Rashid
1
Men uyqudan turganimda, quyosh botayotgan ekan. Uygʻongach, biroz oʻtib hushimni yigʻib, oʻng va tushni farqlay boshlagach, oʻzimni goʻyo tanam meniki emasdek, ruhim bu vujudda, yerda, makonda adashib kezib yurgan ojiz bechoradek his etdim. Yoqimsiz yengillik bor edi ruhimda. Yonimda esa doimgidek sharpa oʻtirardi.
2
Ha, bu shunday boshlanayotgan kunlarimning birinchisi emas, ammo oxiri qachon? Qattiq chanqaganim va zahar tang qilgani uchun doim magʻlub boʻladiganim tanam ehtiyojlariga indamay boʻysunib oʻrnimdan turdim. Karaxtligimni yuvib chiqarish umidida muzlatkichda turgan suvni olib ichdim. Ichimga muzdek suvning oqib kirishini his qildim. Soʻng goʻyo koʻproq ichsam, u butun tanam boʻylab tomirlardagi qondek aylanishini, miyaga ham yetib borib, uni sovitishini tasavvur qilib oxirigacha koʻtardim.
Bu boshqa gap! Endi uyqum butkul oʻchgan, ammo koʻrgan tushlarim quyundek boshim uzra aylanar, hali ham uning ichida yashayotgandek his qilardim oʻzimni. Derazani ochdim, kech tushayotganiga qaramay, issiq havo “gup” etib yuzga uriladi. Yaqin atrofdan, qaysidir qoʻshninikidan pianino ovozi eshitiladi. Chalishni bilmaydigan bola shunchaki klavishlarni katta qiziqish bilan yo shunchaki ermak qilib bosib tashlagani kabi kimdir “kuy” chalardi. Birdan esladim, yaqindagina bir oila yuqori qavatga koʻchib kelgandi. Yangi qoʻshnilar. Uy egasining qizi pianino chalsa kerak, narsalarini olib kelgan katta yuk mashinasi yonida yuk tushiruvchilar bilan birga pianinosi atrofida girdikapalak boʻlib yurgandi. Balki, ehtiyot qilishlarini tayinlagandir. “Qanday ajoyib, endi pianino chalishni oʻrganayotgan oʻquvchining tinglovchisi boʻlib oʻtiramiz!” ‒ deyman tilsiz hamrohimga. “Oromimni oʻgʻirlagan bitta sen kamlik qilayotganding oʻzi. Endi ikkita boʻldinglar. Tabriklayman! Hali bor-yoʻqligini birov sezmagan qoʻshnim Lyubov kampirni koʻp eslayman, sogʻinaman, qanday yaxshi qoʻshnim boʻlgan ekan, bilmay oʻtib ketgan ekanman deyman, e, tuf-e”, – Rashid sharpaga qarab norozi ohangda toʻngʻillab-toʻngʻillab derazadan tashqariga tufladi-da, uni jahl bilan yopib qoʻydi. Baribir ovoz kelaveradi: dang-dang, dagʻ-dagʻ, sol-mol, pil-mil, taraq-sharaq, darang-marang. Bir sutkadan buyon oʻchirilgan telefonni yoqdi. Hali oʻzining issiq tafti ketmagan oʻrniga quladi. Shu bilan telefon ichiga kirib ketdi.
3
Rashid tanish kuydan sergaklandi. Qoshlarini chimirib, ikki qulogʻini ding qilib musiqani tingladi. Eslashga urindi, “Qayerda eshitganman uni?” xuddi sharpa biladigandek, unga qarata gapirdi.
– Juda tanish.
Derazani qayta ochdi (aftidan, boya ijrochi shunchaki barmoqlariga erk berib vahshiylarcha pianinoni qiynayotgan boʻlgan), endi ravon, tiniq kuy chalinayotgan edi.
‒ Musiqa xotirang qatlariga yashirib qoʻygan, yoʻqotganlaringni eslatib yuboradi…
4
Xiyobonning bir nechta joylariga oʻrnatilgan karnaylardan sokin kuy taralardi. Rashid bir tanishini kutib, sement yoʻlakning u yogʻidan bu yogʻiga betoqatlik bilan borib kelardi. Bundan zerikkach esa oʻtirgʻichga oʻtirib atrofni kuzata boshladi. Bir qiz eʼtiborini tortdi. U quyoshga yuz burgancha koʻzlarini yumib oʻtirar, harakatsiz qotgan edi. Rashid uning yoniga kelib sekingina oʻtirdi. Chekish uchun yon choʻntagidan sigaret chiqardi-yu, birdan toʻxtab qoldi, ehtimol, bu yonidagi goʻzal qizga yoqmas. Qizning yuzida oʻzgacha bir xotirjamlik bor edi. Quyosh nuri uning yuziga daraxt barglari oralab tushib turar, goʻyo quyosh aksini dengizda koʻrgan odamning yuziga issiqlik tafti urgandek Rashidning ham koʻngliga iliqlik yugurgandi. Beixtiyor unga mahliyo boʻlib qarab qoldi. Chekish fikridan qaytdi. Qiz bilan gaplashish istagi tugʻildi, lekin uning yuzidagi, qalbidagi sokinlikni chayqatib yubormaslik uchun sabr bilan jim turdi. Ungacha qanday gap boshlash, qanday tanishish haqida bir toʻxtamga keldi.
– Musiqa xotirang qatlariga yashirib qoʻygan, yoʻqotganlaringni eslatib yuboradi, a?
– Bilmadim.
– Siz tashqaridan uni berilib tinglayotganga oʻxshaysiz. Agar bezovta qilgan boʻlsam, uzr…
– Ketyapsizmi?
– Ha.
– Afsus, endi tanishmoqchi edim-a.
– Keragi yoʻq.
– Nega?
– Chunki “Annushka pista yogʻini toʻkib boʻlgan”.*
– Qaysi Annushka?
U javob oʻrniga tabassum hadya etdi.
5
Oʻsha kungi ilk uchrashuvdan keyin Rashid xiyobonga tez-tez borishga odatlandi. Vaqt topdi deguncha oʻsha oʻrindiqqa kelib uzoq oʻtirardi. Rashid aniq bilardi qiz bu yerga kelishini, chunki bunday kayfiyatdagi odamlar hamma yerni oʻzining joyi deb tanlayvermasdi, baribir shu yerga qaytadi deb ishonardi. Va u haq boʻlib chiqdi. Qiz bu yerga koʻp kelar, atrofni biroz tomosha qilib oʻtirib, qanday kelgan boʻlsa, bogʻdan shunday gʻoyib boʻlardi. Rashid uni uzoqdan kuzatib oʻtirar, bu ish oʻziga tobora yoqib, sevimli mashgʻulotga aylanib borar, oʻzi sezmagan holda unga bogʻlanib qolayotgandi. Oʻsha kuni ham kuzatib oʻtirishi mumkin edi, ammo ortiq bunday davom etishini istamadi. Rashid qiz ketayotgan yoʻlda ortidan ergashdi. Nima deb gap boshlashni bilmay, oʻngʻaysizlandi. Ahvolidan kulgisi kelib: “Sen shunaqa latta bolamiding, Rashid, oʻzingga oʻxshasang-chi”, ‒ deb ichida koyidi. Soʻng choʻntagidan tanga olib qiz tomon yumalatib yubordi. Tanga uning yonidan oʻtib, sal naridagi zinalardan dumalab tushib ketdi. Qiz qadamini tezlatib borib tangani yerdan oldi. Ortida boshqa hech kim yoʻqligi uchun Rashidga uzatdi.
– Juda beoʻxshov bolaman-da!
– Hechqisi yoʻq, – qiz jilmaydi, oʻshandagiday...
– Antikvar tanga, Misrdan olganman, oʻz qiymatidan 100 barobar qimmatga.
– Unda avaylang, oling.
– Istasangiz, sizga sovgʻa qilaman.
– Yoʻq, menga kerak emas.
– Kerak boʻlmasa, joyiga tashlab yuboring, kerak odamini kutib yotsin.
– Gʻalati odam ekansiz.
– Siz ham. Savollarga gʻalati-gʻalati javob berasiz. Kunda kelib yolgʻiz oʻtirib-oʻtirib qaytib ketasiz. Oʻzingizni sirli tutishga urinasiz. Yelkangizda olam tashvishini koʻtarib yurganday chuqur-chuqur xoʻrsinasiz. Kulishingiz bilan butun olam charaqlab yorishib ketganday tuyuladi, siz boʻlsangiz uni mendan qizgʻanasiz. Baxilsiz. Kelishgan, aqlli, xushmuomala yigit boʻlsam, axir sizni yeb qoʻymayman-ku, nega gaplashgingiz ham kelmaydi men bilan?
Qiz avval hayron boqib turdi, soʻng toʻxtamay gapirayotgan Rashidga qarab kulib yubordi. Quyosh botayotgan edi, keksa daraxtlar shoxidan qargʻalar qayergadir uchib ketdi, qolganlari esa ulardan boʻshagan joyni talashayotganday qagʻillashib shovqin koʻtarishardi.
Asila
1
Asila oʻshanda 20 yoshli, istarasi issiq, samimiy bir qiz edi. Bu yoshdagi qizlarning xunugi boʻlmaydi, chunki yoshlik bu ‒ tiriklik, uning oʻzi ‒ bari goʻzalliklarning asosi. Bu yoshdagi odamlarda yashovchanlik, orzumandlik seziladi. Ammo Asila boshqacha edi. Goʻzal va tushkun. Oʻsha kuni odaticha xiyobonda oʻtirib, bir oʻzi atrofni tomosha qildi. Soʻnggi muolajalardan keyin taxmin qilinganidek, sochlari toʻkila boshlagan, u tangadek-tangadek joylari ochilib qolgan bosh terisini yashirish uchun shlyapa kiygan edi. U qargʻalarni daraxtda u yoqdan bu yoqqa oʻtib uchishini, nimanidir boʻlisholmayotgan yosh bolalardek tortishishini kuzatib turdi-da, notanish yigitga qaradi. Uning astoydil aytayotgan gaplarini eshitib turib miyasiga gʻalati bir fikr keldi.
“Ehtimol, bu oʻshadir? Yoʻq, hali erta. Erta? Oʻzi mening kutishga vaqtim bormi? Yoʻq! Demak, bu oʻsha”.
– Nimani xohlayapsiz mendan?
– Hech nima.
– Yolgʻon gapiryapsiz.
– Rost, faqat meni eshitsangiz boʻldi. Borar manzilingizgacha kuzatib qoʻyishimga ruxsat bersangiz boʻldi. Soʻng xayrlashayotganda telefon raqamingizni bersangiz boʻldi. Shu. Qolganini keyin kelishib olaveramiz, toʻgʻrimi?
“Aniq bu oʻsha”, ‒ yakuniy, Rashidning hayotini oʻzgartirib yuboradigan xulosaga keldi Asila.
2
Rashid har kuni kasalxonaga keladigan, meni derazadan koʻrib ketadigan boʻldi. Xonamdagi guldonda har kun u keltiradigan gullar. Hali kechagisi qurishga ulgurmay yangisini olib keladi. Tiriklik. Bilaman, ramziy maʼnosi shu uning. Endi bizning har kungi sayrlarimiz yoʻq, soʻngsiz bir-biridan qiziq suhbatlar ham. Biz kezgan bogʻlarga allaqachon qish keldi. Kasallik butun tanamni egallab boʻldi. Endi faqat derazadan bir-birimizga tikilish, telefonda boʻlsa ham ovozimizni eshitib turish bor, xolos. Aytishlaricha, navbatdagi kimyo muolajasidan soʻng oʻrnimdan turishga ruxsat berishmas ekan. Demak, bu ham gʻanimat. Ichkariga kirishga ruxsat berishmaydi, oʻzim ham eng oxirida u meni bu ahvolda koʻrishini, shunday yodida saqlab qolishini istamayman. Balki, eng boshida notoʻgʻri qilgandirman. Unga tuganmas gʻamimni qoldirib ketyapman. U bunga hali tayyor emas. Oʻzim-chi? Tayyormanmi? Kim oʻlimga tayyor boʻlib oʻlgan? Faqat qochamiz, qoʻrqamiz – oʻylamaymiz. U esa doim bir qadam ortda kelaveradi. Izma-iz. Seni qoqilishing bilan yetib keladi. Mayli, nima boʻlsa boʻlar, koʻraveraman, axir nimadir qilishim kerak edi-ku, umrimda bir marta boʻlsayam his qilib koʻrishim kerak edi-ku. Kitoblarda, kinolarda sevgi hamma sinovlarni yengadi. Ehtimol, hayotda ham shunday boʻlar? Qaniydi…
3
Men urinib koʻrdim. Muhimi shu.
Kasallikning soʻnggi bosqichiga yetib kelganimni tekshiruvlardan ham oldinroq sezgandim. Shu joygacha hayot uchun kurashgan boʻlsam, keyin toʻxtadim. Buni choʻzishdan maʼni yoʻq. Bilaman, ota-onam qarshilik qilishadi, onam yigʻlaydi, har doimgidek oʻz soʻzini oʻtkazishga harakat qiladi. Ammo bu boshqa davom etishi mumkin emas! Shu fikrning kuchi bilan oʻrnimdan tura oldim. Kiyimlarimni almashtirib, sezdirmasdan kasalxonadan chiqib, uyga ketdim. Uyimizda hech kim yoʻqligini koʻrib, anchadan beri oʻylab yurgan ishimni qilmoqchi boʻldim. Roʻzgʻorning u-bu koriga xizmat qilgan, keyinchalik keraksizga chiqqan buyumlar tomda saqlanardi. Bolalikdan mening hech kimga bildirmay borib yigʻlaydigan joyim oʻsha yer edi. Hozir tepadagi eshikchaga tikilib turib unga yetolmasligimni his etdim. Endi menda narvonga chiqish uyoqda tursin, yigʻlashga ham kuch qolmagandi. Rashidni chaqirishdan boshqa iloj yoʻq.
4
– Asila, buning ichida nima bor?
– Men.
5
Rashid oxirgi vaqtlar meni savolga tutmay qoʻygan. Hamma narsani aslida shunday boʻlishi kerakdek qabul qiladi. Meni avaylashga urinadi. Uni taniganimdan beri asta-sekin oʻzgarib borayotganini kuzatib turdim. Hech nimadan hayratlanmaydi, “Nega?” ‒ deb soʻramaydi. Menga esa bu juda yoqadi. Hozir ham toqqa chiqish haqidagi iltimosimni rad etadi deb qoʻrqqandim, har holda, biroz tushuntirganimdan keyin koʻndi. Axir bu eng soʻnggi iltimosim boʻlishi mumkin.
– Uzoqlashib ketyapmiz.
– Qayerdan?
– …
– Kasalxonadanmi?
– Sening charchab qolishingni xohlamayman.
– Oʻzingizni oʻylang. Hali yukxonadagi sandiqni qirga olib chiqishingiz kerak.
– Ichida nima bor?
– Aytdim-ku boya.
– Xoʻp, bu yogʻi kengliklar, ana, sen aytgan togʻlar. Qoʻl choʻzsang yetgudek yaqin koʻrinadi-ya? Aslida esa juda uzoqda. Xoʻsh, sandigʻingizni nima qilamiz, Zumradim?
– Koʻmamiz. Shu kengliklarga, togʻlar poyiga. Erkinlik qabristoniga dafn etamiz.
Rashid maʼnoli qarab qoʻydi menga, biroq indamadi. Sandiq ogʻir, bir oʻzi koʻtarolmasdi. Yordam berishimga qoʻymay, uni sudrab tepalikka koʻtarila boshladi. Men esa uning ortidan bosgan qadamimizni sanab ketardim: “1, 2, 3, … 100, 143, 250…”
– Nimani sanayapsan?
– Qadamlarimizni. Bir kuni shu yerga meni izlab kelasiz, topishga qiynalmasligingiz uchun aniq joyini bilib, belgilab qaytmoqchiman.
Rashid birdan toʻxtadi. Tirishgan peshonasida dona-dona ter koʻrinardi.
– Asila, jonim, boʻldi qil. Bunaqa narsalarni gaplashmaslikka kelishgandik-ku.
6
– Menimcha, shu yer boʻladi, – dedi Asila atrofni tomosha qilarkan.
Birozdan keyin Rashidni qiziqtirib kelayotgan sandiqni ochib ichidan ketmon oldi. Unga: “Siz qaramay turing”, ‒ dedi yosh bolalardek. Rashid qaramadi, u ketmonni qoʻliga olib yer kavlashni boshladi. Asila esa bu paytda sandiq ichidagi yillab yigʻgan buyumlarini koʻzdan kechirdi.
“Mana balerinalar oyoq kiyimi. Qanchalar balerina boʻlishni orzu qilgan edim-a! Dadamning “Bizni oilaning ayollari yo oʻqituvchi boʻladi, yo uyda oʻtiradi” degan gapidan soʻng hammasini yigʻishtirgandim. Bular-chi? Ana velosipedim qoʻngʻirogʻi, “Endi katta qiz boʻlib qolding”, ‒ deb haydashga ruxsat berishmadi. Undan faqat shu jiring-jiring qoʻngʻiroq qolgan. Mana men borolmagan konsyertlar biletlari. Havaskor ijrochilar uchun tanlov eʼloni, havas-la tiktirib, bir marta ham kiymaganim bayram koʻylagi, mikrofon, kundaliklar, rasmlar, hech qachon bormaydigan shaharlarim suratlari, dengiz toshlari… Rad etilgan istaklarim, sindirilgan orzularim bilan toʻla bu sandiq. Unga berkinib yigʻlaganman, koʻzyoshlarim izi bor devorlarida”.
Asila ular bilan chin dildan xayrlashdi. Soʻng choʻntagidan Rashid yozgan xatlarni, sovgʻa qilgan tangasini olib buyumlarga qoʻshdi. Va sandiq qopqogʻini yopdi. Birgalikda uni tepalikka koʻmishdi.
– Bitta tosh yetishmayapti, – dedi Asila Rashidning koʻksiga bosh qoʻyib. U juda charchagan edi.
– Tosh shart emas. Odamlar qabrtoshni boshqa qabrlardan ajralib turishi uchun qoʻyishadi.
– Yoki oʻlgan odam haqida xabar qoldirish uchun.
– Bizning sandigʻimizga bularning keragi yoʻq-ku, toʻgʻrimi?
– Toʻgʻri, siz uni bu yerlardan topa olasiz. Boshqa birov bilmasin…
Rashid
6
Xonamdan qandaydir bir kuch tashqariga tortib chiqardi. Tanish kuyni tinglab yuqori qavatga koʻtarildim. Sharpa ham ortimdan ergashdi. U doim meni taʼqib etib yurar, sira ortimdan qolmasdi. Baʼzan orqaga qarashga yurak betlamaydi, bilaman, u shu yerda. Soʻzsiz, sas-sadosiz ergashib yuraveradi. Bora-bora unga koʻnikib ham ketdim, goʻyo bor-yoʻqligi menga ahamiyatsiz hamrohdek. Ammo nomaʼlumlik, bular oʻz-oʻzidan sodir boʻlmayotganini sezish, sababini bilolmaslik xotirjamligingni oʻgʻirlab, kasal qilarkan. Koʻzimni ochsam, tepamda yoqaqalpogʻi butun yuzini yopib, uzun qora yopinchiqda oʻtirgan boʻladi. Vujudi yoʻq, u faqat ruhning oʻzidan iboratdek. Qanday dahshat, a? Lekin u yonimdaligida sira qoʻrquvni his etmayman, goʻyo u oʻzimning odamimdek! Hayotimda sodir boʻlayotganlarini doim nazorat qilganman, tahlil etganman, hisobga olganman, bular oʻz-oʻzidan emasligini bilaman. Men nimadir qilishim, davolanishim yoki ruhiy ahvolimni tahlil etishim kerak. Meni arvohning mavjudligi emas, nomaʼlumligigina bezovta qilardi. Oʻyga botirib, hech ish qilmasam ham, charchatar, sillamni quritardi. Bir kun u butunlayga yoʻqolib qolsa, hayron boʻlmayman, biroq nimaga kelgani va ketgani sababini bilmasligim qiynaydi. U mendan boshqa hech kimning koʻziga koʻrinmaydi. Shundan dastlab jinni boʻlganman deb oʻylay boshladim. Men bu dunyoda yashayverib qachondir jinni boʻlib qolishim mumkinligini bilardim, ammo bunchalik tez yuz beradi deb oʻylamagandim. Axir men necha yoshga kirdim? Yigirma besh! Yigirma besh-a! Zinama-zina koʻtarilganim sari kuy aniqroq eshitilardi. Yana, yana va yana. Oʻsha eshik qarshisidaman. Taqillatdim. Kuy uzildi. Shundagina umuman notoʻgʻri ish qilayotganimni tushundim. Nima deyman endi? Ortga qaytishga kech boʻlgandi. Eski yogʻoch eshik sekin ochildi. Undan bir qizcha bosh chiqardi.
– Siz kimsiz?
Men turgan joyimda qotib qolgandim, javobga tilim aylanmasdi. U... uning maʼsum koʻzlari... menga kimnidir eslatib yubordi. Bu kuy esa uni ilk koʻrganimda xiyobon karnaylaridan yangrab turgandi...
7
Men bu yerni umuman unutgan ekanman. Aslida ham unutmoqchi boʻldimmi, esda yoʻq. Asila hali bu yerga kelasiz degandi, keldim. 34-qadam 35... sharpa ham menga hamroh boʻlib yoʻl bosadi, 100, 200... Mana oʻsha joy. Choʻkibdi. Oʻt-oʻlan bosib, yer oʻziniki qilibdi. Kavlayman, tirnoqlarimga tuproq toʻladi, ogʻriydi, qonaydi, men yer timdalashdan toʻxtamayman. Nihoyat oʻsha sandiq qopqogʻiga yetib boraman. Bir lahza toʻxtab nafas rostlab, muqaddas bir narsa qarshisida turgandek tin olaman. Ichida nima boʻlsa ham, oʻzimni yoʻqotib qoʻymayman, nima boʻlsa ham. Oʻzimga shunday deb vaʼda berib ochaman! Kiyim, daftarlar, qogʻoz eʼlonlar, boʻyalgan yassi toshlar, rasm, qurigan gullar, tanish ifor. Hamon yoʻqolmagan oʻsha aziz ifor… Maktublarim. Unga yozgan xatlarim. Charchab, ilma-teshik boʻlib ketgan, quroq ruhim toʻkilishni istab yiqilaman. Shuncha yillardan buyon toʻkmagan yoshlarim oʻz-oʻzidan sizib chiqadi. Achchiq yoshlar. Yigʻlayman, oʻkirib-oʻkirib. Hech kim eshitmaydi, yupatmaydi, ohhh, qanday ogʻriqli rohat bu! Faqat togʻlar, oʻsha togʻlar akssado berib, men bilan qoʻshilib yigʻlashadi…
...Oʻsha tun Rashid sandiqda tunadi. Tongda koʻz ochib Asilaning kundaligini oʻqib chiqdi. Soʻng sandiqni qayta koʻmdi. Undan faqat velosiped qoʻngʻirogʻini oldi. Ortga qaytarkan, uni endi sharpa taʼqib qilmayotganini sezdi. U yoʻq edi. Qoʻngʻiroqni chaldi, tong sokinligini parchalab, goʻyo butun dunyoni jaranglatib akssadosi oʻziga qaytdi.
8
Rashid xonasidagi faqat oʻziga kerakli narsalarni yigʻdi. Qolgani qoldi. U koʻchib ketayotgan edi. Ishlarini tugatgach, xonalarga yana bir marta qarab chiqdi. Qanday kunlarni yashadi bu uyda. Ehh! Yuqori qavatga chiqib oʻsha qizil eshikni yana taqillatdi. Bu safar uni bir ayol ochdi.
– Assalomu alaykum, yaxshimisiz? Men pastki qavatda yashagan qoʻshningizman. Sizlar yaqinda koʻchib keldingizlar, men esa ketyapman. Qachon qaytishim nomaʼlum. Ehtimol, qaytmasman ham. Oʻzim bilan olib ketolmayotgan kitoblarimni, buyumlarimni qizingizga bermoqchiman. Unga foydasi tegar.
– Rahmat, ammo uning hamma narsasi bor, keragini oʻzimiz olib bera olamiz.
– Maylimi oʻzi bilan gaplashsam?..
Ayol istamaygina turdi-da, qizini chaqirdi.
– Hey qizcha, salom. Meni esladingmi? – uning boʻyi bilan tenglashish uchun yerga choʻkdi Rashid. – Koʻchib ketyapman. Shunga kitoblarimni senga qoldirmoqchiman, kitob oʻqishni yaxshi koʻrasan-ku, toʻgʻrimi?
– Ha.
– Velosipedimni ham senga beraman. Hali yangi, ajoyib qoʻngʻiroqchasi bor.
– Rostdanmi?
– Va yana koʻp qiziq narsalarim bor, bir paytlar dunyo kezardim, har borgan shahrimdan esdalikka nimadir olardim. Hammasini senga qoldiraman. Faqat bir iltimos. Ulardan foydalan, kitoblarni albatta oʻqi, bir burchakda chang bosib yotmasin, kelishdikmi?
– Kelishdik.
– Sen katta boʻlsang musiqachi boʻlmoqchisan-a?
– Ha, lekin bilmadim, mendan yaxshi pianinochi chiqmasa kerak.
– Yoʻq-yoʻq, unday dema. Zoʻr musiqachi boʻla olasan! Oʻsha kuni uylaringga yaxshi chalayotganing uchun rahmat aytgani chiqqandim. Oʻzingga ishon, nima boʻlishidan, kim nima deyishidan qatʼi nazar, doim maqsadingga intil. Sen hali katta sahnalarda konsyert berasan-ku, oʻshanda men ham kelaman. Old qatorda ota-onang, doʻstlaring yonida oʻtirib seni tinglayman. Yaxshi oʻqigin, faqat hayoting davomida orzularingdan ishlatilmaydigan buyumday kechib yuborma! Esingda tursin, kichkina Mosart, sening hozirdan bitta muxlising bor. U ham boʻlsa men…
Rashid velosiped qoʻngʻiroqchasini qizchaning qoʻliga tutqazdi.
– Aytganlarimni unutmaysanmi?
– Yoʻq.
Rashidga uning koʻzlaridan Asila xursand qarab turganday tuyuldi.
Izohlar