapirar, bu kuch qayerdan kelganini ham bilmasdi. U oʻzini alam va ogʻriqqa limmo-lim toʻlib turgan piyoladek his etardi. Har aytilgan foydasiz tasalli uni bir “chayqatib” yuborayotgandi.
– Bashor, opajonim, bilaman, juda charchading. Ammo Xudoga shak keltirma, yana biroz chida, kuchli boʻl…– nimalardir deb Yorqinoy uzoq gapirdi. Bashoratning qoʻlini kaftlariga oldi, koʻzyosh ham qilgandir, ehtimol. Bashorat buni koʻrib, sezib turdi, ammo bir harakat bilan javob qaytarmadi. Koʻzlari koʻkka qadalgan, osmon esa qop-qora edi.
– Yorqinoy, – dedi soʻng yalingan ovozda, – akamga ayt, bir kelsin. Juda ham koʻrgim kelyapti. Bu ahvolda koʻrinishni istamasdim-u, – dedi qornini ehtiyotlik bilan silab, – ammo xuddiki… – u davom ettirmadi gapini. Singlisining iltimosi bilan bu haqda ogʻiz ochmadi.
– Xoʻp, – qult etib yutindi Yorqinoy, – aytaman.
Oʻsha kech Bashoratning ahvoli ogʻirlashdi. Ammo hali bola tugʻilishiga erta edi. Bashoratning ichini mushuk oʻtkir tirnoqlari bilan timdalagandek ogʻrir, xuddi suyaklari ich-ichidan qars boʻlinib ketayotgandek edi. Opa ogʻriqni jismida his etar, singil qalbida. Yorqinoyning ham joni ogʻrir, faqat u opasi singari dod solmayotgandi. U unsiz yigʻlayotgandi. Irimiga koʻra ona koʻzi yorishidan oldin erini bir koʻrishi kerak, shunda oson qutuladi. Lekin buning iloji yoʻq, pochchasi chet elda edi. U yana akasiga telefon qildi. Akasi yoʻldaligini eshitib koʻngli biroz boʻlsa-da taskin topdi. Bashorat endi umuman ogʻriqqa chiday olmay qoldi. Biroz tinchlanishi uchun dori berishdi, u shu dorining kuchi bilan Yorqinoyga soʻzladi.
– Akam…
– Kelyapti ekan, yoʻlda hozir.
– Meni aldayapsan… yosh boladek.
– Yoʻq-yoʻq, rost! Biroz oldin gaplashdim, ertalab shu yerda boʻladilar.
–Ertalabgacha yetolmaymanmi deb qoʻrqaman.
Shu yerga yetganda Yorqinoy ham oʻzini tutolmay yigʻlay boshladi.
– Bashorjon, unday dema. Meni qoʻrqitma. Sendan boshqa suyanadigan kimim bor? Jonim opam, chida, kuchli boʻl.
– Akam bilan gaplashtir!
Yorqinoy titroq qoʻllari bilan telefon raqamlarini terdi. Narigi tarafdan akasining ovozi eshitilgach, Bashoratning quloqlariga tutib turdi.
– Alo, aloo.
– Aka!
– Bashor, singlim, yaxshimisan? Men yoʻldaman, boryapman oldingga.
– Aka, – hislari bir-biri bilan qorishib ketib soʻzlashga ham gap topolmasdi u.
– Nima deysan, onajon?
Akasini sogʻingan Bashorat avval nima deyishini bilmay tutilib, koʻzyoshini tiyib turgan boʻlsa, bir ogʻiz soʻzdan keyin hiqillab yigʻlab yubordi.
– Hech narsa. Shunday deyishingizni eshitgim kelgandi juda-juda, – Bashorat zoʻrgʻa gapirar, tez-tez va qisqa nafas olishi telefonda yaqqol eshitilib turardi. Sanjar Bashoratni kichkinaligidan erkalab “onajon” derdi.
– Onajonim meni! Hali bu kunlarni kulib eslaymiz, – ichi kuydi akaning.
– Aka, yana sizni kichkina singilchangiz boʻlib qolgim keladi. Bizni qanchalar avaylardingiz, asrardingiz.
– Haliyam meni jajji singlimsan. Haliyam sizlarni har balodan asrab-avaylay olaman.
– Esingizdami, bir marta… faqat bir martagina qattiq urishgansiz. Men ariq boʻyida uchib yuradigan, har xil rangli ninachilarni tutishni yaxshi koʻrardim. Siz esa…
– Bashoraaat, – dedi Sanjar uning xayollari parishonligidan xavotir olib.
– Siz esa, – davom etdi hansirab, goʻyo akasini eshitmayotgandek edi, – qoʻymasdingiz. Ularning jonini qiynama derdingiz. Men esa… men esa bilganimdan qolmasdim. Ninachilarni tutib, orqasiga ingichka choʻp suqib qoʻyardim ozod uchib yursin-u, ammo mendan uzoqqa ketolmasin deb. Aka, men ularning uchib yurishini tomosha qilishni yaxshi koʻrardim. Ninachilar xuddi nozik qanotlarini tinmay qoqib raqs tushayotganga oʻxshashardi. Ninachilar raqsini tomosha qilaman deb, oʻz koʻnglim mayliga ergashib ularning joniga ozor berayotganimni oʻylab ham koʻrmasdim. Oʻsha ninachilarning ham onasi boʻlgan-ku, toʻgʻrimi?
– Bashor!
– Aka… Meni oʻsha ninachilarning qargʻishi tutdi.
Bashorat nima deyotganini anglamayotgandi. U hozir aqli bilan emas, his-tuygʻulariga ergashib gapirardi.
– Onam, onajonim, bunaqa dema, – buni sezayotgan aka yupatish yoʻliga oʻtdi.
– Ayting, akajon, meni avvalgidek “onam” deb chaqiring, tushlarimga rahmatli ota-onamiz kiryapti. Qoʻllarida yangi qoʻgʻirchoq, xuddi men qizalogʻimga olib qoʻygan qoʻgʻirchoqqa oʻxshaydi, imlab chaqirishyapti, “Kel, senga bu, kelaqol deydilar”.
– Onajon, qoʻrqitma. Men oldingga boraman. Oʻzim jiyanimga eng zoʻr oʻyinchoqlardan olib beraman, faqat sen kuchli boʻlgin!
Bashorat kuchli boʻldi. Dard zoʻr kelsa-da, akasiga baqirib yigʻlab bermadi. Ahvoli ogʻirlashgach, operasiyaga olishdi. Vaqt yarim tundan ogʻganda katta yoʻlda katta tezlikda ketayotgan akaga kichik singlisidan qoʻngʻiroq boʻldi.
– Singlim.
– Aka… – uvvos solib yigʻlab yubordi Yorqinoy. Uning ovozi yoʻlakdami yo boʻm-boʻsh bir xonada turgandek aks sado bilan eshitildi. Sanjarning yuragi shuv etdi. Mashinaning tormozini keskin bosdi. Mashina 10 metrlar chamasi asfalt yoʻlda iz qoldirib borib baland ovoz bilan toʻxtadi. U savol berishga ham qoʻrqib jim turdi. Nima boʻldi deb soʻrash uchun til qimirlatishga bor ichki kuchini sarflayotgandi, ammo berilishi mumkin javobdan yuragi orqaga tortib ketib jim turardi. Buni payqagandek Yorqinoy yigʻi aralash gapirdi:
– Aka, qiz jiyanlik boʻldik. Soppa-sogʻ, Xudoga shukr… lekin opamni ahvoli yaxshimas. Reanimasiyaga olib kirib ketishgan. Nima qilamiz, nima qilay, ayting, aka, – yigʻlardi izillab Yorqinoy.
“Nima qilish kerak?” ‒ miyasida shu savol charx urardi uning. Sanjar mashinasidan tushdi. Uchib yetib borgani bilan, hozir singlisi behush, uni eshitmaydi, soʻzlamaydi. Endi uni kutib tolgan koʻzlarni koʻrish unga armon boʻlib qolishi mumkin. U alamli oʻylar iskanjasida yonar, osmonga tikilardi. Havo sovuq, osmon bulutli edi. Osmonning har yer-har yeridan chaqmoq chaqib, bulutning bagʻrini tilib oʻtar, chaqmoq yilt etgan bir muddatda osmonning qanchalik qorongʻi ekanligini bir soniyaga koʻrsatib yana yoʻqolardi. Sanjar chorasiz qolganda oxirgi qiladigan ishi Allohga tavakkal qilish boʻlardi. Shundan bir kuch, yoʻl, taskin topardi. Vaqt xuftondan oʻtgan, yoʻlda ketayotib qazo boʻlgan namozini oʻqish uchun doim yonida olib yuradigan joynamozini yoʻl chetiga, endi nish urayotgan ajriq ustiga yozdi. Tuproq bilan tayammum qildi. Soʻng odatdagicha, ammo biroz ovozida qaltiroq bilan namoz oʻqiy boshladi. Duoga qoʻllarini ochganida esa bu qaltiroq yigʻiga aylandi.
“Yo Allohim, Sen jami mulklar egasi – Malik al-Mulksan! Sen Hakimsan, Salomsan va albatta Musavvirsan. Bizning jismimizni, ruhimizni va qismatimizni shaksiz goʻzal qilasan! Agar Sen bir ishni istasang va unga “boʻl” desang, albatta boʻladi. Sening dargohing yonida bir moʻminang yuribdi. Uning qolishi ham, ketishi ham Sening ixtiyoringda! Oʻzing rizqi qolgan odamning rizqini uzmaydigan Razzoqsan! Oʻzingdan bir xayrli oqibat soʻrayman. Zero, sendan boshqa birov xayrli qadar bera olmaydi...”
…Doktorlar toʻrt tomonga zir yugurib Bashoratni saqlab qolish uchun jon kuydirishdi. Yorqinoy tongga qadar yigʻidan hoʻl boʻlgan roʻmolchasini qattiq siqqancha reanimasiya xonasi eshigi oldida oʻtirib chiqdi. U oʻtirgan joyida bir nimalar deb pichirlar, uning gaplari ham akasinikidan farq qilmasdi…
Tong otdi. Nihoyat aka-singillar diydor koʻrishgan, olislarda esa bir inson ota boʻlganidan quvonib, hamkasb sheriklariga yangilikni aytayotgan pallada, Bashorat mitti goʻdagini bagʻriga bosib hidlardi. Entikib koʻzlarini deraza ortiga tikar, qalbiga ham nihoyat bahor kirib kelgandi. Hademay ninachilar paydo boʻladi. Uyi yaqinidagi ariq boʻyida goʻzal raqs tusha boshlaydilar… Bashorat qizalogʻi bilan ularni kuzatib zavqlanib oʻtiradi hali. Lekin qoʻl tekizmaydi, qanotlariga ozor bermaydi…
Izohlar