Yarim tun…
Ramiz yomon tushidan qutuldi.
Uygʻondi.
* * *
Vaqt qay mahal bo’lganini anglayolmasdi.
U yoqdan bu yoqqa zuv-zuv qatnayotgan mashinalarning sariq-qizil chiroqlari yettinchi qavat ayvonidan turib ko’chaga tikilgan Ramizning ko’zlarini jimirlatar, talmovsiragan holida qorong’i tun, shahar binolari, ko’cha chiroqlari, hammasi chaplanib yaxlit bir rang tasvir uslubidagi kartina bo’lib ko’rinardi. U “rasm”ga qararkan, qandaydir bir kuch qora o’pqonga tomon tortib ketayotgandek, boshi pastga og’ib keta boshladi. Miyasiga yana oʻsha fikr kelib urildi.
– Shu yerdan oʻzimni tashlasam, hammasidan qutulamanmi? Tugaydimi shunda bu azoblar?
Ramiz yana yomon tush koʻrib uygʻondi. Aniqrogʻi, oʻzini uygʻonishga majburladi. U suv-suv boʻlib terlab ketgan, kiyimi tanasiga chippa yopishib, peshonasi va burni ustidan terlar irmoq hosil qilib oqib tushardi. Bezovta yuragi gupullar, havo yetmayotganday chuqur-chuqur nafas olardi...
Baxtiga, u har kuni tush koʻrmaydi, ammo doim, uzluksiz bitta holatni yashaydi. Makonsizlik, kulrang boʻshliq, tinmasdan olgʻa intilib yugurish. Tamom. Faqat shu. Yugurganda ham jon holatda tez, tanasini oldga tashlab yugurish edi bu. Olinda nimadir bor, unga yetib olish kerakligi hissi butun tanani egallab, harakatga undardi. Ramizning xayolini “Nima boʻlgan taqdirda ham, yetib olish kerak, uni qo’yib yubormaslik kerak” degan oʻy band etardi. Bu fikr bosimining va tez yugurishning oxiri yoʻq edi. Tushda charchaganini, terlab ketganini his etmasdi. Faqat shularni tasavvur qilardi. Bu oʻylar hatto borliqdan ajralib, chuqur uyquga ketganida ham tark etmasdi. Uygʻongachgina oxiri koʻrinmaydigan marafon yugurishning og’ir charchogʻini his etardi. Va tongni tushkun kayfiyatda boshlardi. Ayni paytda u ham tanasida, ham ruhida chuqur toliqishni his etardi. Odamlar ertalab uyqudan yashashga yangi kuch olib uygʻonsa, uning holi shu edi. Bu holga yana qancha chiday olishini ham bilmasdi.
– Nima qilish kerak, nima toʻgʻri?
U ikki kafti bilan boshini qattiq siqdi. Boshi ogʻriqning zoʻridan qoʻllari orasidan otilib chiqib ketadigandek edi, goʻyo. Yana biroz shu kayfiyatda ayvonda tursa, oʻzini biror nima qilib qoʻyishdan qoʻrqdi. Tanish raqamga qoʻngʻiroq qilib gaplashdi, qisqa suhbatdan soʻng xotiniga sezdirmasdan uydan chiqib ketdi.
* * *
So’ng Ramiz biroz yengil tortdi. Shimining choʻntaklarini kovlab, yonverini paypaslab mashina kalitini olgan-olmaganligini tekshirdi. Choʻntagidagi shaqir-shuqur ovozdan koʻngli joyiga tushib zinalardan pastga odimlab ketdi.
* * *
- Bir eskichaga ko’rsatib o’qitvoramizmi seni? - dedi Ramizning yelkasiga qo’l tashlab do’sti.
– Hazil koʻtaradigan kayfiyatda emasman, - uning qo’lini zarda bilan itarib tashladi Ramiz.
– Jiddiy aytyapman.
– Shu bilan yomon tushlarimdan qutilamanmi?
– Xudo biladi.
– Agar foyda qilmasa-chi?
- O’shanda o’ylab ko’ramiz qolganini…
Ramiz uning ko’zlariga g’azab bilan qattiq tikildi. Nimanidir, istagani – taskinnimi, xayrixohliknimi yo shunchaki mehrnimi ko’rgach, bo’shashib qoldi. O’z-o’ziga “bu yerda nima qilyapman”? degan savolni berdi. “Nimani eshitishni istayman o’zi, nega yarim kecha to’ppa-to’g’ri uning yoniga keldim? Nega? Shunchaki yolg’iz qolishdan qo’rqqanim uchun keldim. Ba’zan, shunchaki yoningda kimdir bo’lishini xohlaysan, o’zingni yo’qotib qo’ygan dunyoda, tunda o’zing bilan o’zing yolg’iz qolishdan qo’rqinchlisi yo’q. U bo’lsa, jon kuydirib gapiryapti, mening maslahatim u uchun muhim, inobatga oladi deb o’ylayapti… Aslida esa hammasi menga baribir ekanini qayerdan ham bilsin”?! Ramizning do’sti oldida vijdoni qiynaldi.
- Kel, buni o’tkazib yuboramiz. Yana boshqa taklifing bormi? – dedi o’zini jiddiy tinglayotganday ko’rsatib.
- O’ylamaslik. Tushunmayman nimani o’ylab, buncha parishonxotir, yer shoxlab yurasan? Xayolingni band qilganlari, o’ylab siqilganlaring tushingga kiryapti. O’ylamaslikka harakat qil. O’zi nima qiynaydi seni? Hamma narsang bo’lsa, birovdan kaming yo’q. Oilang tinch, yana bilmadim, xotining bilan biror muammong bordir desam, avvaldan, uylanishingdan oldin ham bu “kasaling” bor edi. Hech tuzalmading, tuzalmading.
–– Ha, onasini emsin, sen aytganday hamma narsam bor! Baxtsiz boʻlishga haqim yoʻq! Oʻzimni shunday his etishim noshukurlik! Ammo nima qilay, hayotimdan zavq va lazzatni topolmasam? Hammasi vaqtincha, goʻyo ogʻriqsizlantiruvchi ukol. Taʼsiri oʻtib ketgach, yana tushkunlik, bezovtalik, tunda nihoyasiz yugurish. Ishonasanmi, uxlashdan qoʻrqib qolganman. Oʻlguday charchaguncha ishlayman. Jismoniy charchoq qotib uxlashga yordam beradi degan umidda! Ha, baʼzan bu ish beradi, taxtadek qotaman. Lekin qachongacha shunday davom etishi mumkin? Men ham boshqalarga oʻxshab hayotda yashashdan qoʻrqmaslikni istayman. Tinch yotib, tinch turib, xotirjam kun kechirishni istayman... – Ramiz oxirgi gaplarining har bir so’zini chertib-chertib, qizishib ketib gapirdi.
– Psixolog bilan gaplashib ko’rasanmi? Hozirgi yomon qovunni urug’iday bolalab ketganlaridan emas, haqiqiy prof mutaxassis topamiz senga. Xo’sh, nima deysan?
- …
* * *
Ramiz do’sti bilan xayrlashganda tong ota boshlagan edi. Avtolar siyrak koʻchadan mashinani sekin, hozirgina bo‘lgan suhbatning yoqimsiz tahlilini qilib haydab ketdi. Birdan anhor ustidagi ko‘prikdan o‘tayotib, tonggi salqin havoda sayr qilish fikri tug’ildi unda. Atrof shovqinsiz, kimsasiz, faqat koʻprik ustuniga katta kuch bilan kelib suvning urilishidan hosil bo’lgan ovozgina eshitiladi. Anhor yoqalab ketgani sari u ham eshitilmay qoʻydi. Yo‘lda suvga qarmoq tashlab oʻtirgan odamga duch keldi.
– Ilinyaptimi? – dedi u baliqchi yoniga kelib.
– Oʻzi hozir tashladim qarmoqni, - beparvo, biroz ensa qotirib javob berdi u.
– Baliq bormi o’zi bu anhorda?
– E, nega boʻlmas ekan, shunaqa zoʻrlari borki! Qunduzlar, ilonlar ham yashaydi.
– Yaqin atrofda turasiz, shekilli?
– Shu yerlarda. Bahor, yozda shu atrofda. Sovuq tushsa, “dom”larning yerto’lasiga ko’chaman.
– Nima, muqim yashaydigan uyingiz yoʻqmi hali?
– Yo’q, aniqrog’i esa endi yo’q.
– Nima boʻlgandi oʻshanda?
– Sizga nima? Yoʻlingizdan qolmasangiz-chi!
– Toʻgʻri, menga nima? Shunchaki, gap yoʻgʻida gap-da buyam… Qiziq, koʻrinishingizdan koʻchada yashaydiganlarga oʻxshamaysiz. Ular sassiq, kir, piyonista, dunyodan umidini uzgan bo’lishadi.
“Baliqchi” samimiy kulib Ramizga qarab qoʻydi. Shunda bu odamning qavat-qavat ajinlari, qalin qoshlari ostidan koʻzlari aql bilan yonib turganini koʻrdi.
– Odamzod farovonlikning qaysidir nuqtasidan turib har doim kunim shunday oʻtadi deb oʻylaydi. Men ham shularning biriman-da, nima qilay? Hozirgi turmushim bir vaqtlar yetti uxlab tushimga kirmagan. Ammo nolimayman. Bitta odamga kerak hamma narsam bor: uxlashga joy, yeyishga ovqat, nafas olishga toza havo, erk, xotirjamlik! Oʻlib ketadigan, vaqt oʻtgach manaman deganlarining ham nomi yoʻq boʻlib ketadiganlarmiz. Nimasiga kuyasan dunyoning, toʻgʻrimi?
U yelkalari silkinib-silkinib kuldi. Shunda ogʻzida qolgan sanoqli sargʻayib ketgan tishlari koʻrindi. Ramiz jerkandi. Suhbatdan keyin undan uzoqlashib ketarkan, ortidan hushtak ovozini eshitdi. Baliqchi qarmoqqa ilingan, kattaligi bilagidek keladigan baliqni baland koʻtarib:
– Koʻryapsizmi, bu yerda baliq bor! ‒ dedi.
Baliq baquvvat panjadan chiqishga urinib, jon holatda tipirchilar, u esa butun dunyoning egasiga aylanib qolgandek xursand, chin dildan quvonayotgandi. Ortiq Ramizga baliqchining ahvoli ham, tishsiz ogʻzini katta ochib kulishi ham ayanchli koʻrinmasdi.
* * *
Markaziy koʻchalardan birida svetofor ishlamayotgandi. Uning qizil chirogʻi piyodalar uchun yoniq holda qotib qolgan, betoqat boʻlayotgan odamlarning ustidan kulayotgandek taassurot uygʻotardi. Mashinalar oʻzidan bilib odamlarga oʻtib olish uchun yoʻl bermas, oʻn daqiqadan beri koʻchaning narigi tarafiga oʻtolmayotgan Ramiz asabiylasha boshladi. Qarama-qarshi tarafdan odamlar yoʻlga qaray-qaray ehtiyotkorlik bilan kela boshlaganini koʻrgach, beixtiyor oʻzi ham taraddudlandi. Shu payt kutilmaganda biroz oldinda turgan ayolning qoʻlidan 5-6 yoshlardagi oʻgʻil bola yulqinib chiqib oldinga yugurib ketdi. Ayol “toʻxta” deb chinqirib yubordi. Chap tarafdan tezlik bilan mashinalar yaqinlashib kelar, u esa mutlaqo hech nimaga qaramay sakrab-sakrab yugurib ketayotgandi. Ramiz oniy lahzada yaqinlashib kelayotgan xavfni sezdi va bolaning ortidan otildi. U mashinalar, odamlar, hatto oʻzini ham batamom unutgandi. Ramiz faqat oldinda yugurib ketayotgan bolanigina koʻrardi. Hamma narsa xuddi azaliy takrorlanuvchi tushidagidek edi, ammo muhim bitta farqi bor edi, bu – obyektning aniqligi. Bolaning ortidan yugurgan qisqa vaqt uzoq yillar davom etgandek tuyuldi unga. Yetib borgach, uni shartta koʻtarib olib, mahkam bagʻriga bosdi. Shu payt ularning shundoqqina yonidan mashina signal chalgancha katta tezlikda oʻtib ketdi. Bola nima boʻlayotganini anglamay, begona odamning bagʻridan chiqish uchun tipirchilar, nimalardir deb gʻingshirdi, Ramiz uni quchoqlagancha tushida yashayotgandi. Boyagi ayol ham uning ortidan yetib kelib rahmatlar aytdi. Koʻrinishidan qoʻrqib ketgani yaqqol sezilib turar, bolani Ramizning qoʻlidan oʻz bagʻriga tortib olishga urinardi. Ramiz esa karaxt ahvolda uning soʻzlarini eshitmasdi. Ayol bir amallab undan bolani olgach, boʻshab qolgan qaltiroq qoʻllariga qarab tush va oʻng oʻrtasida haydovchilarning signali va soʻkishlariga nishon boʻlib turib qoldi.
* * *
“Uka, hech nimani his etmay yotish qanday ekan? Na issiqni bilasan, na sovuqni. Ustingni qora tuproq yopganmi yo yumshoq koʻrpa, farqi yoʻq. Demak, mana shunday-mana shunday qilib goʻringni qoʻllarim bilan silab erkalasam ham sezmaysan, toʻgʻrimi? Sochlaringni silab xuddi xoʻrozning tojidek tikka-tikka qilib qoʻyganlarim esimga tushdi. Koʻrinishing juda kulgili edi. Hozir ham oʻzimni kulgidan toʻxta olmayman, sen menga qoʻshilib oʻzingning ustingdan qotib, miriqib kularding...
Qoʻy, indama, shunday kulib-kulib yigʻlab olay. Yigʻlab-yigʻlab ichimni boʻshatay, akang shunchalik toʻlib ketganki, ukam, ichiga havo ham kirmayapti. Bugun birovga sira aytmagan gaplarimni senga toʻkib solmoqchiman. Zora, shu bilan yengil tortsam. Eshitasan-a? Sen tugʻilganda juda kichkina bola boʻlganman, lekin bari esimda. Bahor edi, bahorgi yomgʻirlar mavsumi boshlangan, hech tinay demasdi. Ayam “roddom”dan chiqar kuni dadamga men ham boraman deb turib olganman. Dadam esa: “Endi katta bola boʻlding, akalar ukasini kutib uyda oʻtiradi”, ‒ degan. Sizlarni koʻchaga chiqib kutib turganman. Koʻchaning muyulishidan dadamning mashinasi koʻrinishi bilan uyga kirib hammani ogohlantirganman: “Ukam kelyapti, heeey, chiqinglar, ukam kelyapti!” Ayamning qoʻlida oppoq matolarga oʻralgan seni koʻrib “menga bering” deb koʻtarmoqchi boʻlganman. Tabiiyki, joniqqan akangga ishonib seni koʻtarishga berishmagan. Keyinchalik mitti odamchani koʻrib qoʻl tekizishga ham qoʻrqqanman. Aniq eslayman, sen oppoq, jikkakkina, soch-u qoshsiz eding, uzun-uzun kipriklaring esa yaqqol koʻzga tashlanib turardi.
Lablaring boʻrtib turar, nuqul tamshanarding, uzoq uxlarding. Barmoqlaring jajji edi, odamning shunchalik kichkina bo’lishi mumkinligi tasavvurimga sigʻmasdi. Goʻyo ushlasam, ziyon yetadigandek tuyulardi. Sen juda chiroyli bola boʻlgansan. Sochlaring oltinrang, oʻzing oppoqqina, ogʻzingdan suving oqib yurardi. Tinmas eding, bir soniya bir joyda tik turmasding. Men seni orqangdan yugurib charchardim. Oʻsha kuni ham... Ha, oʻsha kun! Nega mendan qochganding oʻzi? Nega quvdim men? Oʻyinmidi yo nimanidir boʻlisholmadikmi? Esimda yoʻq. Hammasi juda tez sodir boʻlgan, dastlab anglolmay qolganman. Yodimda qolgani, mendan qochib oʻqdek otilib darvozadan chiqding, osmondan tushgandek paydo boʻlgan oq mashina, signal, tormozning chiyillashi, itning hurgani, qon va darvozadan chiqishga ulgurmay qolgan men! Tamom.
Avvaliga nima boʻlganini koʻrishga ulgurmagan boʻlsam, keyin oqibatiga qaray olmadim. Koʻzlarimni kaftlarim ortiga yashirdim. Qoning bilan boʻyalgan asfalt, bir chetda yotgan pajmurda tanangga qaray olmasdim. Bir lahzada uyda qiyomat boshlangan. Dahshat edi bu! Oʻsha yerda meni hech kim koʻrmadi, soʻramadi, ayblamadi, ammo men ham bor edim! Bor edim! Oʻsha vaqtdan boshlangan ekan koʻz yumib yashash, qochish, goʻyo tuyaqush boshini qumga tiqib omonlik istagandek. Janazada ham qabring boshiga kelolmadim. Soʻnggi joyingga dadam qoʻygan ekan. Men kelolmadim, ukam, kechir. Qaray olmasdim bunga. Irodam yetmasdi. Oʻshanda yosh bola edim, toʻgʻri, lekin undan keyin ulgʻaygach ham haqiqatga tik qarash, tan olishdan qochib yashabman. Ortga qarashdan juda-juda qoʻrqib yashabman, ukam. U yerda serkiprik chiroyli koʻzlaringni maʼsumlik bilan tikib: “Meni nima qilib qoʻyding, aka?” ‒ degandek qarab turgan sen bor eding, ukam! Sen! Akangning mana shu koʻksiga ursa boʻm-boʻsh idishdan chiqadigan tovush chiqadi, gup-gup-gup... Men aybdorman. Seni oʻlimgacha quvib bordim. Shu xotira yuki bilan yashash akangga qanchalik ogʻir boʻlayotganini bilsayding, ukam. Oʻzimning aybdorligimni bilib yashashda davom etish uchun qancha kuch sarflayotganimni bilsayding. Axir men bunday boʻlishini istamagandim-ku...
Gohi sen qanday yigit boʻlishing mumkinligi haqida oʻylayman. Sen tirik bo’lganingda, qanday yaxshi boʻlardi-ya! Ota-onamiz yolgʻiz bolam deya bor umidini bogʻlamagan, men ham bu mas’uliyat bosimidan qiynalib yashamagan boʻlarmidim. Tom maʼnoda ozod yasharmidim, bilmadim. Balki, bir kam dunyoda bitta muammoni oʻzim uchun yaratib olib, u bilan andarmon umr oʻtkazardim. Bilmadim, har holda, hamma narsaga chora bor. Oʻlimdan boshqa! Seni sogʻindim, eshityapsanmi? Juda ham. Bolaligimni, oʻsha tashvishsiz yugurib yurgan hovlimizni, tiniq, toza ruhli Ramizni sogʻinganman. Odam uchun bu dunyoda oʻlimdan keyin hamma narsa tugaydi. Menda esa sendan keyin tugagandek tuyuladi.
* * *
Uyga kutilmaganda kirib kelgan Ramizni eshik ostonasida koʻrgan onasi hayratda qoldi. Uni gʻalati, yuzida hech bir ifodasiz, koʻzlari shishib ketgan holda koʻrib hayratiga qoʻrquv qoʻshildi va nimadir tikib oʻtirgan oʻrnidan turolmadi.
– Iii, ulim, oʻzingmisan?
Ramiz jilmayishga urindi, “O’zim”. U toʻgʻri kelib onasining tizzasiga bosh qoʻyib, qoʻllarini boricha ochib quchoqladi.
– Nima boʻldi senga? Biron joying ogʻriyaptimi?
Ramiz past, allaqanday mungli ovozda:
– Yoʻq, aya. Hammasi joyida... Endi yaxshiman. Sizga bir narsani aytib berishim kerak... ‒ dedi.
Izohlar