Safiya oʻtgan asrning 80-yillari urfida bezatilgan xonaning unchalik koʻzga tashlanmaydigan burchiga qoʻyilgan oq pianino qarshisida turardi. Uning ustiga urfdan qolgan sunʼiy gullar solingan guldon, kitoblar va boshqa keraksiz buyumlar terib tashlangan edi. Pianino yaxshi saqlangan. U qopqogʻini avaylab ochdi, klavishlariga oʻzgacha bir mehr, sogʻinch bilan qoʻl yugurtirdi. Shunda nozik barmoqlariga chang yuqdi. Goʻyo issiq qoʻlqop ichidan chiqqan barmoqlarning qor ustida yugurtirgandagi sovuqlikni his etdi. Anchadan buyon hech kim unga qoʻl tekizmaganini payqadi, allaqanday achinish hissi bilan barmoqlaridagi changni pufladi. “Shunday mashhur musiqachining uyida chang bosib yotibsanmi, bechoraginam?” ‒ dedi u sobiq pianinosiga chin dildan achinib. Va klavishlarini ohista bosib, xayolida jonlangan kuyni chala boshladi.
– Chal, anchadan beri jonli musiqa tinglamadim, – dedi Safiya kelganida uyquda boʻlgan Mansur Abdullayev. U Safiyaning ustozi edi. Ham sanʼat sirlarini, ham hayotning achchiq saboqlarini oʻrgatgan edi. Har gal u haqida oʻylaganida, Safiyaning koʻksida chidab boʻlmas ogʻriqlar uygʻonardi. Hozir uning ovozini necha yillardan soʻng eshitib turib, barmoqlari qaltirab ketdi. Safiya “chalish”dan toʻxtadi.
– Va nihoyat uygʻondingiz, – dedi pianinodan koʻz uzmay.
– Shunaqa shekilli. Yo seni tushimda koʻryapmanmi?
– Tushingizga hech kirganmanmi oʻzi? – dedi Safiya unga oʻgirilib. Mansur Abdullayev dunyoga mashhur sobiq shogirdining oʻz yotoqxonasida kutilmaganda paydo boʻlishini oddiy holdek qabul qildi. U shunday boʻlishini bilgandek edi goʻyo. Faqat uning xira tortgan nursiz koʻzlarigina mamnun porlab, bu tashrifni uzoq kutganidan soʻylab turardi.
– Baʼzida. Aneyning oʻlimidan keyin esa tez-tez.
Safiya bemor ustoziga yaqin kelib stulga oʻtirdi.
– Koshkiydi, oldinroq kelganimda! Koshkiydi, siz bir ogʻizgina boʻlsa ham uning oʻlimi, oʻz ahvolingiz haqida aytganingizda va yo ayttirib yuborganingizda!
– Qayerdan eshitding? – dedi u tetik koʻrinishga urinib.
– Nimani?
– Bu yerga koʻchganimni.
– “Oʻzbekkonsert”ga borgandim. Oʻsha yerda eski tanishlarni, kursdoshlarni uchratdim. Siz haqingizda biroz gaplashdik.
– Ularning esida ekanmanmi? – dedi miyigʻida kulib Mansur Abdullayev va yana qoʻshib qoʻydi: – Konsert bergani qaytdingmi Oʻzbekistonga?
– Yoʻq, meni unvonga yozishibdi, taqdirlash marosimiga keldim. Va yana mayda-chuyda ishlar.
– Haaa, – dedi u choʻzib, – qaysiga?
Safiya indamadi.
– “Xalq artisti” boʻlasanmi?
– Qaydam…
– Yildan yilga bu unvon “yosharib boryapti”. Bir paytlar eng obroʻli unvon sanalardi u va chin maʼnoda xalqning xizmatini qilganlarga berilardi. Endi esa… “ma senga, ma senga” boʻlib ketdi, – dedi u bosh chayqab. – Senga tegishli emas bu. Umuman aytyapman. Sen Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitib kelasan. Oʻz ustingda tinmay ishlaysan.
– Baribir sizdan oldin olayotganimdan xijolat boʻlyapman. Axir unga mendan koʻra siz, sizga oʻxshagan umrini sanʼatga bagʻishlagan “frontoviklar” haqli. Ahvolingiz esa…
– Menga nima uchun kerak u? Oʻlganimni eʼlon qilishganda jarangliroq eshitilishi uchunmi? – deya qoʻli bilan pashsha haydagandek harakat qildi Mansur Abdullayev. – Hech kerakmas!
Mansur Abdullayev oʻlimi haqida gapirganda, Safiyaning eti jimirlab ketdi.
– Ha, senga xabar yuborolmadim. Hammasi kutilmaganda boʻldi. U seni juda koʻrgisi kelgandi… Ammo qaytishingni bilardim.
– Kech yetib keldim.
Mansur Abdullayev yotgan joyidan turishga urindi, biroq majoli yetmadi, kuchli ogʻriqdanmi yo holsizlikdan yuzi burishib ketdi. Safiya bemorning boshidan koʻtarib, gavdasini tutib turishi uchun orqasiga yostiq qoʻydi. Terdan hoʻl boʻlib ketgan yostiqni esa olib qoʻydi.
– Kimdan eshitding kasalligimni? Ishqilib, odamlar meni oʻlyapti ekan degan gapni doʻmbira qilib chalishmayaptimi? – dedi u kulishga urinib, lekin uning kulgisi ortidan uzoq yoʻtal tutdi. Safiya yurak-bagʻri ezilib yoʻtal toʻxtashini kutib turar, joni azoblanayotgan qadrli insoni qarshisida tomoshabin boʻlib turganidan qiynalardi. Uni shu ahvolda koʻraman deb sira-sira oʻylamagandi. Ha, uni yomon koʻrdi, nafratlandi, ammo hech qachon uni taniganidan, bilganidan beri biror marta yomonlik tilamadi. Qoʻlidan kelmadi!
Nihoyat yoʻtal toʻxtadi. Mansur Abdullayev tomogʻini qirib, kuchi boricha qattiq yoʻtalib, yotoq ostidagi kichkinagina tufdonga tupurdi. Idishni tutib turgan Safiya qoʻlansa hiddan koʻngli ozdi va sezdiki, tufdon anchadan beri toʻkilmagan, chayilmagan.
– Boʻldi, endi ket. Meni bu ahvolda koʻrishingni istamayman, – dedi Mansur Abdullayev biroz oʻziga kelgach.
– Ketmayman, – dedi Safiya bamaylixotir stol ustidagi termosdan piyolaga choy quyarkan.
– Endi sizning gʻoʻr shogirdingiz emasman, menga buyruq berolmaysiz, – dedi u biroz jilmayib va choy uzatdi.
Mansur Abdullayev choyni oz-ozdan hoʻplab ichdi.
– Qaysarsan. Hali ham...
– Ha.
– Va… yanada goʻzallashibsan. Senga onalik yarashibdi.
– Siz esa qarilikni boʻyningizga olib qoʻyibsiz. Bu sizga yarashmabdi.
– Endi mening davrim oʻtdi.
– Endi mening davrim keldi, – dedi Safiya koʻzlari porlab.
– Ha! Bilasanmi, bu menga qandaydir bir taskin beradi.
– Axir nima boʻlganda ham, sizning shogirdingiz edim, to… haydab solmaguningizcha.
– Eng isteʼdodlisi eding.
– Isteʼdodga tupuraman! Har qanday muvaffaqiyat men uchun tinimsiz mehnat ortidan kelgan.
– Senda Xudo yuqtirgan noyob qobiliyatni koʻrganim uchun bu olamga olib kirganman.
– Buning uchun sizdan oʻla-oʻlgunimcha minnatdorman, bilasiz.
– Bilaman, albatta, bilaman.
– Siz boʻlmaganingizda, ehtimol, oʻzimni bir nima qilib qoʻyardim. Bunga yetarlicha sabab ham, sharoit va imkon ham boʻlgan.
– Sen juda kuchli qiz eding. Unday qilishingga ishonmasdim.
– Aynan shu kuch oʻlim qarshisiga tik chiqishimga dastak edi. Qoʻrqoqlar hatto oʻzlarini oʻldirishga ham jurʼat etolmaydilar.
– Qaydam, balki, haqdirsan. Qoʻy, bu haqda gaplashmaylik. Oʻlim haqida gaplashishni istamayman.
– Men ham. Keling, hayot haqida gaplashamiz. Keyin… hayotingiz qanday kechdi? Nega uyda yolgʻizsiz?
– Yolgʻiz emasman, xotinim men bilan birga. Nabiralarini sogʻinib, ularni bir koʻrib kelay deb chiqqan edi. Xurshida qizim doim yonimda. Hamshiram, yordamchim. Qoʻlidan hamma narsa keladi. Faqat shu… musiqa chalishni bilmaydi, xolos.
– Oʻz umrini musiqaga bagʻishlagan sizdek insonning qarigan chogʻida musiqani tushunmaydiganlar bilan qolib ketishi – fojia. Xotiningiz oʻzgarganmi?
– Odamlar oʻzgarishiga ishonasanmi?
– Ha.
– Men esa yoʻq. Aytgancha, Xurshidadan yonimga hech kimni kiritmasligini soʻragandim. Qanday qilib xonamgacha kirolding?
– Amalladik. Sizga oʻz qoʻllarim bilan tovuq shoʻrva qaynatib keldim. Juda foydali. Shifo boʻladi deb eshitdim.
– Rahmat, ovora boʻlibsan.
– Toʻgʻrisini aytsam, oxirgi marta qachon ataylab kim uchundir ovqat qilganimni eslolmayman.
– Sening qoʻlingdan tovuq shoʻrva! Mana buni ziyofat desa boʻladi. Tovuq ham kuylab yuborgandir.
– Buni hozir koʻramiz, – dedi Safiya jilmayib.
U bu uyni juda yaxshi bilgani uchunmi, toʻgʻri oshxonaga yoʻl oldi. Xuddi oʻz uyidek tushlik tayyorlashga kirishib ketdi. Bemor yotgan xonaning eshigi qiya ochiq, bu yerga idishlarning va Safiyaga nimaning qayerdaligini aytib turgan Xurshidaning ovozi eshitilib turardi. Safiya dasturxon tuzayotgan edi.
***
Umr yillar kaftidagi qumga oʻxshaydi: toʻkilib boraveradi, boraveradi, to tugaguningcha. Mansur Abdullayev hozir shular haqida oʻylarkan, Safiyani ilk marta koʻrgan 1996-yilning jazirama yozini esladi. Oʻshanda Navoiy shahridagi zavod ishchilarining bayramiga borishgan, u sanʼatkorlar guruhiga rahbar edi. Vohaning quruq va dim havosi yuragini siqdi. Salqinlash uchun muzqaymoq sotadigan kichik bir doʻkonchaga yaqinlashdi. Oʻzi uchun muzdek suv va muzqaymoq buyurib, atrofni kuzata boshladi. Oʻshanda hech esidan chiqmaydi, bir rus qizi muzqaymoqni xuddi shirguruch yegandek qoshiqlab paqqos tushirardi. Oldida bir nechta muzqaymoqdan boʻshagan idishlar. U och odamga oʻxshab muzqaymoq yer, hech kim bilan ishi yoʻq, oʻziga hayrat bilan qarayotgan koʻzlarga mutlaqo befarq edi. Mansur unga qarab-qarab muzqaymoqdan totdi. “Balki, unchalik sovuq emasdir”, ‒ deb oʻyladi oʻzicha. Yoʻq, muzdek! Qanday yeyapti ekan u? Qiz yana va yana muzqaymoq olib kelib yeyaverdi. Sanoqdan ham adashib ketdi oxiri. Qizga qarab ham hayratlanib, ham zavqlanib muzqaymoq yedi oʻzi ham. Qiz nihoyat oʻrnidan turdi va pul, tanga-chaqa aralash sanab, haqini toʻlab ketdi. Shunda u bilgandiki, qiz puli tugaguncha muzqaymoq yegan ekan. Agar u qizni qayta uchratmaganda, bu voqeani mutlaqo esidan chiqarib yuborgan boʻlardi, ammo (baxtga qarshimi yo baxtigami – hali ham oʻzi tushunmaydi) unga kutilmagan bir joyda yana duch keldi. Oʻsha kuni muzqaymoq doʻkonidan chiqib, qayerga borishni ancha oʻyladi, miyasiga tayinli fikr kelmagach, mehmonxonaga qaytishga qaror qildi. Tush paytida uxlashga oʻrganmagani uchun uyqu ham koʻziga ilinmay, papiros chekdi, derazadan shaharni tomosha qildi. Ming xil oʻylari orasida muzqaymoqxoʻr qiz lip etib oʻtdi va oʻzicha kulib qoʻydi. “Ajoyib shahar ekan...”
Ertasiga ogʻir kun boʻldi.
Asabbuzarliklar, kechikib kelgan ashulachilar, sozandalar, aksariyati jahon klassikasini tushunmaydigan odamlardan iborat gʻala-gʻovurli zal bilan konsert oʻtdi. Mansur bularning barchasi nihoyasiga yetganidan xursand boʻlib, oʻzini yelkasidan togʻ agʻdarilgan odamdek his etdi va ketishga shoshildi. U konsert oxirida musiqa maktabining xor ijrochilari chiqishiga qolmoqchi emasdi, ammo uni sahna ortidan, ketayotgan joyidan bir kuch ortiga qaytardi. Bu kuch musiqa edi. Boshqa sozlarning ovoziga hamohang bir ritmdagi pianino ijrosi ham vazmin, ham oʻz oʻrnida shiddatkor edi. Kuyning har bir notasi toza chalinayotgan boʻlsa ham, ijrochi unga oʻzidan ham qoʻshib yangi bir uslub yaratgandi. Mansur avvalgi joyiga qaytib keldi. Diqqat bilan pianinochini kuzata boshladi. Oltinrang sochlari ikkita qilib oʻrilgan va ularning uchiga qandaydir yarashmagan katta oq lenta taqqan qizning haddan ortiq pianinoga egilib olganidan yuzini koʻrishning imkoni yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham, Mansur ijrochi navqiron ekanini, uning favqulodda isteʼdodi borligini payqadi. “Nima qilyapti? – dedi oʻziga oʻzi. ‒ Kuyni his etib chalish toʻgʻri, ammo bu degani pianinoga yopishvolish kerak deganimas. Oʻzi mashq qilsa kerak, xatolari bor. Kim oʻzi bu qizcha, jahon klassik musiqasiga nega oʻzidan ohanglar qoʻshib chalyapti?” Ha, oʻsha kuni Mansurning ham jahli chiqqan, ham hayratlangandi. Kuy oxirlashgan sari pianinochining zavqi oshib borar, yakuni qayerdaligini bilsa ham, Mansur adashib ketdi. Yosh ijrochi musiqani oʻzi xohlaganicha chalayotgan edi. Nihoyat oʻquvchilar chiqishi tugadi. Gulduros qarsag-u olqishlar zalni toʻldirdi. Hech nimani tushunmagan boʻlsa-da, tomoshabin oyoqqa qalqdi. Mansur ularga qoʻshilmadi. Oʻrnidan turdi-da, sekin tushayotgan parda ortiga oʻtdi. Toʻgʻri pianino chalgan qizga yaqinlashdi.
“Qayerdadir koʻrganman?” ‒ deya oʻyladi u. Keyingi bir necha daqiqalik odatiy salom-alikdan soʻng ham Mansur bu ikki yuzidagi sepkillari yaqqol koʻzga tashlanadigan, moviykoʻz, oltinsoch, qarashlari oʻychan, kamgap rus qizini qayerda koʻrganini eslashga urinish bilan oʻtkazdi.
– Safiya, hozir maktabning bitiruvchisisan, demak? – soʻradi Mansur.
– Ha, – dedi qiz bosh irgʻab. U Mansurning maqsadiga tushunolmay hayron boʻlayotgandi.
Mansur choʻntagidan qogʻoz olib nimalarnidir yozdi-da, qizga uzatdi.
– Maktabni tugatgach, albatta, konservatoriyaga oʻqishga topshir. Sen oʻqishni davom ettirishing kerak! ‒ dedi. Gapni qisqa qilib xayrlashdi.
Mansur oʻsha kuniyoq Toshkentga qaytish tadorigini koʻrdi. Mehmonxonada buyumlarini yigʻishtirayotganda, bir nechta tanga jiringlagancha choʻntagidan polga toʻkildi. Ularni bittalab yigʻib olgan Mansur choychaqa sifatida stol ustiga qoʻyarkan, kechagi muzqaymoq evaziga toʻlangan tangalar lip etib yodiga tushdi. “Esladim, axir oʻsha qiz, oʻsha qiz edi-ku”.
***
– Bu yerda hali ancha qolasanmi? – dedi Mansur Abdullayev, ovqatlanib boʻlishgach.
– Bilmayman.
– Senga baʼzi bir hujjatlarni berib qoʻyishim kerak.
Safiya savol nazari bilan qaradi.
– Aney uyini senga qoldirgan. Bu es-hushi joyidaligidagi oʻzining shaxsiy qarori edi. Qogʻozbozligini men qildim. U seni juda yaxshi koʻrardi. Oʻz farzandiday.
Safiyaning boyagi xursand chehrasi jiddiylashdi, qovoqlari uyildi, boshi yerga egildi.
– Qachon boʻlsa ham Toshkentga qaytadi, oʻshanda mendan keyin koʻchada qoladimi deb xavotirlanardi. Ishlaring yaxshiligini, yaxshi yashayotganingni bilardim, unga esa buni tushuntirib boʻlmasdi. Bu uyga kelsam boʻldi, mavzu sen boʻlarding.
– Qanday oʻldi? Osonmi?
– Bilmayman. Afsuski, yonida emasdim. Qoʻshnilar xabar qilishgan.
Safiyaning tomogʻiga bir nima tiqildi, Mansur Abdullayevning koʻzlariga qarab qotib qoldi.
– Yonida emasdim?! Qoʻshnilar xabar qilishdi?! Nimalar deyapsiz? Hali Aney bitta oʻzi yolgʻizlikda jon berdimi? Axir u butun umr shundan qoʻrqib yashagandi-ku! Nega uning bir oʻzini qoldirdingiz? Oʻligi ham yoʻlingizga ilhaq boʻlib… sasib yotgandir, a?!. Qanday, qanday sizga oʻxshaganlar gavdasini koʻtarib yura oladi?
– Safiya, qoʻy bu gaplarni… iltimos. Oʻsha kunlar shaharda emasdim.
Oʻrtaga ogʻir jimlik tushdi. Safiyaning xayoli tutingan onasiga ketgan, uni eslaganda oʻzi sezmagan holda koʻzidan yosh sizib chiqardi. “Qanday mehribon, qanday toza, samimiy ayol edi-ya. Shunday odamlar ham bor deb taskin topib, yashashda davom etadigan, qolgan odamlarni ham bir shu insonning yaxshiligi hurmati kechirib yuborsa boʻladigan ayol edi-ya!” Safiya hayotida hech kimdan unchalik yaxshilikni, mehrni koʻrmagandi. Hayotining xiyla tinch, halovatli kunlari shu uyda, Aney bilan oʻtgandi.
– Xonang qanday tashlab ketgan boʻlsang, shunday turibdi. U sening qaytib kelishingga ishonardi.
– Sizlar qachondan beri bu yerda yashayapsizlar?
– Uning oʻlimidan keyin...
– Aney hammani ham uyiga kiritmasdi, siz esa karvonsaroy qilgansiz. Unga xotiningizning bu yerda yashashi mutlaqo yoqmagan boʻlardi.
– Yolgʻiz yashayman… Hali ham bu yerga begona qadam bosmagan. Xurshida esa yaqinda keldi. Ilojsiz qolib ketdim.
Safiya buni taxmin qilgandi. Umr boʻyi bir-birini koʻrarga koʻzi yoʻq yashagan er-xotinlar birdan inoqlashib qolmasdi. U oʻyga botdi. Nima qilishga ham hayron edi. Qalbidagi eski yaralari tirnalib, gʻazabi orta boshladi. Nimadir deb bemor odamning ham dilini battar ezmaslik uchun ketishga qaror qildi.
– Bu yerdan ketsangiz, boshqa yashaydigan boshpanangiz bormi? – dedi u eshikdan chiqayotib.
– Topaman.
– Unda keting. Uyni Aney qanday tutgan boʻlsa, shunday qoldiraylik. Tegilmasin hech bir buyumiga.
– Sen-chi? Yashamaysanmi bu yerda?
– Yoʻq. Xotiralarim yashayapti. Unda hammamiz baxtlimiz. Aney, men, siz. Erta tongdagi mashqlarim, endi-endi yarala boshlagan musiqalarim, orzularim… Shundayligicha qolsin.
Safiya chiqib ketdi. Zinalardan shitob bilan tushib ketayotgan baland poshnali oyoq kiyimning ovozi eshitilib turdi.
Pastga tushgan Safiya hansirab qolgandi. Ichidan achchiq yigʻi kelar, u tovush chiqarmay yigʻlardi. Ikki qoʻlini koʻksida qovushtirgancha yerga qarab tik qotdi. Yigʻladi.
«Bir oʻzi kimsasizlikda oʻlibdi. Oxirgi koʻrgani toʻrt devor boʻlgan, oh, nimalarni oʻyladi ekan Aney oʻsha lahzalarda? Bu yerga koʻchib kelarkansiz, nega avvalboshdan, men ketgach, shu ishni qilmadingiz? Nega? Nega menga uning oʻlimini ham aytmadingiz? Ming laʼnat boʻlsin sizday bagʻritosh odamga! Ahvolingizni koʻrib avval achingandim, yoʻq, siz bularning bariga loyiqsiz. Yolgʻiz qolishga, muhabbatga zor yashashga, unutilishga… mahkumsiz! Men toʻgʻri yashabman, mana, bugun endi ishonchim komil boʻldi. Sizdan oʻzib ketishga, mashhur boʻlishga intilib toʻgʻri qilibman. Tomoshabin boʻlish navbati endi sizga, menga emas, menga emas».
Safiya boʻshashib yoʻlida davom etdi. Uni tepadan, derazadan kuzatib turgan Mansur Abdullayev chuqur xoʻrsindi.
***
Safiya choʻntagiga qoʻl suqqanida barmoqlariga ilashib chiqqan qogʻozchaga koʻz yugurtirdi. Unda oq, katta, muhtasham bir binoning surati bor edi. “Ha, bu yerni bilaman. Maktabda ham rasmi bor, konservatoriya. Mansur Abdullayev musiqachi, dirijyor. Telefon raqamlar, manzillar”. Safiya konservatoriyada oʻqishni juda xohlardi, ammo buning iloji yoʻqligini ham bilardi. Shuning uchun bu haqida gaplashishni istamasdi. Qogʻozni yana qayta choʻntagiga soldi-da, devor yonidagi stulga borib oʻtirdi. Xayolida bugungi chiqishi, tanasida esa oʻz-oʻzidan mamnunlik hissi hukmron edi. Bu uning birinchi marta shunday katta zalda musiqa ijro etishi edi. “Agar katta-katta konsert zallarida pianino chalsam, nima qilarkinman, a? Ehh, yuragim hayajon-u quvonchdan yorilib ketsa kerak” degan shirin xayollarga berildi Safiya. Shu payt qoʻshni xonadan shovqin, shirakayf erkakning boʻralab soʻkingani eshitildi. Safiya chaqqonlik bilan turib borib xona eshigini qulflab oldi. Qaytib kelib joyiga oʻtirarkan, boyagi xursand chehrasida tashvish, qoʻrquv alomatlari zohir boʻldi. Nimadir devorga tegib chirsillab sindi, kimdir voy degancha qichqirib qoldi, soʻkinildi, baqirildi, eshik sharaqlab ochilib-yopildi. Bir muddat ikki qoʻlini koʻksida qovushtirgancha turib qoldi. Shunday paytlarda u pianinosida shoʻx, shiddatkor kuylar chalardi, unga farqsiz edi kimning musiqasi, nimadan keyin qaysi boshlanishi. Bir bastakorning musiqasi avjidan boshqasinikini adashmasdan ulab chalib ketaverardi. Muhimi, ota-onasining navbatdagi janjalini eshitmasa bas edi. Keyin ular bitta-yu bitta pianinosidan ham ayirishdi-yu butkul yolgʻizlanib qoldi. Hech kutilmaganda boʻlib oʻtdi hammasi, u bir soʻz deb eʼtiroz bildirolmadi, kaltak yeyishdan qoʻrqdi. Sotib yuborilgan pianinosi pulidan unga uzatib “muzqaymoq olib yeysan” deya “mehribonchilik” qilishgandi. Safiya oʻsha kuniyoq hamma puliga muzqaymoq olib yegan. Ammo bu ichidagi alam olovini zarracha boʻlsin pasaytirolmagandi.
***
– Bilasizmi, albatta, har bitta insonning muvaffaqiyati ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Shu bilan birga, oʻsha odamning isteʼdodini vaqtida payqab, uni toʻgʻri yoʻnaltirish ham katta ahamiyatga ega, axir iqtidor u yoki bu soha boʻyicha hammada boʻlishi mumkin-ku! Uni yuzaga chiqara olishida hech kim koʻmaklashmagan boʻlishi ham mumkin. Bu borada oʻzimni juda omadli deb hisoblayman, chunki mening ilmli, ziyoli, sanʼatsevar ota-onam bor. Ular meni bolaligimdan qoʻllab-quvvatlab kelishdi, buning uchun ulardan juda-juda minnatdorman.
Televizorda Safiyaga tantanali ravishda unvon topshirilayotganini koʻrsatishdi. Uning ortidan esa avvaldan yozib olingan suhbatni berishdi. Intervyu davomida uning oilasini, ota-onasini bir necha marta koʻrsatishdi. Ota-onasi ancha qarib qolgan, toʻkin dasturxon atrofida ikkalasi oʻtirib bir-biriga tabassum bilan tikilgancha rasmlar tomosha qilishardi. Ana Safiyaning bolalikdagi rasmlari, maktab paytlari…
“Aldashni oʻrganibsan-a! Juda ishonarli chiqdi. «Ular meni bolaligimdan qoʻllab-quvvatlab kelishdi” emish, heh, oʻldirib qoʻyishmasidan qoʻllaridan qochib qutulganimga shukr qilaman desang-chi! Deyolmaysan. Obroʻyingga putur yetadi. Ana shunaqa, oila nozik nuqta boʻladi, sen boʻlsa nega xotiningiz bilan ajrashmagansiz deb meni qistovga olarding. Oldingda bolalaring, ishing, obroʻying turganida ulardan bir kunda ayirishi mumkin boʻlgan odamdan kechib ketib boʻlmasdi. Hozir menga baribir. Shundogʻam ayrilib boʻlganman ulardan. Biroq vijdonim oldida aytishim mumkinki, oʻzimni ham, boshqalarni ham aldamaganman. Jim yashadim, garchi bu uzoq davom etgan boʻlsa ham. Lekin ikkiyuzlamachilik qilmadim. Sen esa, ehhe, ancha oʻzgaribsan. Bir yumalab toʻkis xonimchaga aylanib qolibsan».
Mansur Abdullayev asabiylashib ketdi. Qon bosimi oshdi, shekilli, boshida kuchli ogʻriq turdi.
– Xurshidaxon, sizdan iltimos, “davleniya” dorimni olib keling, hozir ichmasam, naq portlab ketaman.
***
Mansur oʻsha kuni ham odatdagidek repetitsiyadan juda kech chiqdi. Koʻcha chiroqlari yoqilgan, tramvay ham toʻxtagan, mashinalar unda-bunda koʻzga tashlanmasa, yoʻq hisobi edi. U eshikdan chiqishi bilan ortidan qorovul amaki chaqirganini eshitdi. Orqasiga qaradi.
– Mansurjon, toʻxta, shoshma, seni bir oʻris qizcha izlab kelgan.
– Kim ekan?
– Anchadan beri shu yerda kutyapti, muzlab ham ketdi. Hey qizim, – biroz ovozini koʻtarib gapirdi u, – keling bu yoqqa, mana shu kishi siz soʻragan odam boʻladi.
Shunda katta ustunlar ortidan bir kichik jussali qiz sirgʻalib chiqib keldi. Shoshmasdan yurib kelib salom berdi. Mansur uni koʻrib hayron boʻldi, bu oʻsha Navoiyda koʻrgani muzqaymoqxoʻr edi. Uning yuzlari momataloq boʻlib ketgan, yupungina kiyingan edi. Uzun, sariq sochlari bitta qilib tepadan turmaklangan, ular shamolda toʻzgʻib, uchib yotardi. Rangida qon yoʻq, koʻzlari qizargan, nuqul burnini tortardi. Bejo koʻzlari bir unga qarardi, bir yerga. Qiz ham, Mansur ham nima deyishni bilmasdi.
* * *
– Mansur, bu qizimka kim?
– Safiya. Navoiylik. Toshkentga oʻqish uchun kelgan, borarga joyi yoʻq. Shuning uchun siznikiga olib keldim.
– Nega menikiga, oʻzingning uyingga olib bor. Nima, mening uyim musofirxonami senga?!
– Aney, Aneyjonim, mehribon onajonim, yarim kecha hozir, shu qizni uyimga olib borsam, xotinim nima qiladi deb oʻylaysiz?
– Menga nima? U alvastini nima qilishini menga farqi yoʻq!
– Aneeey, bu qiz juda ajoyib qiz, shunday pianino chaladi, sehrlanib qolasiz, shunday qoʻl-oyogʻi chaqqon, uy ishlaringizga qarashadi, tayyor dastyor.
– Hm, ahmogʻingni topibsan. Men bir oʻzim yashab oʻrganganman, bilasan-ku, oromimni yoʻqotaman, kerak emas hech qanaqa student, agar u avliyo boʻlsa ham.
Oshxonada shunday suhbat borayotgan bir paytda Safiya mehmonxonada oʻtirib, issiq choydan soʻng ichiga issiq kirib, charchoq zoʻrlik qilib divanga suyangancha uxlab qolgandi. Yumshoq qoʻllar uning yuzlarini, sochlarini silayotganda esa sekin koʻz ochdi.
– Oppoq qizim, tur, uxlama. Senga xona tayyorlab qoʻydim, bemalol dam olasan oʻsha yerda. Tur, qoʻzim, tura qol.
Safiyani joyiga yotqizgach, Aney tashvishli chehra bilan oshxonaga Mansurning yoniga qaytdi.
– Mansur, shu guldek qizchani kim urgan boʻlsa endi?
– Hozircha anigʻini bilmayman. Keyinroq oʻzi aytib berar sizga.
Aney koʻk koʻzlarini qisib unga tikildi.
– Vaʼda beraman, u uyingizda koʻpga qolmaydi. Oʻqishini hal qilib, yotoqxona gaplashib olib chiqib ketaman. Tamom.
– Hm, shunday boʻlsin, boʻlmasa bolam-boʻtam deb oʻtirmayman, tayoqlayman!
Mansur jilmaydi. Idishda turgan har donasi jimjiloqdek keladigan uzum donalaridan birini ogʻziga soldi. U karsillagan ovoz chiqardi.
– Gʻarq pishgan, kelishingni bilganday sen yoqtiradiganidan koʻproq olgandim. Qogʻozga oʻrab beraman, olib ket, yeysan.
– Rahmat, Aney, siz judayam yaxshisiz, – deya oʻrnidan turdi va stulda oʻtirgan kampirning yelkasidan mehr bilan quchoqladi.
***
Safiya parishonxotir, sekin yurib kelib xonasiga kalit soldi. Eshik ochiq edi. Hayron qoldi, ertalab qulflash esimdan chiqqan deb oʻyladi. Xonaga kirishi bilan uning koʻzi sevimli gullariga tushdi.
‒ Syurpriz!
Safiya bugungi kutilmagan va yoqimsiz syurprizlardan toʻygan edi, oxirgisi esa hammasidan oʻtib tushdi. “Hozir menga ortiqcha edingiz”, ‒ xayolidan oʻtkazdi u.
Bu ifoda uning yuzidan ham sezilib turardi.
‒ Mening xotinjonim yaxshimi?
‒ Yaxshi.
‒ Undayga oʻxshamaydi, charchagan koʻrinasan, ‒ deya uni quchoqladi Ali. ‒ Meni sogʻindingmi?
Safiya uning quchogʻidan chiqishga urinmadi, doʻkonlardagi jonsiz manekendek turaverdi.
‒ Ha, juda ham! Vaqtingiz yoʻq edi-ku, qaysi shamollar uchirdi biz taraflarga?
‒ Seni sogʻindim. Koʻray dedim, oʻzim tabriklay dedim. Bilasanmi, yoʻl-yoʻlakay reja tuzib ham qaytdim. Bu yerda katta ziyofat beramiz, manaman degan mashhur insonlarni taklif etamiz, mehmonlar roʻyxatini xayolda pishitib qoʻydim. Katta shou qilamiz, hali bunaqasini hech kim koʻrmagan. Chet ellik mashhur yulduzlarni chaqiramiz…
Ali prodyuser, oʻzining ayni sohada kattagina biznesi bor edi. U sanʼatga, sanʼatkorlarga pul kelish manbayi deb qarardi. Safiya bilan ilk tanishuvi ham ish yuzasidan boʻlib, uzoq yillik hamkorlik oila qurish bilan mustahkamlangandi. Safiya nega unga turmushga chiqqanini baʼzan tushunmaydi. Yoʻq, u hammasini bilib, koʻrib, keyin qaror qabul qildi. Koʻp bor bunga afsuslandi, shu bilan birga, ishonardiki, agar shu nikoh boʻlmaganda, Safiya bu darajagacha yetolmasdi. Chunki eri Safiyaning erkin ishlashi, ijod qilishi uchun qoʻlidan kelgan hamma sharoitni yaratib bergandi.
– Sizning bayramona kayfiyatingizni ham, rejalaringizni ham buzishni istamasdim-u, ammo, bilib qoʻying, bu yerda hech qanaqa ziyofat ham, shou ham oʻtkazmaysiz.
– Nega?
– Shunchaki. Ortiqcha dabdabasiz, tinchgina ketmoqchiman.
– Tushunmadim, qani bu yerda ortiqcha narsa? Sen bularga haqlisan, azizam! Yoʻq dema. Hammasini doimgidek menga qoʻyib ber, men kimligimni bu yerdagilarga bir koʻrsatib qoʻyay. Koʻrib, hammaning ogʻzi ochiladigan jahon yulduzlarini chaqirib, mashhur odamlarni bir joyga yigʻib shou oʻtkazay va…
Safiyaning boshi aylanib ketdi, bugungi charchoqlari taʼsir qilibmi, yuragi koʻtarilib, qayt qildi. Ahvoli yomonlashdi. U faqat va faqat tinch qoʻyishlarini istardi shu topda.
– Senga nima boʻldi? Shifokor chaqiraymi? ‒ dedi Safiyaning ahvolidan tashvishga tushgan Ali.
– Menga hech narsa kerak emas, yolgʻiz qolmoqchiman.
– Seni bu ahvolingda yolgʻiz qoldirib ketaymi?
– Ha, keting. Bemaʼni rejalaringiz bilan koʻzimdan yoʻqoling!
– Tushunmadim.
– Siz… oʻzi nimani ham tushunardingiz? Men nima deyman, siz nima xayoldasiz? Men nimani istayman, siz nimani istaysiz? Ehhh!
– Ha, shuni bilishni istayman men ham. Nimani istaysan oʻzi? Nega hamma narsani murakkablashtiraverasan? Nima yetmaydi senga?
– Mengami? ‒ xoxolab uzoq kuldi Safiya. Ali avvaliga qattiq jahli chiqqan boʻlsa, endi uning bunday ruhiy ahvolini koʻrib xavotirlana boshladi.
– Men odamlarni tushunishni istayman! Ularni sevishni istayman. Qoʻrqmasdan, oqibatini oʻylamasdan, boricha, koʻngilni berib sevishni istayman, tushunyapsizmi? His etishni, dunyoning bor lazzatlarini, azoblarini, iztiroblarini boricha, eng choʻqqisiga qadar his etishni istayman… Men hech kimga hech nima demadim, his etganlarimni, olamdan, odamlardan olganlarimni kuyga soldim. Keyin yakunda ularning koʻzlariga javdiradim. Ha, ha, men har bir tinglovchimning koʻzlariga qarab chiqaman. Bilasizmi siz shuni? Odamlarga tushuna oldimikin kuyni, anglay olarmikan kimdir meni deb qarayman. Lekin yoʻq, afsuski, hech kim yoʻq. Istamasam-da, davralarga sudraysiz. Qorni toʻygan, miyasi qotgan insoniylik, sanʼat, inja hislarni anglamaydiganlar, quruq savlatlar ichida kuy chalishga majbur qilasiz. Menga ularning eʼtirofi-yu olqishlari bir tiyin. Tupurdim lahzalik shovqinga, oʻtib ketadigan maqtovlarga. Yoʻq, men boshqa narsa istayman axir. Yashashni, haqiqiy, hamma narsadan yuqori turadigan sanʼat uchun yashashni istayman. Odamlarning tuygʻularini asrashni, sanʼat katta kuch ekanligini anglatishni istayman. Uni garchi odam yaratsa-da, yaratgan odamidan ham baland ekanligini tushunmaysiz siz. Axir u mehnat, aql, tasavvur mahsuli boʻlibgina qolmay, dunyoga oʻzingning borligingni, mavjudligingni aytish vositasi ham! Men uni sevdim! Butun borligʻim bilan, faqat u bilan yashagan lahzalar yashadim, unga sigʻindim. Birorta doʻstim boʻlmadi, ishonganlarim voz kechishdi, sevgimga ham, oʻzimga ham tupurishdi, har qalbdan haydaldim. Hammasidan ayrilganimda, bilasizmi, nima meni ushlab qoldi? Musiqa! Sanʼat! Siz buni tushunolmaysiz! Sizga borliq raqam boʻlib koʻrinadi, xolos.
Safiya jazavaga tusha boshladi. Ali indamay kiyindi, narsalarini oldi. Xatti-harakatlaridan qattiq noroziligi sezilib turardi. U Safiyaning ikki yelkasidan tutib oʻziga qaratdi va koʻzlariga qattiq tikildi.
– Bilsang, bularning hammasini sen uchun qilmoqchi edim. Mayli, xohlamas ekansan, ziyofat boʻlmaydi, ‒ dedi va uni qoʻyib yubordi. Safiya xuddi ilingan joyidan yerga tushib ketgan kiyimdek shilq etib polga oʻtirib qoldi. Ali esa bunga parvo qilmay chiqib ketdi.
– Siz baribir tushunolmaysiz, ‒ kuchsiz, ingroq bilan aytilgan bu soʻzlar ortidan kuchli yigʻi otilib chiqdi…
***
Soʻnggi voqealardan keyin Safiya surunkasiga uch kun uxladi. Undan keyingi kunlar ham oʻziga kelishi oson kechmadi. Koʻp yildan buyon uyqusizlikdan qiynalar, muntazam shifokorga borar, yozib bergan uyqu dorilari ham taʼsir qilmay qoʻygach, psixolog bilan ishlashga oʻtgandi. Oʻsha kungi qisqa uchrashuvdan soʻng Safiya erini qaytib koʻrmadi. U qoʻngʻiroq qilmadi, kelmadi. Safiyaning oʻzi ham izlamadi. Qizlari bilan gaplashgandagina u uyga qaytganini bildi. Qizlarini sogʻinganini his etib oʻzining yaxshi ona boʻlolmayotganidan oʻkindi. Uning ikki qizi bor edi. Bir paytlar birinchi farzandini qoʻliga olganida unga yaxshi ona boʻlishga, risoladagidek oila, hayot, kelajak berishga oʻziga soʻz bergandi. Baʼzan ishlari, ijodi, chigal oʻy-xayollari ichida buni unutib qoʻyar, yodiga tushganida esa vijdoni qiynalib, ich-etini yeb, qizlari yoniga shoshardi. Shu tobda Safiya ikkiga boʻlingandi: birinchisi hamma narsaga qoʻl siltab, bu yerga qaytmas boʻlib oilasi yoniga ketish kerakligini aytsa, ikkinchisi biroz shoshmasdan, ishlarni oxiriga yetkazish shart degan fikrni oʻtkazmoqchi boʻlardi. Safiya qizlari tomon oshiqayotgan koʻngliga quloq soldi. Bu paytda esa Mansur Abdullayev ham koʻchish harakatida edi. Safiya nima boʻlganda ham unga ziyon yetishini, ogʻirlik boʻlishini istamasdi. Shuning uchun ketishidan bir necha kun oldin oʻsha uyga yana bordi. Qarasa, Mansur Abdullayev oʻrnidan turib qutilarga narsalarini joylayapti, koʻrinishidan ancha tetik-bardam boʻlib qolgan. “Odamlar doim ketish uchun kuchni qayerdandir topishadi, agar shu kuchni qolish uchun sarf etganlarida, ehtimol, hozir baxtsiz odamlar, afsuslar, buzilgan oilalar juda-juda kam boʻlardi”, ‒ deb oʻyladi Safiya.
– Koʻrinishingiz zoʻr, ‒ Safiya javondagi rasmlarni tomosha qila boshladi. Unda Aneyning bolalik portreti, toʻy rasmi, yana faqat Aneyning oʻzigina tanigan yaqin odamlarining oq-qora eski rasmlari terilgan edi. Ularning qatorida uchalasi birga tushgan bitta ham rasm yoʻq edi. Safiya bundan qattiq afsus chekdi. Baxtli kunlardan esdalik deb rasm tushishmagan ekan, attang. Oʻsha paytlar Safiya qolgan umrim ham mana shunday kechadi deb oʻylagandi-da. Kitoblar asar qahramonlarining hayoti uzoq qiyinchilikdan soʻng yaxshilik bilan yashayotgan joyida yakunlanadi. Safiya oʻsha chiroyli yakunda butun umr qolaman deb oʻylab adashibdi.
– Senga esa unday deb boʻlmaydi, uxlolmayapsanmi deyman?
– Aksincha! Hammasi asabdan, eʼtibor bermang. Charchadim. Amerikaga uchib ketyapman.
– Ketyapsanmi?
– Ha.
– Butunlaymi?
– Ha.
– Toʻgʻri qilasan. Sening bu yerda qiladigan ishing qolmagan.
– Bor edi, hammasidan voz kechyapman.
– Voz kechyapman?.. Bu yoqqa kel, senga bir narsa koʻrsataman, ‒ deb Mansur Abdullayev eski bir jigarrang papkani ochdi va ichidan ilvirab ketgan, yirtilgan, yillar oq rangiga xira tortgan qogʻozlarni oldi. Hassasiga suyanib pianino yoniga kelib oʻtirdi. Bu oq pianinoni Aney sotib olib bergandi. Safiya hayotida olgan ilk va bebaho sovgʻa! U bunday katta sovgʻani, yangi ajoyib pianinoni orzu qilishga ham jurʼat etmasdi, oʻzini loyiq deb bilmasdi. Aney konservatoriyaning birinchi kursida oʻqib yurgan paytlaridayoq unga olib bergandi. “Askar jangga qurolsiz kiradimi? Pianinochi ham pianinosiz shunday bir gap-da”, ‒ degan edi u.
– Bunga qara, yoshligimda bastalagan kuylarim. Arxivimdan topdim. Tasodifan. Bir paytlar ulardan koʻnglim toʻlmay voz kechgandim. Eʼlon qilmadim, ishlamadim, hatto oʻzim ham unutdim ularning borligini. Sababi, men kutganimchalik chiqmagandi. Boshqa narsa istadim, bular boshqa ohangda yangradi. Ularga past baho berdim, oʻzimga emas, bularga past baho berdim, tushunyapsanmi?! ‒ u qoʻlidagi qogʻozlarga ishora qildi va his-hayajonining zoʻridan qogʻozlarni chertib-chertib gapirdi.
– Endi eshit buni, ‒ deya Mansur Abdullayev qaltiroq qoʻllari bilan sekin kuy chala boshladi. U anchadan beri pianino chalmagan edi. “Eshit, eshit” degandek bosh irgʻab qoʻyardi. Safiyaning dimogʻiga iliq bahor havosi kelib urilgandek boʻldi. Bu yangi, u hech qayerda eshitmagan ajoyib kuy edi.
– Men buni bir paytlar “musor”ga chiqargandim! Bunga oʻxshagan qancha qoralamalarim havoga uchdi, yirtildi, chiqindi chelakka otildi, lekin qara, qanday toza! Yoʻq, men oʻzimni maqtamoqchi emasman, bizning fikrlarimiz oʻzgarib turishini aytmoqchiman, hatto didimiz ham shunday. Biz mukammallikka intilib bus-butun toʻla tugʻilgan sanʼat asarini yoʻq qilishimiz ham mumkin. Safiya, hamma narsaga bahoni vaqt va odamlarga qoʻyib berish kerak. Sen faqat chalishing, odamlarga dalda boʻladigan, oz muddatga boʻlsa ham maishiy dunyosidan yuqoriga koʻtaradigan kuylar yaratishing kerak, sen shuning uchun bu kir dunyoga kelgansan! Hech nimani oʻylamay, ularga oʻzingcha baho bermay ijod qilishing kerak. Bilasan, men yoshligimda koʻp xato qildim, sengayam, oʻzimgayam adolatsizlik qildim. Ammo eng dahshatlisi, mana shularga hayot bermaganim boʻlgan ekan. Endi qancha umrim qolgan boʻlsa, hammasini ularga bagʻishlamoqchiman.
Mansur Abdullayev toʻlib-toshib gapirar, Safiya uni diqqat bilan tinglar, oʻzini talabadek, uning mahorat darsida oʻtirgan gʻoʻr oʻquvchidek his etardi.
***
Mansur Abdullayevning darsiga hamma talaba qayerda boʻlsa ham yetib kelib qatnashardi. Bu undan qoʻrqishda yo hurmatda ham emasdi, u talabalariga eng kerak boʻlgan saboqlarni berardi, eng zarur narsalarni oʻrgatardi. Oʻz ishini, talabalarini yaxshi koʻrardi. Safiya birinchi marta uni koʻpchilik ichida, orqa partada oʻtirib, maftun boʻlib, bola qalbi bilan yaxshi koʻrib qolgandi. Mansur Abdullayev uning qahramoni edi. Avvaliga unga nisbatan his etayotganlari nimaligi bilmasdi, ammo tun-u kun xayolida oʻsha inson aylanavergach, bundan qoʻrqib ketdi. Mansur Aneyning holidan xabar olgani tez-tez kelib turardi. Bir paytlar talabalik yillarida uning oʻzi ham shu yerda ijarada yashagan va uy egalari ‒ tatar er-xotin bilan bir oiladek boʻlib ketgandi. Oʻsha paytlar Aneyning eri tirik boʻlgan, keyinroq bir-biriga juda suyanib qolgan ulkan daraxtlarning biri kutilmaganda qulagan. Aney erining oʻlimidan keyin qattiq iztirob chekkan, oʻshanda Mansur: “Men borman-ku, meni bolam deng, men sizni onam deyman”, – deya taskin berib uning yonida boʻlgandi. Shu bilan Mansur uni “aney”, yaʼni “ona” deb atadi va oʻgʻil tutindi. Garchi oxirigacha farzandlik burchini ado etolmagan boʻlsa-da, u chin dildan bunga harakat qilib yashadi. Safiyani uyga olib kelganidan soʻng u yanada serqatnov, koʻproq vaqtini ular bilan oʻtkazadigan boʻldi. Safiya asosiy bilimni oʻsha kezlarda oldi. Mansur Safiyaga borini berib oʻrgatdi, uning eng yaxshi musiqachilardan biri boʻlishiga, avvalo, oʻzi ishondi, bunga shubha bilan qaraydigan Safiyani ham ishontirdi. Repetitsiyalar baʼzan tongga qadar davom etardi. Ular suhbatlashib, pianino qarshisida soatlab oʻtirgancha kuy chalib aslo charchashmasdi. Mansur kelsa, Aneydan avval Safiya yugurib-yelib unga ovqatlar tayyorlar, shu yerda ekanidan yosh bolalardek quvonardi…
***
– Ha, yangi ohang, ammo baribir siznikiligi sezilib turadi. Oʻz imzosiga ega kam sonli musiqachilardansiz.
– Aytmoqchimanki, sen ham chalgʻimasdan, mayda-chuyda tashvishlarga andarmon boʻlib umringni sovurmasdan ishlashing kerak.
– Buni unutmayman, ustoz, ‒ dedi Safiya bu soʻzdan koʻngli allanechuk boʻlib.
– Ering bilan birga qaytyapsizlarmi?
– Yoʻq, u shu kunlarda Parijda. Dam olishda, ‒ kayfiyati buzildi Safiyaning.
– Chiroyli shahar, gastrolda boʻlgandim ancha yillar avval. Sen nega birga ketmading?
– Chunki u hozir bitta aktrisa bilan birga. Aktrisani ham taniysiz, esingizdami, “Kuzgi yomgʻirlar”ga musiqa bastalab bergandingiz. Shu filmda bosh qahramonni oʻynagan qiz bilan hozir.
Mansur Abdullayev biroz oʻylanib turdi. Chamasi, uni eslashga urinardi va Safiyaning bu haqida bamaylixotir gapirayotganidan hayron edi.
– Haa, goʻzal ayol edi. Men ham jon deb u bilan dam olgan boʻlardim.
– Men bilan-chi?
– Sen bilanmi? Hm, buni jiddiy oʻylab koʻrishga toʻgʻri kelgan boʻlardi.
* * *
Mansur Navoiy shahridagi doʻstlari orqali surishtirib Safiyaning oilasi haqida xabar topdi. Oʻsha kuni tunda Safiya zolim ota-onasidan, uyidagi nosogʻlom muhitdan qochib Toshkentga kelgan ekan. Buni Aneyga tushuntirdi. Katta ehtimol bilan uni kaltaklaganlar ham ota-onasi boʻlganini qistirib oʻtdi. Aneyning Safiyaga rahmi keldi va uyida olib qoldi. Mansur esa ustozlik qilib Safiyani konservatoriyaga oʻqishga kirishga astoydil tayyorladi. U ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball bilan oʻtib, birinchi kundan eʼtiborga tushdi. Keyinchalik darslar boshlangach, Mansur Abdullayevning “shogirdi” ekanligini koʻrgan boshqa talabalar biri havas, boshqasi hasad bilan uni kuzata boshladi. Mansur Aneyning uyiga tez-tez kelib turdi, u oʻzini Safiyaga javobgar his etardi. Aney bilan odam sira zerikmasdi, Safiya bilan repetitsiya paytidagi suhbatlar tongga qadar davom etardi. Qizning tilini topgan Mansur uning fikrlaridan, isteʼdodidan hayratlanardi, garchi ularning sanʼat haqidagi qarashlari boshqa-boshqa boʻlsa-da, u bilan tortishish ham Mansurga zavq berardi. Uning yoshlikka xos tez va joʻshqinligini sevardi Mansur. Shu bilan birga, uning yonida oʻzini juda yaxshi his etardi, xuddi doim izlagan narsasini topganday, ajib bir xotirjamlik tuyardi. Mansur oʻsha paytlar hech nima haqida oʻylamasdi, ikkisining munosabatini tahlil qilmasdi toki… Oʻshanda u odaticha ishdan kech chiqdi. Oʻz uyiga borishga koʻngli tortmay, Aneyning uyi tomon yoʻl oldi. Uyga oʻz kaliti bilan kirgan Mansur hech kim yoʻqligini koʻrib hayron qoldi. Bu vaqtda ular doim uyda boʻlardi. Safiyaning xonasi eshigi ochiq, qiz uxlab yotardi. Koʻrdi-yu bir lahza undan koʻz uzolmay qoldi.
Safiya yarim yalangʻoch holatda uxlab yotardi. Uning sochlari oppoq yostiq uzra yoyilgan, bir qoʻli nimagadir uzatilganday kafti yarim ochiq holda yotoqdan pastga tushib turar, goʻyo u Mansur tomonga uzatilganday edi. Ustiga yopilgan choyshabdan oppoq yelkasi, soʻyilgan oq qovundek oyoqlari, nozik tanasi koʻrinib turardi. Safiya ayol tanasi goʻzalligining tabiiy timsoli edi! Mansur unga qancha payt qarab turganini bilmadi, oʻzini qoʻlga olgach, qanday kelgan boʻlsa shunday chiqib ketdi. U yoʻl-yoʻlakay oʻzini tahlil qila boshladi. U harakatlarini qatʼiy nazorat qila olar, har qanday vaziyatda oʻzini qoʻlga ola bilardi, faqat uni xayollarigina bezovta qilar, ularni jilovlay olmasdi.
Mansur oʻsha kunning ertasiga repetitsiyaga biroz kechikib, tund qiyofada keldi. Safiyaga eʼtibor bermaslikka harakat qilib dars boshladi. Oʻquvchilar topshiriq qilib berilgan kuyni birin-ketin ijro etishdi. Navbat Safiyaga keldi. U yaxshi chalayotgan edi. Koʻp mashq qilgani sezilardi. Bir payt uning yelkasidan yupqa sharfi sirgʻalib tushdi va oppoq yelkasi boricha namoyon boʻldi. Safiyaning tepasida turgan Mansur oʻzi xohlamagan holda koʻzlarini u yelkalardan ololmay qoldi. U qizning tanasidan taralayotgan hayotbaxsh kuchni, oqib chiqayotgan musiqani oʻzgacha, oʻziga tortuvchi iforni ham tuygandek boʻldi. Kecha tundagi holat koʻz oldida gavdalandi.
Kuy avjiga chiqib, qizning barmoqlari juda chaqqonlik bilan pianino klavishlari ustida yugurar ekan, Mansur ham oʻz xayollariga erk berardi...
– Bas, yetadi, – dedi Mansur qatʼiy. U bu gapni aslida oʻziga aytgan edi. U ortiq kuyga, toʻlib-toshib kelayotgan hislariga chidab turolmasdan xonani tark etdi. Hammasi mana shu nuqtadan boshlandi. Va yoki tugadi. Mansur shundan soʻng Safiya bilan mashgʻulotlarini toʻxtatdi. Darslarini boshqa hamkasbiga topshirdi. Aneyning uyiga ham bormay qoʻydi. Faqat Aney xafa boʻlmasligi uchungina uyiga borib turar, bu mehmondorchiliklarini ham Safiyaning konservatoriyadagi kechki mashgʻulotlari vaqtiga toʻgʻrilar, iloji boricha u bilan duch kelib qolmaslikka tirishardi. Bu oʻzgarishlarni Safiya ogʻir oldi va sababini bilishga intilib Mansur bilan gaplashishga harakat qila boshladi. Bu jarayon uzoq davom etdi, Safiya bundan iztirob chekayotgani yaqqol sezilardi. Mansur qizning oʻzini tutishi, yuz ifodasi, koʻzlaridan oʻziga nisbatan bolalarcha, hali bir qolipga solinmagan muhabbatni payqagach, masala yanada chigallashdi. Juda qiyin tanlov boʻlgandi oʻshanda.
* * *
– Paradoks. Koʻngil berganlarim mendan yuz burishgan, meni sevganlarga esa befarq boʻldim.
– Sening baxtingni oʻylab shunday yoʻl tutgandim. Takror xato tanlov qilishingni qayerdan bilay axir?
– Oʻshanda nimada xato qilgan edik? Sizning qoʻrqoqligingizdan boshqa yana nima mone edi bizning birga boʻlishimizga?
– Qoʻrquv? Oʻzimizga nomaʼlum boʻlgan hamma narsaga nisbatan begonalikni, dastlab qoʻrquvni his etamiz. Lekin sen bilan unday emas edi. Sen doim oʻzingni oldimda qarzdorday tutgansan. Buni har bir harakatingdan sezib turardim, menga boqqanda koʻzlaringda koʻrardim. Men shunchaki vijdonim buyurgan ishni qilgan boʻlsam, sen xaloskorga qaragandek qarading. Bu sevgi emas edi, yoʻq, bu qarzdorlik hissiga oʻralgan bolalik havasi edi. Men sening risoladagidek oilang boʻlishini istagandim, chunki uni senga berolmasdim, men avval karyerang uchun boshlanishida oʻsish nuqta boʻlgan boʻlsam, keyin butkul uni barbod qilishim mumkin edi. Yoʻq, gap faqat bunda emas, yoʻq. Men beqaror odam edim, senga faqat nafs koʻzi bilan qaraganman, ammo oʻsha lahzalar, ishonki, koʻzlarimni oʻygim kelardi…
* * *
Safiya chet elda oʻqish uchun grant sohibasi boʻldi. Bundan ham quvondi, ham nima qilishni, qay bir yoʻlni tanlashni bilmasdan tushkunlikka tushdi. Oxirgi ketar kunigacha Mansur bilan ochiq gaplashib olishga harakat qildi.
Lekin Safiya unga nima deyishini oʻylab koʻrmagandi, faqat ketayotganini, boshqa bu yerga qaytmasligi mumkinligini aytmoqchi edi. Ehtimol, u oʻsha kuni dars oʻtayotgan xonasidan tashqariga chiqib xayrlashganda Mansurni quchib yigʻlagan boʻlardi. “Menga qol deng, ketishni aslo istamayapman”, ‒ deya boʻyniga osilgan boʻlardi. Oʻzi kutgan soʻzlarni eshitganda, hech ikkilanmay ketish fikridan qaytgan boʻlardi, ammo Mansur Abdullayev hech nima boʻlmayotgandek talabalariga maʼruza oʻqidi.
* * *
– Oʻshanda sening porloq kelajagingni oʻylab shunday qilganman.
– Ooo, mening porloq kelajagim, ayni paytda unda yashayapmanmi yo hali yetib borolmadimmi?
– Kechir, biroq hammasiga oʻzing aybdorsan, – dedi Mansur Abdullayev va uzilgan joyidan kuyni davom ettirdi. – Nima deysan, oxirini mana shunday tugatsam boʻladimi?
– Yoʻq, yaxshisi, tugatmang. Oʻsha yoshligingizda bastalaganingizcha qolaversin, davomi borligini tinglovchi his qilsin. Yakunni kutsin…
2023-yil yanvar
Izohlar