Rasul otaning qoʻlidan choy ichib turgan piyolasi tushib ketdi. Tilla suvi yugurtirilgan, maxsus buyurtma bilan yasalgan piyola polda ikki boʻlinib sinib yotardi. U aravachasida turib siniqlarga tikilgancha, barmoqlarini ochib-yopib qimirlatishga urinardi. Rasul ota qoʻllari ham boʻyinsunmay qoʻyganini his etish dahshati bilan biroz yolgʻiz qoldi.
– Keyingi navbat qayerimga? Yurakkami? – dedi oʻziga oʻzi.
Rasul otaga qarab turuvchi Munira opa tezgina yetib keldi.
– Nima boʻldi, bova? Qoʻlingiz kuyib qolmadimi?
Bu mehribon, kuyunchak ayoldan Rasul ota minnatdor edi. “Qarigan chogʻimda, yaxshiyam, shunday insofli odamlarga kunim qolgan, – xayolidan oʻtkazardi u. ‒ Oʻz bolamga malol kelayotgan bir paytda, nimadir evaziga boʻlsa ham bu mehribonchilik baribir yaxshi. Kimdir mehrga zor, kimdir pulga. Azaliy dunyo qonuni – bir-birimizning kemtigimizni toʻldirib yashab ketaverarkanmiz.
Lekin bir narsa ogʻir. Oʻlimingni boshqalarga qoʻshilib oʻzing ham kutishing va qiladigan ishing qolmaganini bilib yashashda davom etish… ham zerikarli. Oxirgi vaqtlar otam koʻp tushimga kiryapti. U xotiramga oʻsha 30 yoshlar atrofida, baquvvat, ishchan holda muhrlangan. Biz u kishidan shunday paytida toʻsatdan ayrilib qolgan edik. Hech kutilmaganda boʻlib oʻtgan barisi. Menimcha, odamning umrini qancha yil yashagani bilanmas, qanday yashagani bilan oʻlchash kerak. Otam yosh ketdi, ammo koʻp ishlar qilishga ulgurdi. Bir baxti ham shu ekan uning. Chaqmoqdek yonmoq, zulmatni yoritib, oʻz olovida oʻzi yonib yoʻqolmoq. Bir umr sudralib, tutab oʻtgandan koʻra shu yaxshi ekan…”
– Qoʻlim aytganni qilmay qoʻyyapti. Qaridik. Endi birin-ketin har joyimiz “ish tashlash” eʼlon qilaveradi.
–Bugun doʻxtir kelishi kerak edi. Koʻrikdan oʻtadigan paytingiz boʻldi. Unga qayeringiz bezovta qilayotgan boʻlsa, ayting, dori yozib beradi, tuzalib ketasiz.
– Aytaylik, meni oʻtmish bezovta qilayotgan boʻlsa, doʻxtiringiz ogʻrigʻimga davo topib bera olarmikan?
– Bilmasam, – hech narsani tushunmay jilmaydi ayol.
– Unda kerakmas. Hech kimni koʻrgim yoʻq.
Munira opa piyola siniqlarini yigʻishtirib olib chiqib ketdi.
Rasul ota butun umr savdoning ichida yurdi. Avval doʻkonda sotuvchilik qildi, keyin boshqa doʻkonlarga mahsulot yetkazib berishga oʻtdi, pulni pulga urib tinmay, eshshakdek ishladi. Eh-he, bu qoʻllar qanchadan-qancha pul koʻrdi, yaxshi-yomon ishlarga tegdi. Endi esa bu ahvol. Qaltiraydi. Shu oʻylar bilan bazoʻr qoʻliga telefonini olib uyining ishlarini yuritadigan yigit – Munira opaning eri Qodirjonga telefon qildi.
– Qodir, men choyxonaga tushmoqchiman.
Rasul ota Qodir kelguncha aravachasining murvatini bosib deraza yoniga bordi. Koʻchada yosh bolalardan boʻlak hech kim koʻzga tashlanmadi. U ogʻir xoʻrsindi. Qodir aravachani surib, uyning yuqori va birinchi qavatlarini bogʻlab turadigan, faqat Rasul ota foydalanadigan, boshqa payt onda-sonda kelib turadigan nabiralarining oʻyinchogʻi boʻlgan lift orqali pastga tushdi. Saroydek qurilgan uyning orqasida uning mahobatiga yarashiqsiz turgan, rejasiz qurilgan va erta-indin buziladigandek tasavvur uygʻotadigan, mahalladagilar “Choyxona” deb ataydigan bir xonali uyga olib kirdi.
– Endi meni yolgʻiz qoldir, – dedi Rasul ota sovuqqina qilib.
Qodir bugun xoʻjayinining ahvoli yaxshi emasligini xotinidan eshitgan, shuning uchun anchadan beri hech kim kirmagan joyga bir oʻzini qoldirib ketgisi kelmasdi. Ammo Bova aytganini qildiradiganlardan ekanini bilgani uchun indamadi. Chiqayotib eshikni biroz ochiq qoldirdi va sezdirmasdan uni kuzatib turdi. Rasul ota xonadagi buyumlarni sinchiklab tomosha qilib chiqdi. Bir paytlar bu yer odam bilan gavjum edi. Kunora osh qilinar, bekor qoldi deguncha mahallaning yoshi kattalari, pensioner chollari shu yerga yigʻilardi. Yil oʻtgan sari ularning davrasi kichrayib bordi. Mana, endi Rasul otaning bir oʻzi yolgʻiz, kech kuzda daraxt shoxida qolgan soʻnggi bargdek titrab, shoʻppayib turibdi.
– Keksayganda uzoq yashashning bitta yomon tomoni, – oʻz-oʻziga gapirdi u, – sen oʻlim haqida boshqalardan koʻra koʻproq oʻylaysan. Har yaqining ketganda yo bir begonani boʻlsa ham, oʻlimini eshitsang, qalqib tushasan. Eski tegirmonning navbati senga kelib toʻxtab qolgandek, u qachon yana aylana boshlashini bilmasdan, biroq buning muqarrarligini bilib, kutib, azob chekasan...
Rasul otaning choyxonasi avvalboshda otasining baqqollik doʻkoni edi. U hamma narsa boshlangan, bolaligida katta-katta orzular qilgan joyda turib oʻy surardi. Bu yerda ham maʼnan, ham ruhan dam olayotganini his etar, oʻtmish bilan, xotiralar bilan yuzma-yuz qolish xush yoqardi. Tashqarida uni qoniqtirmaydigan, eslasa sira koʻngli toʻlmaydigan hayoti, toʻrt tomon sochilib yotgan oilasi bor edi. “Rasul, oʻzi kim uchun, nima uchun yashading? Nega senga kerak boʻlmagan narsalarni deb joningni jabborga berding? Yigʻding, uy qilding, yigʻinding, dangʻillama toʻy qilding. Bular oʻzingdan boshqa hammaga kerakdir, lekin oʻzing nimani xohlagansan? Balki, yagona arzirli topilmang shu joy, shu eski-tuski narsalarning qadrini anglash boʻlgandir. Bilmadim. Bu senda eng boshidan bor edi, qadri esa yoʻq. Bu narsani anglash uchun nahot shunchalik koʻp vaqt sarflagan boʻlsang? Bir paytlar mahalladagi odamlarning bu yerdan ketgisi kelmay oʻtiraverishlarini koʻrib, hayron qolardim. Qishning sovugʻida ham, issiqda ham orasi bir qadam boʻlgan uyiga ketmay, shu yerda oʻtirishardi. Nega? Oʻzi tiklagan uyi, oilasi, hayoti ichidan nima sabab bilan bu yerga talpingan ekan odamlar? Oʻsha paytlar bir xayolimdan oʻtgan savol javobini ham endi topgandekman. Odamlar ongsiz ravishda oʻzidan oldingilar yurgan yoʻldan ergashib ketaveradi. Bu unga yoqadimi, yoʻqmi, bu yoʻl haqiqatda unikimi, yoʻqmi – muhim emas, muhimi ‒ shunday qilish kerakligi. Balki, ular choyxonadan oʻzlari izlagan nimanidir topgandir. Xuddi men kabi… Eng alam qilayotgan joyi, nimani istashingni tushunib yetganingda yashashga kechikkan boʻlasan”.
Rasul ota choyxonaning soʻnggi mehmoni, yon qoʻshnisi Oʻrozqul ota yotoqda qolib kelmay qoʻyganidan soʻng choyxonasiga kirmayotgandi. Oʻzi bolalari har tarafga tarqab ketgach, mungʻayib qolgan, kenjasi ham alohida yashashni istaganda qarshilik qilmagandi. Ular bayram, dam olish kunlari kelib ketib turishadi. Hozir shularni bir-bir xayoldan oʻtkazar ekan, Rasul ota toʻsatdan Qodirni chaqirib:
– Anvarga telefon qil, bugun kechga yetib kelsin, – dedi hozirgi ahvoliga nisbatan ancha bardam ovozda. Qodir xoʻp boʻladi degancha biroz nariga borib telefonda gaplasha boshladi.
Rasul otaning choyxonasini “XX asr buyumlari muzeyi” deb nomlasa ham boʻlardi. Bu yerda eski, ammo ishlaydigan radio, muzlatkichdek keladigan televizor, patyefon, ikki xil samovar (biri toʻylarda choy qaynatadigan katta samovar, ikkinchisi misdan yasalgan, kampirlar shkaf ustida asraydigan yaltiroq mis samovar), bir paytlar bedanalar toʻldirib sayragan, hozir esa burchakda ustma-ust dumalab yotgan toʻrqovoqlar, eski qimmatbaho idishlar, bir zamonlar faqat kazo-kazolarning uyida koʻrish mumkin boʻlgan qizil mebellar, osmasoat, xontaxta, sandal, moychiroq, yogʻochdan yasalgan shaxmat, eng tepaga, mixga ilib qoʻyilgan rahmatli Sodiq buxgalterning oʻsha mashhur yogʻoch donali choʻti. Bu yerga keluvchi hamma “muzey”ga nimadir olib kelib qoʻshgan edi. Ular azbaroyi choyxonani toʻldirish uchun emas, yangi uylari imijiga mos kelmagani uchun chordoq yoki yertoʻlaga tushgan aziz buyumlarini saqlab qolish uchun ham keltirib qoʻyishar edi. Choyxona butun bir tarixning tilsiz shohidi boʻlgan buyumlarga toʻla edi. Bulardan xabarsiz odam eshigiga “Mehr koʻzda” deb yozilgan xonaga bosh suqqudek boʻlsa, eski-tuski narsalar saqlanadigan omborxona deb oʻylashi ham mumkin edi. Rasul ota koʻzlarini yumib, boʻyniga ogʻirlik qilayotgan boshini oldinga solintirib oʻyga choʻmgancha choyxonasida uzoq qoldi. Charchaganini his etgach, Qodirni chaqirdi. Anchadan beri uni kuzatib turgan Qodir xonaga kirdi. U aravachani surib borar ekan, Rasul otaning yelkasiga tashlab qoʻyilgan sharf yogʻoch stolga ilinib qolganini koʻrib toʻxtadi. Qodir mixdan sharfning uchini chiqarib olib, yoʻlda davom etdi.
– Otam menga nimadir demoqchidek, – dedi Rasul ota
– Nega unday deyapsiz? – hayron boʻldi Qodir. Rasul otadan javob boʻlmadi.
Bu stulda maktabda oʻqigan paytlari oʻtirib dars qilgan. Uning maktab popkasini ilib qoʻyish uchun otasi mix qoqib bergandi. Otasi uning oʻqishiga eʼtiborli, qattiqqoʻl edi. Rasul ota oʻz otasini eslaganda uning shaxsiga nisbatan kuchli hurmat tuyar, ehtimol, qoʻrqardi. Buni oʻzi ham ajratolmasdi. Qoʻrqishiga sabab boʻlmasa ham, undan hayiqardi. Holbuki, otasi uni urmagan, faqat bir marta juda qattiq urishgan. U vaqtlar maktabda oʻqib yurgan bola edi. Choyxona oʻrnidagi doʻkonga bitta roʻzgʻorga nimaiki kerak boʻlsa, hammasini olib kelib sotishardi. Rasul otaning biznesga kirib kelishi shu yerdan boshlangan edi. U otasiga hisob ishlarida yordam berar, otasi bozorga yangi mahsulotlar olib kelgani ketganida doʻkonga qarab turardi. Shunday kunlarning birida oʻrtogʻi Oʻrozqulning otasi, yon qoʻshnisi Havas amaki doʻkonga kirdi. Avval otasini soʻradi, uning yoʻqligini bilgach esa nasiyaga baʼzi narsalar olmoqchiligini aytdi. Rasul nima uchundir pulsiz narsa bergisi kelmay: “Dadam qarzga savdo qilma deganlar”, ‒ deb yolgʻonladi. Buni juda tabiiy, ishonarli aytdiki, yolgʻonni qiyib qoʻyganidan oʻzi ham mamnun boʻldi.
Havas amaki qanday xijolat boʻlib, tomoq qirib, tutilib gap boshlagan boʻlsa, xuddi shunday ohangda: “Ha, mayli-mayli, otang shunday degan boʻlsa, aytganini qilishing kerak, mayli”, ‒ deb chiqib ketgandi. Keyinchalik ilojsiz qolgan paytlarida, kimdandir yordam soʻrashga toʻgʻri kelganida qoʻshnisining oʻsha doʻkonda oʻngʻaysizlanib turishi koʻz oldiga kelardi va muhtojlikdan nafratlanardi. Butun umr shunday holga tushmaslik uchun harakat qilib yashadi.
Otasi qaytgach, nima sotganlarini roʻyxatini aytarkan, qoʻshni bilan boʻlgan voqeani ham qistirib oʻtdi. U bu ishi uchun otasi maqtab boshini silab qoʻyishini kutgandi, ammo, aksincha, soʻkish eshitdi. Yolgʻon gapirgani, qoʻshnisini mulzam qilgani uchun. Otasi oʻshanda Havas amaki nima soʻragan boʻlsa, oʻshalarni uning hovlisiga kiritib yuborgandi. U keyinchalik otasining bu ishni nima uchun qilganini va soʻkishi bilan birga urishiga ham loyiq ekanligini tushungandi.
Rasul ota kech tushib, oʻgʻli kelishini sabr bilan kutdi.
U bilan ovqatlanib boʻlgach, sekin uzoqdan gap boshladi. Anvar ham xotirjam, otasi istagan va uni qiziqtiradigan mavzulardan soʻz ochar, koʻp jihatdan otasiga oʻxshardi. Shuning uchun ham Rasul ota Anvarni hamma farzandidan ortiqroq suygandir, nimaiki istagi boʻlsa, qarshilik qilmagandir, hatto alohida yashashiga ham.
– Bu hovli men uchun qanchalik qadrli ekanligini bilasan-a, bolam?
– Ha, bilaman. Biz bilan shahar markaziga koʻchib oʻtishni istamaganingizga sabab hovlini va choyxonangizni juda yaxshi koʻrishingizdan deb oʻylaganman.
– Shunday. Toʻgʻri oʻylagansan. Negaligini ham bilasanmi yo oʻzim aytaymi?
– Merosligi uchun.
– U ham. Yana sen ham, boshqalar ham bilmaydigan bir sababi borki, shu haqida gaplashish uchun chaqirtirdim. Bolam, bu hovli-joy boʻynimdagi omonat qarz. Uni oʻz egasiga qaytarib bermoqchiman.
– Tushunmadim, ota. Sizni qarzingiz bormi? Sizni-ya? – hayratini yashirmadi Anvar. Uning yuz ifodasida avvalgi xotirjamligidan asar yoʻq edi.
– Meni emas. Bobongning qarzi boʻlgan. Menga uni toʻlashni vasiyat qilgandi. Bobong oʻlgandan soʻng aytgan qarzlarini uzsam, koʻchada qolgan boʻlardik, shuning uchun keyinroq, oyoqqa turib olsam, toʻlayman dedim oʻz-oʻzimga. Soʻng boyib ketsam, orttirib uzishni moʻljalladim, umr esa oʻtaverdi. Bir kuni nafsim bilan kelishdim, hech bir xat-hujjat-u daʼvogar boʻlmagan otamning qarzini toʻlashni istamay qoldim. Bolam, bugun men bundan chuqur afsusdaman va bu xatoimni tuzatishni istayman. Agar oʻlsam, u dunyoda bobongning koʻziga qanday qarashni oʻylayapman, tunlar uyqu yoʻq, vahima bosadi. Endi hovli-joy ham koʻzimga koʻrinmayapti, xotirjamlik istayman. Huv anavi seyfda hovlining hujjatlari bor, sen uni olib, xat-hujjatni tushunadigan odam topib, hovlini Oʻrozqul amakingning nomiga oʻtkaz.
– Ota, nimalar deyapsiz? Butun boshli hovlini-ya?! – Anvarning xayoli katta pulni, merosni, yana allanimalarni oʻylab buzildi. Chalkashib ketdi. – Qoʻshnimizga-ya? Toʻxtang, qancha oʻsha qarz? Men toʻlayman, hovliga tegmaymiz.
– Bobong bir vaqtlar savdo ishlarini boshlash uchun Oʻrozqul doʻstimning otasi Havas amakidan hovlining teng yarmini garovga qoʻyib pul olgan, 50 yillik foizi bilan u ancha-muncha boʻladi.
– Qarz oldi-berdisi haqida qogʻoz, guvoh boʻlmasa… uni qaytarishimiz ham shartmas-ku, ota!
– Oʻgʻlim, mendek fikrlayotgan, mening xatolarimni qaytarmoqchi boʻlayotgan yoshligim, umrining har davrida insonga har turli narsalar kerak, men hozir qalb xotirjamligi va qarzni uzishdan boʻlak hech nima istamayapman. Sen otam desang, menga shularni ber. Yoʻq desang, bu ishga oʻzim kirishaman.
– Ota, xoʻp, siz shuni istarkansiz, aytganingizdek qilaman. Faqat bu bobomeros hovli-joyni birovga berish menga juda ogʻir. Men uchun ham aziz bu bolaligim oʻtgan uy, tushuning. Keling, bunday qilamiz, Oʻrozqul ota bilan gaplashib hovlining pulini u kishiga bersam, albatta, u kishining roziligi bilan boʻlsa bu ish.
– Maʼqul, u rozi boʻlsa boʻldi.
– Yaxshi, menga uyni baholatish va pulni topish uchun biroz vaqt kerak. Ungacha Oʻrozqul otaga hech nima demay qoʻya qoling. U kishining yoniga siz bilan birga yuristni ham olib kiramiz.
Rasul ota oʻgʻli bilan gaplashib ancha yengil tortdi. Har holda, oʻylaganidan osonroq bitadigandek edi bu ish. Tunda shirin xayollarga berilib oʻtmish va bugun oʻrtasida maza qilib dam oldi. Ertasiga tongda esa oʻrnidan turolmay qoldi. Tez yordam chaqirgan Munira opa bolalariga ham xabar berish kerakmi, yoʻqmi deb ikkilandi. Rasul ota tildan qolgan, yupqa kulrang parda bilan qoplangan shilpiq koʻzlarida esa qandaydir umid yonib turardi. U bazoʻr ingrab, imo bilan tushuntirdi. Munira opaning ichki sezgisi ishonch bilan xulosa qildi: “Bolalarini chaqirish kerak. Vaqti yetgan”. Tez yordam mashinasi mahallaning ichida Farovon koʻcha 15-uyni izlab kezdi. Koʻchaning bir chetidan ketib borayotgan boladan manzilni soʻrashganda, yaqin atrofda bunday joy yoʻqligini aytib javob berdi. “Ye, hali adashib qoldikmikan? Shoshganda shu yetmay turgandi oʻzi”, ‒ dedi haydovchi. Biroz yurgandan soʻng oʻrta yoshlardagi kishi manzil toʻgʻriligini, koʻchaning boshidanoq muhtashamligi bilan boshqa uylardan ajralib koʻrinib turadigan Rasul otaning uyi tomon qoʻl choʻzib: “Ana u uy. Bu yerliklar Choyxona koʻcha deb oʻrganib ketishgan, Farovon nomi faqat qogʻozda”, ‒ dedi. Tez yordam mashinasi uyga kirib borishi bilan Qodir ularni shoshilinch yuqoriga, bemor xonasiga boshladi. Keng xonada 4-5 kishi bor, Rasul otaning tepasida Anvar engashgancha u bilan gaplashishga harakat qilardi. Otasi koʻzlar harakati bilan, kuchsiz ingrashga oʻxshagan tovushlar chiqarib bir nimalarni tushuntirishga urinardi. Anvar otasini tushungan, uning ilhaq koʻzlariga koʻzida yosh bilan tikilgancha qarzni uzishga vaʼda berdi. Shundan soʻng Rasul ota boʻshashib qoldi. Shifokorlar unga muolajalar qildi. Ammo ota koʻpga bormadi. Uzildi…
Uni soʻnggi manzilga kuzatish uchun tumonat odam yigʻildi. Farzandlari otasining doʻsti, tanish-bilishi koʻpligini bilishardi-yu, ammo bunchalikligini tasavvur qilishmagandi. Taʼziya marosimlarida nabiralar ham bel bogʻlab, “Bobomlab” turishar, kattalar oʻrgatgan gaplarni aytib yigʻlashardi. “Bobojonimov, suyangan togʻimov, bizni tashlab ketgan mehribonimov”.
Faqat Anvarning oʻgʻli sodir boʻlayotgan ishlarni tushunmas, qoʻrqar, bobosi bilan birga kirishni yaxshi koʻrgan joyi – choyxonaga qochib borib oʻzicha oʻynab oʻtirardi. Uni bu yerga Rasul ota oʻzi bilan koʻp olib kelar, tarix haqida, oʻtgan odamlarning hayoti haqida soatlab gapirib berar, bolakay uchun bular moʻjizalar xonasi-yu bobosi aytib berayotganlari qiziqarli ertaklar edi. Unga endi narsalarni tomosha qilish zavq bermas, qoʻli bilan teginib ushlab koʻrishni istardi. Servant ustiga chiqib, oʻzi uchun notanish boʻlgan, musobaqadan yutgan sovriniga oʻxshash narsani ehtiyotlab shkaf ustidan tushirdi. Changlarini artdi. Kutilmaganda ortidan:
– Bu yerda nima qilyapsan, oʻgʻlim? – degan ovozni eshitdi.
– Oʻynayapman, dada. Qarang, men nima topdim. Bu oʻzi nima?
– Chiroq. Qanday qilib olding, axir sindirib qoʻyishing mumkin. Ber, joyiga olib qoʻyaman.
– Dada, uyga olib ketay. Endi bobom yoʻq-ku, u kishiga kerakmas-ku.
– Uyimizning chirogʻi bor, bu bizga kerak emas.
– Menga kerak, dada, sovrinimga oʻxsharkan, yoniga qoʻyib qoʻyaman. Oʻzi qayerini bossa yonadi?
– Hozir yonmaydi, oʻgʻlim. Ichiga avval kerosin solish kerak, piligi chirib tamom boʻlgan, uni almashtirish kerak. Keyin bu eski narsa, yoqilsa, qop-qora boʻlib tutun chiqaradi.
– Dadaa, olib ketaylik, xoʻpmii?
Anvar chiroyli koʻzlarini moʻltiratib qarab turgan oʻgʻliga yoʻq deyolmadi. Tashqariga chiqishgach, Qodirga bu yerni yopib, eshigini mixlab tashlashni buyurdi. Oldinda esa juda ham xursand oʻgʻli qoʻlida chiroqni koʻtargancha yugurib uzoqlashib borardi.
Izohlar