O‘KTAM
– Uhhh, sal qoldi-ya! Nima qilyapsan, Assoo, ayama! Chaqqonroq bo‘l, oyoqqa ishla!
Baqirgan ovozimni u eshityaptimi-yo‘qmi, bilmayman. Balki hozir undan ham ko‘p ter to‘kayotgandirman. Asolat jismonan raqib bilan kurashayotgan bo‘lsa, men xayolimda, uning raqibi-
ning nusxasi bilan o‘zim bilgan usullarni qo‘llab kurashardim. Men allaqachon uning ustidan g‘alaba qozonib ham bo‘ldim, ammo Asolat arqonni uzun tashlab o‘z kuchiga ishonib harakat qilyapti. Bu usuli doim o‘zini oqlagan bo‘lsa ham hozir meni asabiylashishga majbur qilmoqda.
YOZUVCHI
O‘ktam Asolatni yetti-sakkiz yoshligidan beri biladi. Ochiq havoda, maktabning futbol maydonida shogirdlari bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgan kunlarning biri edi. O‘zidan katta sumkasini orqasiga osiltirib olgancha, ikki qo‘llab temir panjarani ushlab, yuzini unga bosib bir qizcha ularni kuzatib turardi. O‘ktam avvaliga unga e’tibor bermadi, keyin bu hol har kuni takrorlanadigan bo‘ldi. So‘ng O‘ktam qizni yoniga chaqirdi.
Qizcha qimir etmasdi. Shunda o‘zi qizchaning yoniga keldi.
– Isming nima sening?
– Asolat.
– Shu yaqin atrofda turasanmi?
Qizcha boshi bilan tasdiqladi va mehribonlik uyi tarafga qo‘l cho‘zdi:
– Ana u yerda yashayman.
O‘ktam uning “detdom” bolalaridan ekanligini bilgach, birdan ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Va o‘z ovoziga muloyimlik qo‘shib so‘radi:
– Karatega qiziqasanmi?
Asolat “yo‘q” degandek bosh irg‘adi.
– Iya, nega qiziqmaysan? Karate seni sog‘lom, kuchli qiladi. Kimdir seni xafa qiladigan bo‘lsa “mana bunday, mana bunday” qilib jazolaysan, – O‘ktam shunday deya karate usulini ko‘rsatdi.
Asolat uning harakatlarini katta qiziqish bilan, ko‘zlari porlab kuzatib turdi.
– Qaniydi, men ham shunday qilolsam.
– O‘zing astoydil istasang, nafaqat shunday qila olasan, balki hammadan zo‘r bo‘lib chempion bo‘lishing ham mumkin. Lekin sen karatega qiziqmaysan-ku, to‘g‘rimi?
– Ha, lekin o‘rganishim kerak-da, – oxirgi so‘zlarini g‘amgin, past ovozda aytdi.
– Nima uchun?
– Onamni dadamdan himoya qilish uchun.
DUGONA
– Asolat, qo‘lingdagini tashla dedim senga! – deb baqirdi O‘ktam ustoz unga. Bu ovozdan men cho‘chib ketdim, Asolatning esa bir tuki o‘zgarmadi.
– Yo‘q, ustoz, shu olovga o‘zingni tashla deng, aytganingizday qilay, lekin… buni tashlolmayman… – dedi Asolat ko‘zlaridan shashqator yosh oqqancha.
To‘g‘risi, hozir ko‘rib turgan voqealarni tushunmayotgandim. Ustozning bunchalik g‘azablanganini, Asolatning yig‘laganini sira-sira ko‘rmagandim. Axir Asolat ustozning eng yaxshi shogirdlaridan edi, uning chempion bo‘lishiga ishonaman derdi. Nima jin urib, kap-katta odam shu Asolatning qo‘g‘irchog‘iga yopishib oldi ekan? Asolat temir idish ichida gurillab yonayotgan olovga hammadan yaqin turar, qo‘g‘irchog‘ini kimdir tortib oladigandek mahkam quchoqlab olgan, ammo o‘ziga azob berayotgan olov qarshisidan uzoqlasholmasdi. Bir qadam ham chekinmasdi, olovdan ko‘z uzmasdi, faqat yum-yum yig‘lardi. Yaqin insoningni shunday holda ko‘rish, qo‘lingdan yordam berish kelmasdan kuzatib turish juda og‘ir ekan. Hatto yutinishga ham haddim sig‘masdan istalmagan tomoshabin bo‘lib turardim.
– Bu shunchaki, ozgina plastmassa va latta parchasi-ku. Nega yoqib yuborolmaysan? – O‘ktam ustoz endi vazmin gapirardi. Shoshmasdan. Hozir o‘ljasini xotirjamlik bilan kuzatayotgan yirtqichga o‘xshardi, nazarimda.
– Gapir, nima to‘xtatib turibdi? Seni mehribonlik uyiga tashlab ketgan va
keyin butkul unutgan ayolning hurmatimi? Bilsang, u yangi erining
quchog‘iga kirishi bilan seni unutib bo‘lgan. Olib bergan qo‘g‘irchog‘ini-ku qo‘ya tur!
Nafasim ichimga tushib ketdi. Qanchalik toshbag‘irlik! Ona qanday ayol bo‘lishidan qat’i nazar, qiz uchun eng aziz inson-ku! Ayniqsa buni biz – mehribonlik uyi bolalari teran his qilamiz. Asolat ustozga shunday o‘qrayib qaradiki, men qo‘rqib ketdim. U nimadir
deyish uchun og‘iz juftladi-yu, indamadi, va aksincha, nimadir deb yubormaslik uchun lablarini qattiq qimtib oldi. Hozir uning oyoqlari qaltirayapti, bilaman, chunki qattiq asabiylashsa yo qo‘rqsa shunday bo‘lardi…
Men Asolatni mehribonlik uyiga birinchi kelgan kunimdan beri taniyman. Qachon, qanday, kim tomonidan bu yerga olib kelinganini bilmasdim. Bir-birimizdan hech so‘ramaganmiz bu haqida. Faqat g‘ira-shira eslay oladiganim mudhish avtohalokat sabab ota-onamdan ayrilganimdan so‘ng bir necha yillik yetimlik ko‘cha-ko‘chi boshlandi. Men oxirgi qo‘nim topgan joy – mehribonlik uyi bo‘ldi.
Nolimayman, qarindosh-urug‘ning minnatli oshidan ko‘ra shu yerning kashasi avlo edi men uchun. Bu yerda hamma bir-biriga mehribon, ayni paytda hammasi mehrga, bir og‘iz yaxshi gapga intiq. Boshqalardan nimasi bilandir ajralib turadigan qiz – Asolat sirdosh dugonamga aylandi. Aniqrog‘i esa men doim uning yonida bo‘ldim. Chunki uning o‘zi hech birovga el bo‘lmas, kam uxlar, kam yer, kam gapirardi. Atrofda o‘zimizdek ko‘ngli yarim, kimdir kelib meni bu yerdan olib ketadi deb kutib yashovchi bolalar ko‘p edi. Asolat esa ulardan hech yig‘lamasligi va hech kimni kutmasligi bilan farqli edi va bizdan bir pog‘ona baland turardi, nazarimda. Nomini o‘zim ham bilmaydigan bir tuyg‘u meni u tomonga tortaverardi. Mushtdekligimizdan beri tunda yotoqlarimizni birlashtirib olardik va shunday uxlardik. Men va Asolatning o‘rtamizda doim shu qo‘g‘irchoq bo‘lgan. Bilmadim, negadir u menga tunda indamay ko‘zyoshlarsiz yig‘laydigandek tuyuladi, chunki u derazaga yo shiftga ko‘zlarini ma’nosiz tikib qo‘g‘irchog‘ini bag‘riga bosgancha uzoq yotadi… Ha, u eski, sariq potila sochli qo‘g‘irchog‘idan sira ayrilmasdi. Maktabga ham, mashg‘ulotlarga ham sumkasiga solib olib borardi. Mening qo‘g‘irchoq haqida bor-yo‘q bilganim – Asolat bu yerga faqat shu qo‘g‘irchoq bilan kelgan. Balki uni onasi olib bergandir, kim bilsin? Odam aziz insonidan olgan sovg‘anigina mana shunday qadrlaydi. Men bilgan Asolatning oilasi ham, ovunchog‘i ham, doimiy hamrohi ham shu qo‘g‘irchoq edi. Ayni paytda esa undan voz kechishini, o‘z qo‘li bilan yoqib yuborishini surbetlarcha talab qilishmoqda. Mantiqsizlik! Men bu dahshatli tomoshani ortiq ko‘rishni istamasdim, ammo turgan joyimdan bir qadam jilolmay, nafasimni ichimga yutgancha Asolatdan ko‘z uzmay turardim. Uning yuzi o‘zgarib qotib qolgan edi.
– Sen ojizlik qilyapsan. O‘z-o‘zingni yengishing kerak. Toki oyoqqa zanjirlangan toshdek seni orqaga tortaveradigan o‘tmishdan yuz o‘girmas ekansan, senga zulm qilganlarga achinishda davom etarkansan, hech qachon g‘olib bo‘lolmaysan, eshityapsanmi, Asolat, hech qachon! Bugungidek raqibingni ayab mag‘lub bo‘lib yuraverasan. Hayot ham karatedagidek. Sen yengmasang, kurashmasang, seni yiqitishadi. Joning boricha kurash, g‘alabadan boshqa hech narsa xayolingni band etmasin, raqibingning ahvoli, og‘rig‘i seni qiziqtirmasin. Qani bo‘l, o‘zingni yeng Asso, bo‘l!
Ustozning chakka tomirlari bo‘rtib chiqib peshonasidan ter oqa boshladi. Go‘yo olov qarshisida Asolat emas, o‘zi turgandek. Asolat yoshli ko‘zlari bilan ustozga iltijoli boqib “unday qilolmayman” degandek boshini sarak-sarak qildi.
– Unda bu yerda qiladigan ishing qolmagan. Men shuncha vaqtimni bekorga sarflabman, essiz… Ket, – dedi ustoz qattiq tikilib. Ustoz uni haydayapti-yu, ovozida jahl emas, achinish, xayrixohlikka o‘xshash nimadir bor edi.
Asolat bir burchakda turgan sumkani yelkasiga ildi-yu, tez-tez yurib zaldan chiqib ketdi. Men esa qo‘rqibgina past ovozda ustoz bilan xayrlashgancha
uning ortidan yugurdim. Asolat yo‘l bo‘yi yig‘lab ketdi. Ko‘zyoshlarini odamlardan yashirishga urinmadi ham. Men unga qanday tasalli berishni bilmasdim.
– Asolat, xafa bo‘lmagin, yig‘lamagin. Ustozning bugun yutqazganing uchun jahli chiqib ketdi, xolos. Bir necha kun ko‘ziga ko‘rinmasak, esidan ham chiqib ketadi. Qo‘g‘irchog‘ing ham yoningda qoladi, mashg‘ulotlarni esa kuchaytirasan.
– Gap bunda emas.
– Nimada bo‘lmasa?
Asolat javob bermadi. Nimaga bunday bo‘ldi o‘zi? Savollarim ko‘p, ammo unga ozor bermaslik uchun jim ketardim. Tuni bilan uxlolmadim. Ko‘zimni yumdim deguncha o‘zimni olov qarshisida ko‘rayotgandim. Ehtimol, bu haqida ko‘p o‘ylaganim uchun shunday bo‘layotgandir. Unda Asolat qay ahvolda ekan deb u tomonga o‘girilaman. U joyida yo‘q. Atrofga alanglayman. O‘zimdan boshqa birov eshitmaydigan ovozda uni chaqiraman: “Asolat”. Ko‘nglim g‘ashlanib sekingina xonadan chiqaman. U bu paytda borishi mumkin bo‘lgan joylarni qarayman. Yo‘q. Xavotirim oshadi. Tashqariga chiqaman, balki toza havoga chiqqandir? Soat necha bo‘lganini bilmasdim, kechani to‘lin Oy yoritib turar, ichki sezgila rim yetaklagan tomon ketardim. Va uni kichik stadionda, o‘tirg‘ich ustida bir o‘zi yolg‘iz, tizzalarini quchoqlab, Oyga tikilgancha tebranib o‘tirgan holida topdim.
– Sendan xavotir oldim, tentak! – deya uning yoniga o‘tirdim, – meni ham to‘lin Oyni tomosha qilishga olib chiqish kerak edi. Baribir uxlolmayotgandim.
U menga bir qarab qo‘ydi-yu, indamadi. Qo‘llarimni yelkasiga qo‘yib, bag‘rimga tortdim. Uning qo‘llari muzlab ketgan, dir-dir qaltirardi.
– Sovqotibsan. Yur ichkariga kiramiz.
– O‘zing boraver.
– Seni yo‘qotishdan qo‘rqarkanman, Asso!
– Qo‘rqma, bu baribir qachondir sodir bo‘ladi.
– Gaplaring ham sovug‘-ey.
– Bilasanmi? Senga havasim keladi.
– Albatta, hozir sendan issiqroq
kiyinganman, havas qilsang arziydi.
– Ota-onang o‘lib ketgan. Hatto ularni eslolmaysan ham. Istagancha ular haqida shirin xayollar surishing, yaxshi voqealarni o‘ylab topib bora-bora ularga o‘zing ham ishonib yashashing mumkin.
– Bugun yiqilganda boshing bilan tushdingmi?
– Menda esa… eslashga arzirli bir yorug‘ xotira yo‘q…
– Yana biroz o‘tirsak, tong otadi. Yop-yorug‘ bo‘lib!
– Ertaga nima qilishni bilmayapman.
– Sen aytayotgan erta allaqachon bugunga aylanib bo‘lgan. Bugun nima qilish haqida gaplashamiz.
– Sen hech ertaga nima bo‘lishi haqida o‘ylaysanmi? – u biroz vaqt o‘tib juda g‘amgin bir ovozda so‘radi buni.
– Nima qilaman uni o‘ylab? Erta
kelish-kelmasligini bilmaymiz-ku! Balki u ertada men bo‘lmasman, men yo‘q vaqt menga tegishli emas. O‘tmish haqida o‘ylash esa umuman foydasiz. Chunki uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Hamma gap bugunda, Asolat! Sen bo‘lsang kecha va erta o‘rtasida o‘ralashga-
ning-o‘ralashgan.
U yana jim bo‘lib qoldi. Men esa yanada qattiqroq bag‘rimga bosdim.
– Yig‘lashni istaysanmi?
– Ko‘zyoshim tugadi.
– Yaxshi, endi yotib uxlaylik.
– Sen boraver, men yana biroz qolmoqchiman. O‘zim, yolg‘iz…
Uni o‘sha yerda qoldirib ortimga qaray-qaray xonaga qaytdim. Qachon uxlab qolganimni bilmayman. Tongda qizlarning shovqinidan uyg‘onib ketdim.
O‘KTAM
– Xurshid! – yordamchi shogirdlardan birini chaqirdim, – bu idishni olib chiqib olovini o‘chir. Lekin yaqinroq joyga qo‘yaver, ertaga kerak bo‘ladi.
Asolatni haydaganim bilan yana qaytib kelishini aniq bilaman. Chunki u ortga chekinadiganlardan emas. Unda chempion bo‘lish uchun hamma xislatlar bor – kuch, iroda, sabr, tirishqoqlik, g‘alabaga kuchli ishtiyoq. Ammo raqibiga nisbatan rahmdilligi hammasining beliga tepadi. Aslida karateni mazlumlarni himoya qilish uchungina o‘rgangani bunga sabab. Va yana qo‘g‘irchoq ham. Nimagaki, odam qalban eng inja hislar bilan bog‘lanib qolsa, ko‘ngilchan va qo‘rqoqqa aylanadi. Bu ba’zida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisadan saqlanish emas, bu mudom uni yo‘qotib qo‘ymaslik ilinji bilan yashash, o‘z ixtiyori bilan o‘sha narsaning “qul”iga aylanishdir.
O‘z kuchiga ishonadigan, yo‘qotadigan narsasi yo‘q ayoldan kuchlisi ham, ozodi ham yo‘q…
Ertasiga ertalab hammadan oldin Asolat mashg‘ulotga keldi. Men tongni kechagi temir idishga o‘tin to‘ldirish bilan boshlagandim. Uning bunchalik erta kelishini kutmagandim, balki uxlamagandir.
– Ustoz, men mashg‘ulotlarni davom ettirmoqchiman.
– Bemalol, shartini esa bilasan.
U olov tomonga ketdi. Yo‘l-yo‘lakay sumkasidan o‘sha ko‘zlari ko‘k, sochlari sariq, qosh va lablarining rangi allaqachon o‘chib ketgan, ko‘ylakchasi ham eskirgan qo‘g‘irchog‘ini olib bag‘riga bosdi. Va shu holida olov yonayotgan idish yonida u bilan xayrlashayotgandek uzoq turib qoldi. So‘ng qo‘g‘irchoqni olov tepasiga tutib, birdan tashlab yubordi. U shunchaki tashlab ketmadi, balki uning kiyimlari qanday o‘t olayotganini, yelim oyoq-qo‘llari qanday erib oqayotganini, yuzlari bujmayib, qorayib yonayotganini kuzatib turdi. Negadir bundan to‘lqinlanib ketdim, Asolatning yuzida hech bir ifoda sezilmasdi. Faqat ko‘zlarida gurillab yonayotgan olovning aksi o‘ynardi…
Asolat chaqqon harakatlar bilan raqibining hujumlaridan qochib qolar, katta kuch va g‘azab bilan berilgan qo‘l zarbalari havoga ketayotgan edi. Sekundlar ajratilgan vaqt tugashiga qarab uchib borar, men Asolatning yutqazayotganini kuzatib turardim. Va nihoyat, u oyoq bilan chalg‘ituvchi harakatlar qildi va birdan oldinga o‘tib raqibiga to‘xtovsiz, ayamasdan qo‘l va oyoq zarbalarini bera boshladi. Buni kutmagan raqibi ozgina muvozanatni yo‘qotishi bilan uning boshiga kuchli o‘ng oyoq zarbasini berdi va u yonboshga yiqildi. Hakam qizil bayroqchasini ko‘tardi. Vaqt tugagan edi. Tomoshabinlar, jamoadoshlar uni olqishlab shovqin ko‘tarishdi. Mening qulog‘im yuragim gupillashidan boshqa hech qanday tovushni eshitmayotgandi. Asolat yutdi!
– Chempion!
Bunday daqiqalardagi hissiyotlarni so‘z ifodalay olmaydi, buni faqat maqsadiga o‘lib-tolib yetganlargina tushuna oladilar. Agar bu baxt nasib etmagan bo‘lsa, ming hijjalab tushuntirma, tasavvur qila olmaysan. Asolat maydon o‘rtasida endi nima qilishini bilmagandek, to‘rt tomonga alanglagancha turardi. O‘zim uning yoniga borib, quchoqlab tabrikladim. Yelkasiga bayroq yopdim. Atrofimizni jamoadoshlar, muxbirlar o‘rab olishdi.
– Biz… biz yutdik! – u chuqur-chuqur nafas olar, tomog‘iga tiqilgan havo ortiq gapirishiga yo‘l bermayotgandi.
– Sen yutding, Asolat! Bu sening g‘alabang!
ASOLAT
Hamma meni tabriklab bo‘lgach, atrofga yana bir bor nazar tashladim.
– Bo‘ldimi? Faqat shu xolosmidi?
Tomoshabinlarning shovqini bilan to‘lgan zalni tark etarkanman, ulardagi xursandchilikning mingdan birini ham tanamda his etmayotgandim. Shu joygacha yetib kelsam, o‘zim ham hali anig‘ini bilmaydigan, ichimdagi bo‘shliqni to‘ldira oladigan nimadirga ega bo‘laman deb o‘ylagandim! Ammo u qani? Nimani kutgandim men? Shu olqishlarnimi yo ustozning quvonchinimi? Yo‘q! Ammo bular bo‘lmasa, nima? Butun zalni boshingga ko‘tarib, odamlarning shovqinini ham bosib,
joning boricha baqirging, yig‘laging keladi. Ammo nima deb?
Izohlar